Endi Oʻzbekiston-Qirgʻiziston chegarasidan ID-karta bilan oʻtish mumkin boʻladi
Qirgʻiziston Jogorku Keneshining deputatlari "Qirgʻiziston hukumati va Oʻzbekiston hukumati oʻrtasida fuqarolarning oʻzaro sayohati toʻgʻrisida 2006 yil 3 oktabrdagi Bitimga oʻzgartirishlar kiritish haqidagi bayonnomani ratifikatsiya qilish haqida"gi qonun loyihasini uch oʻqishda qabul qildi.

Kelishuv 2023 yil 27 yanvarda Bishkek shahrida imzolangan edi.
Qirgʻiziston Respublikasi tashqi ishlar vaziri oʻrinbosari Almaz Imangaziyevning taʼkidlashicha, tomonlarning yuqoridagi Bitimga oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisidagi bayonnomasi fuqarolarning ikki davlat hududiga kirishi, chiqishi, tranzit oʻtishi, harakatlanishi va boʻlib turishi uchun hujjatlar roʻyxatini yangilashni nazarda tutadi. Uning soʻzlariga koʻra, oʻzgartirishlar kiritish zarurati Bitim ishtirokchi davlatlari tomonidan biometrik pasportlarni joriy etish va ulardan foydalanish bilan bogʻliq. Protokolning ratifikatsiya qilinishi ikki davlat fuqarolarining oʻzaro sayohatlari uchun qulay sharoit yaratadi, chunki u davlatlarning hududiga kirish, chiqish, tranzit qilish, harakatlanish va boʻlish uchun ID-kartadan yoʻl hujjati sifatida foydalanishni nazarda tutadi.
Taʼkidlash kerak, Oʻzbekiston fuqarolari Qirgʻizistonda 60 kungacha vizasiz yura olishi mumkin.