“Aktivist”asoschisi ozodlikka chiqdi
“Aktivist” loyihasi asoschisi Hojiakbar Nosirov 15 sutkalik qamoqdan soʻng ozodlikka chiqdi, deb xabar bermoqda Platina.uz manbasi.

U 8 aprel kuni Shayxontohur IIBga chaqirilgan va shu boʻyicha uyiga qaytib kelmagandi. Keyinroq maʼlum boʻlishicha, sud unga 15 kunlik maʼmuriy qamoq jazosi tayinlagan.
Nosirov milliy, irqiy, etnik yoki diniy adovatni uygʻotuvchi materiallarni tayyorlash, saqlash yoki tarqatishda ayblangandi. U oʻz chiqishlarida bir qator kompaniyalarga tegishli yogurt mahsulotlarida dinda harom sanalgan moddalar borligini aytib, sotib olmaslik va isteʼmol qilmaslik tavsiyasini bergan edi.
Taniqli jurnalist Karim Bahriyev Platina.uz saytiga bergan intervyusida ham uning juda tezkorlik bilan qamalishiga shubha bilan qaragandi.
"Aslida biz, blogerning muayyan firmaning yogurti haqidagi fikri ishlab chiqaruvchiga zarar yetkazgan, deb hisoblangan taqdirda kompaniyalar blogerni sudga bergan boʻlishi mumkin, deb oʻylaganmiz. Huquq-tartibot idoralari “yuzlarini saqlash uchun” birorta shunday kompaniyadan ariza olib ham oʻtirishmagan. Bu holat jamoatchilikni “Activist” loyihasi asoschisiga berilgan jazoda diniy adovatdan koʻra koʻproq shaxsiy adovat borga oʻxshaydi, degan fikrga ham olib keladi", degandi Bahriyev.