Soliqchilarning tashabbusi yashirin iqtisodiyotga yoʻl ochmasligiga kafolat bormi?

Mamlakatimiz soliqchilari tashabbusi bilan qonunchilikka kiritilgan oxirgi oʻzgartirishlardan nafaqat jamoatchilik, balki Markaziy bank ham xavotirdaligi maʼlum boʻldi.

Jamiyat
4-may 2023 yil
Soliqchilarning tashabbusi yashirin iqtisodiyotga yoʻl ochmasligiga kafolat bormi?

Mamlakatimiz soliqchilari tashabbusi bilan qonunchilikka kiritilgan oxirgi oʻzgartirishlar tadbirkorlarni ham, bank kartalari foydalanuvchilarini ham ogʻir ahvolga solib qoʻyishi mumkin.

Gap shundaki, Iqtisodiyot va moliya vazirligi soʻnggi paytlarda soliq tushumi pasayib ketayotgani haqida bong urib kelayotgandi.

Soliqchilar hamma muammo tadbirkorlarning mijozdan pul olishda bank kartalaridan faol foydalanayotganida, degan xulosaga keldi va rahbariyatni bunga ishontirishga urinmoqda.

Ularning iddao qilishicha, kartadan kartaga oʻtkazilayotgan pullar kassa apparatlarini aylanib oʻtayotgani bois soliqqa tortilmay qolmoqda va pirovardida soliq tushumlari ham kamaymoqda.

Xoʻsh, bunday sharoitda nima qilish mumkin?

Soliqchilarimiz sohadagi siyosatni takomillashtirish oʻrniga ushbu muammoga eskidan qolgan uslubda yondoshishdi: qoʻldan chiqqan chipqonni davolash, uning sabablarini oʻrganib, boshqa paydo boʻlishiga yoʻl qoʻymaslik choralarini koʻrish oʻrniga, qoʻlni tagi bilan kesib tashlashni maʼqul koʻrishdi.

Yaʼni, kartadan kartaga oʻtkazilayotgan pullar haqidagi maʼlumotlarni olish huquqini qoʻlga kiritishdi. Bu pullarni daromad deb hisoblab, soliqqa tortish afzalligiga mutasaddilarni ishontirish va tegishli qonun osti aktlarini chiqartirib olishga ham ulgurishdi.

Albatta bu borada tizim faollariga kartadan kartaga pul oʻtkazish, yaʼni R2R nazorati baribir ish bermasligini, soliqdan qochuvchi tadbirkorlar endi kartani emas, naqd pulni olishga oʻtishlarini tushuntirib boʻlmaydi.

Yana har doimgidek ssenariy qaytariladi – avval biror noqis qonun chiqarishadi, agar xalq chidab bersa yoki vaziyat sal boʻlsa-da yaxshilansa, aqllarining oʻtkirligidan mamnun boʻlib, bundan battar tashabbuslarga ham qoʻl urishadi.

Ularga bank siri nimaligini aytishning esa umuman foydasi yoʻq.

Bank siriga oid maʼlumotlar, jumladan, R2R axborot bazasi uni qoʻlga kiritgan va nazorat qiladigan shovvozlar uchun katta imkoniyatlar beradi.

Oʻzlariga yoki tanish-qarindoshlariga yoqmagan odamlarning surobini toʻgʻrilash, yoki biror tadbirkorning raqobatchisiga “yordamlashib yuborish” uchun bu maʼlumotlar  qanchalik asqotishini esa tasavvur ham qila olmaymiz.

Albatta ijtimoiy tarmoqlar bu qarordan norozilik va gʻazabdan boʻgʻriqib qaynamoqda (garchi ularning fikrini hech kim  inobatga olmasa ham).

Markaziy bank Boshqaruvining bugungi yigʻilishida ham koʻndalang qoʻyilgan savollardan biri shu boʻldi.

Iqtisodiyot va moliya vazirligining jismoniy shaxslar bank kartalari orqali amalga oshirilgan pul oʻtkazmalarini nazorat qilish tashabbusi haqida soʻraldi.

Markaziy bank Raisi Mamarizo Nurmuratovning bildirishicha, idora bu borada vazirlikka oʻz salbiy qarashlarini yetkazgan.

“R2R oʻtkazmalari boʻyicha bank siriga oid maʼlumotlarning soliq organlari nazoratiga oʻtishi boʻyicha Markaziy bank Iqtisodiyot va moliya vazirligiga oʻzining salbiy qarashlarini yetkazgan.

Bu boʻyicha Markaziy bank pozitsiyasi OAVlarda yangrayotgan fikrlardan koʻra qatʼiyroq”, – deydi Nurmuratov.

Markaziy Bank boshqaruvining bu bayonoti shunchaki vahimani pasaytirish uchun aytilgandek koʻrinadi.

Bu soʻzlar tanqid hamda noroziliklar bosimini yengillatib, xalqni chalgʻitish uchun xizmat qiladi xolos.

Chunki qonunchiligimiz tajribasidan maʼlumki, bizda biror guruhning manfaatalarni (xalq va davlat zarariga) himoya qiluvchi qonun va qarorlarni chiqarish oson.

Ularni bekor qilishga esa yillab vaqt hamda tonnalab asab  ketadi. Bu orada xalq va davlat misli koʻrilmagan zarar koʻradi.

Hatto bu qaror xato ekani aniqlanib, bekor qilishga rozilik berishganida ham toʻliq bekor qilinmaydi.

Xuddi saraton operatsiya qilinsa boshqa aʼzolarda va qonda qolib ketadigan metastazalar kabi bu noqis qonunlarning ayrim elementlari ham taraqqiyotimizga gʻov boʻlishda davom etaveradi.

© 2024 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+