platina.uz

Rossiya fuqarolari Buxorodagi Mir Arab madrasasida yana oʻqishlari mumkin

Buxorodagi bu madrasada sobiq ittifoqning deyarli barcha mashhur Islom ulamolari va diniy arboblari tahsil olgan. Sobiq ittifoq parchalanganidan soʻng rossiyalik musulmonlar Buxoroga taʼlim olish uchun kelmay qoʻyishgandi.

Jamiyat
31-may 2023 yil
Rossiya fuqarolari Buxorodagi Mir Arab madrasasida yana oʻqishlari mumkin

Nihoyat 32 yillik tanaffusdan soʻng Rossiya fuqarolari yana diniy taʼlim uchun Oʻzbekistonga kelishmoqda. Rossiyadagi koʻplab musulmon diniy arboblar sobiq ittifoq davrida Buxorodagi Mir Arab madrasasida taʼlim olishgan. Bu haqda Rossiya musulmonlari diniy assambleyasi rahbari muftiy Albir Krganov maʼlum qildi.

"Biz Oʻzbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Nuriddin Xoliqnazarov bilan Mir Arabda rossiyalik talabalarni oʻqitish imkoniyatini kelishib oldik. Hozir afsonaviy madrasada chuvashistonlik talabalar bilan birgamiz. Bungacha yigitlar Qozon shahridagi Muhammadiya madrasasida boshlangʻich islomiy taʼlim olishgan. Yaqinda Buxoroda taʼlim sharoitlari bilan tanishdik, kerakli suhbatlar oʻtkazildi. Rossiyalik talabalar 32 yillik tanaffusdan soʻng mehmondoʻst Oʻzbekiston zaminiga qaytishmoqda”, dedi Krganov.

Krganov, shuningdek, u nega rossiyaliklar Mir Arabda tahsil olishni toʻxtatishga majbur boʻlishganini tushuntirib berdi:

“SSSR parchalanganidan soʻng turli sabablarga koʻra rossiyalik musulmonlar Buxoroga taʼlim olish uchun kelishni toʻxtatdilar. Ha, Oʻzbekistonda (diniy vaziyat) ogʻir ahvolda edi. Biz hammamiz Saudiya Arabistoni, Qatar, Kuvayt va boshqa joylardagi diniy taʼlim markazlariga oshiqdik. Lekin Buxoroda Misr yoki Turkiyadagidan ham yaxshi dars berishadi. Biz yana qaytyapmiz”, dedi muftiy Krganov.

Rossiyalik muftiyning qoʻshimcha qilishicha, Rossiyaning hozirgi muftiylari – maʼnaviyat idoralari rahbarlari Talʼat Tojiddin, Ravil Gaynutdin, Ismoil Berdiyev, Rossiya qahramoni Ahmad Qodirov va boshqa koʻplab muftiylar Mir Arabda tahsil olishgan.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+