Wikistipendiya: birinchilikka erishgan loyiha yoxud madaniyat
Tashkil etilganiga qariyb bir yil boʻlayotgan loyiha qisqa muddat ichida oʻzbekcha vikipediyaning "taqdir"ini oʻzgartirishga muvaffaq boʻldi. Maʼlum boʻlishicha, oʻzbekcha vikipediya butunjahon vikipediyalar reytingida kuchli oʻntalikka kirishi uchun maqolalar soni milliontadan oshishi kerak.

WikiStipendiya — oʻzbekcha vikipediyadagi kontentni yaxshilashga qaratilgan loyiha. Mazkur loyiha Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2019 yilda oʻzbek tilining internetda munosib oʻrinni egallashini taʼminlash borasida chiqargan farmoni asosida yoʻlga qoʻyildi.
Yoshlar ishlari agentligi yirik mukofot jamgʻarmasiga ega viki-marafonni yoʻlga qoʻyishga qaror qildi hamda Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, Yosh ijodkorlar kengashi bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻydi.
Tashkil etilganiga qariyb bir yil boʻlayotgan loyiha qisqa muddat ichida oʻzbekcha vikipediyaning "taqdir"ini oʻzgartirishga muvaffaq boʻldi.
Tinimsiz mehnatlar va kuchli ishonch natijasida oʻzbek tilidagi maqolalar soni 233 mingdan oshib, butunjahon vikipediyalar tizmasida 45-oʻringa koʻtarildi.
Shu bilan birga, qozoqcha vikipediyani ortda qoldirib, Markaziy Osiyodagi vikipediyalar ichida birinchi oʻringa chiqdi.
Loyiha faollarining aytishicha, WikiStipendiya marafoni tashkil etilishidan asosiy maqsad internetda oʻzbekcha maʼlumotlarni koʻpaytirish bilan bir qatorda aholining vikipediyaga boʻlgan qiziqishini oshirish va boshqa davlatlarda boʻlgani kabi vikipediyaga maqola kiritish madaniyatini shakllantirishdan iborat boʻlgan.
Darhaqiqat, ushbu maqsadlar ortidan, WikiStipendiya loyihasi doirasida shu kunga qadar har biri 7 kundan iborat 3 ta vikioromgoh tashkil etildi.
Birinchisi 2022 yilning avgust oyida, ikkinchisi noyabr va uchinchi vikioromgoh joriy yilning aprel oyida oʻtkazildi.
Shohruh RAHIMBOYeV, loyiha bosh koordinatori:
"Birinchi oromgohda 7 mingta, ikkinchisida 24 mingda, uchinchisida esa qatnashuvchilar 80%i asosan yangi qoʻshilganlar boʻlganligi uchun 14 mingga yaqin maqolalar kiritildi".
Loyiha bosh dizayneri Muhammadxon YuSUPOVning taʼkidicha esa, loyihada ishtirokchilarga "maqola" soʻzini tushuntirishga, maqola kiritish madaniyatini shakllantirishda qiyinchiliklar boʻlgan.
Maʼlumot oʻrnida:
Marafonda mustaqil ravishda maqola yozish va boshqa tillardagi materiallarni tarjima qilishga ham ruxsat berilgan edi.
Faqat ustuvor yoʻnalish sifatida tabiiy fanlar, geografiya, muhandislik va texnologiya, ijtimoiy fanlar, falsafa, tarix, madaniyat va sanʼat, shuningdek, oʻyinlar va sport yoʻnalishlari tanlab olingan.
Loyiha ijodkorlari bergan maʼlumotlarga koʻra, loyihaning 2022 yil 2-mavsumida Oʻzbekistondagi barcha tepaliklar haqida maʼlumotlar joylangan. 3-oromgohda esa yurtimizdagi barcha qishloqlar haqidagi maʼlumotlar kiritilgan.
Maʼlum boʻlishicha, oʻzbekcha vikipediya butunjahon vikipediyalar reytingida kuchli oʻntalikka kirishi uchun maqolalar soni milliontadan oshishi kerak.
Loyiha bosh koordinatori Shohruh RAHIMBOYeVning aytishicha, endilikda 7 oyda bir emas, har oy marafon tashkil etiladi. Bu marafon hududlar doirasida tashkil etilib, har oyda bittadan viloyatga boriladi. Va oʻsha hududga taalluqli barcha maʼlumotlar vikipediyadan joy oladi.
Bundan tashqari, vikipediyaga 3 turdagi – tanlangan, yaxshi, xushsifat maqolalar mualliflariga gonorar berish tizimi ham yoʻlga qoʻyiladi.
Loyiha bosh dizayneri barchani oʻzingiz uchun foydali boʻlgan maʼlumotlarni boshqalarga ham ulashishga chaqirmoqda.
Odinaxon DEHQONOVA tayyorladi.