Hozir “Tolibon” bilan munosabat oʻrnatish vaqti emas – BMT Bosh kotibi

Qatar poytaxtida Afgʻoniston boʻyicha oʻtkazilgan Xalqaro konferensiyada “Tolibon” harakati rasman tan olinmadi. BMT tomonidan tashkil etilgan, Afgʻoniston oldida turgan muammolar yuzasidan konsensusga erishishga bagʻishlangan ushbu anjumandan soʻng BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish “hozir “Tolibon” bilan munosabat oʻrnatish vaqti emas”, deya bayonot berdi.

Jahon
4-may 2023 yil
Hozir “Tolibon” bilan munosabat oʻrnatish vaqti emas – BMT Bosh kotibi

"Bu uchrashuv “Tolibon”ni de-fakto tan olish emas, balki umumiy xalqaro yondashuvni shakllantirish maqsadida tashkil etildi", — degan Bosh kotib.

Yopiq formatda oʻtkazilgan mazkur xalqaro anjumanda 20 ga yaqin davlatlarning vakillari ishtirok etishdi. Konferensiya Afgʻoniston oldida turgan muammolar – gumanitar inqiroz, ayollarning huquqlarini taʼminlash va terrorchilikka qarshi kurash masalalarida xalqaro “oʻyinchilar”ning harakatlarini muvofiqlashtirishga qaratilgan.

Guterrish “Tolibon” rahbariyatining ayollarning huquqlariga tajovuz qilayotgani, jumladan, xotin-qizlarning maktab va oliy oʻquv yurtlarida taʼlim olishlari taqiqlanganini qattiq qoraladi. Bu cheklovlar toliblar bilan rasmiy aloqalar oʻrnatishga toʻsqinlik qilayotgan asosiy muammolardan biri boʻlib qolmoqda.

"Al-Jazira"ning muharrirlaridan biri Jeyms Beys Doxadan amalga oshirgan reportajlaridan birida konferensiya biror sezilarli natijaga erishmaganini taʼkidladi. Beysning soʻzlariga koʻra, anjumanda, ehtimol, 3-6 oydan keyin yana bir shunday anjuman oʻtkazish eʼlon qilingan xolos.

Toliblar ushbu 2 kunlik xalqaro konferensiyaga taklif etilmaganidan norozilik bildirdi. “Tolibon”ning BMTdagi vakili Suxeyl Shaxinning aytishicha, Afgʻonistondagi muammolar faqat toliblar ishtirokida muhokama qilinishi lozim.

© 2024 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+