Tojikistonga Oʻzbekiston aerodromlaridan foydalanishga ruxsat berildi
Bugun senatorlar maʼqullagan qonunga koʻra, fors-major holatlari yuzaga kelgan taqdirda tomonlar davlat havo hududini qisqa muddatli kesib oʻtishga, oʻz aerodromlaridan biriga zaxira sifatida qoʻnish uchun ruxsat berishga haqli.

Senatning qirqinchi yalpi majlisida “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Tojikiston Respublikasi Hukumati oʻrtasida fors-major holatlarda davlat aviatsiyasi havo kemalari tomonidan havo hududi va aerodromlardan foydalanish sohasida oʻzaro hamkorlik toʻgʻrisidagi Bitimni (Dushanbe, 2021 yil 10 iyun) ratifikatsiya qilish haqida”gi Qonun koʻrib chiqildi.
Mazkur bitimning asosiy maqsadi fors-major holatlarda davlat aviatsiyasi havo kemalarining havo hududi va aerodromlardan foydalanish sohasida oʻzaro hamkorlik qilishning yagona tartibini belgilashdan iborat.
Hujjatga muvofiq, fors-major holatlari yuzaga kelgan taqdirda tomonlar davlat havo hududini qisqa muddatli kesib oʻtishga, oʻz aerodromlaridan biriga zaxira sifatida qoʻnish uchun ruxsat berishga haqliligi nazarda tutilgan.
Hujjatning ratifikatsiya qilinishi parvozlar xavfsizligini yanada taʼminlashga xizmat qiladi.
Senatorlar mazkur Bitimning ratifikatsiya qilinishi ikki mamlakat oʻrtasidagi konstruktiv va oʻzaro manfaatli hamkorlikning mantiqiy davomi boʻlishini, bu mintaqaviy xavfsizlikni taʼminlash, shuningdek, butun Markaziy Osiyo mintaqasining barqaror rivojlanishiga xizmat qilishini taʼkidladi.
Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.