Har olti soniyada bir oʻlim: pandemiyalaru urushlar qurbonlari sonini ortda qoldiruvchi ofat

Pandemiyalar-ku 1-2 yilda oʻtib ketadi. Urushlar qachondir barham topadi. Bu qurbonlar har yili kuzatilmaydi. Biroq yana bir ofat borki, u yuqorida zikr etilgan barcha falokat va xastaliklarining qurbonlari jami yigʻindisidan ham koʻproq qurbonga olib keladi.

Maqola
31-may 2023 yil
Har olti soniyada bir oʻlim: pandemiyalaru urushlar qurbonlari sonini ortda qoldiruvchi ofat

Bugun, 31 may – Butunjahon tamakisiz yashash kuni. Ayrim faktlar borki, ishonish qiyin, ammo haqiqat. JSST maʼlumotlariga koʻra, har yili 8 milliondan ziyod kishi tamaki sababidan hayotdan koʻz yumadi. Hatto Covid-19 xastaligi oʻlimga olib kelgan, ogʻir kechgan va asorati qolgan bemorlarning aksariyati tamaki isteʼmol qiluvchi kashandalar boʻlgan.

Jahon sogʻliqni saqlash tashkilotining (JSST) maʼlumotlariga koʻra, (https://ura.news/news/1052621826) har yili respirator xastaliklar, jumladan grippdan oʻrtacha 650 ming kishi vafot etadi. Juda qoʻrqinchli hamda vahimali kechgan Covid-19 pandemiyasidan jahon boʻyicha statistika maʼlumotlariga qaraganda, 1,8 million kishi, norasmiy maʼlumotlar bilan birga, maksimal olganda 6 million kishi halok boʻlgan.

Urushlarda oʻlganlar statistikasini olsak, Birinchi jahon urushi janglarida jami 9 millionga yaqin kishi oʻlgan, tinch aholidan esa 5 million kishining yostigʻi qurigan.

Ikkinchi jahon urushida esa dunyo boʻyicha jami 40 millionga yaqin kishi halok boʻlgan.

SSSR Afgʻonistonga bostirib kirib, 1979-1989 yillar davomida urushganida 15 ming sovet askari halok boʻlgan. Rossiya Ukrainaga bostirib kirganidan beri esa, 1,5 yil davomida jami 400 mingga yaqin kishi halok boʻldi.

Pandemiyalar-ku 1-2 yilda oʻtib ketadi. Urushlar qachondir barham topadi. Bu qurbonlar har yili kuzatilmaydi. Biroq yana bir ofat borki, u yuqorida zikr etilgan barcha falokat va xastaliklarining qurbonlari jami yigʻindisidan ham koʻproq qurbonga olib keladi. Afsuslanarlisi, bu raqam har yili muntazam oʻsib bormoqda. Ayanchlisi, bu falokat hamon bardavom, u hali-beri toʻxtamaydi. Bu dahshatli ofatning nomi – tamaki!

Tamaki qayerdan kelib qoldi?

Tamaki aslida "kelgindi" bir oʻsimlik. Avval faqat Amerika qitʼasida oʻsgan. Bu oʻsimlik barglari mahalliy qizil tanli aholi tomonidan sevib chekilishini koʻrgan dengizchi va kashshof Xristofor Kolumb 1492 yilda uni birinchi boʻlib Yevropaga olib kelgan. Keyinchalik, Rim katolik cherkovi tamaki chekuvchilarni shayton bilan aloqalarda ayblashiga qaramasdan, ispanlar va portugallar Amerikadan tamakining urugʻlarini ham Yevropaga keltirib, keng miqdorda ekishni boshlab berishgan.

XVI asrda tamaki oʻsimligiga Fransiyaning Portugaliyadagi elchisi Jan Niko (1530-1600) sharafiga Nicotiana deb atalgan. Hozirda esa tamakida mavjud asosiy taʼsir qiluvchi modda nikotin deb ataladi.

Tamakining Yevropada va keyinroq Turkiya orqali Osiyoda tarqalishiga davlat rahbarlari ham bilvosita hissa qoʻshishgan. Masalan, 1561 yilda Fransiya qirolichasi Yekaterina Medichi oʻzining Lissabondagi elchisi Jan Nikodan bir sovgʻa oladi. Sovgʻa tamaki boʻlib, elchi uni bosh ogʻrigʻidan dori sifatida tavsiflagan. Qirolicha tamakini chekib koʻrsa, dardi biroz yengillashgan. Shu-shu tamakiga oʻrgangan. Qirolicha chekib oʻtirgandan keyin, unga taqlid va xushomad qilish uchun boshqa saroy aʼyonlari, soʻng esa oddiy fuqarolar ham kashandalikka oʻrgangani aytiladi.

Keyinchalik tamaki savdosi moʻmay daromad manbaiga aylandi. Sekin-asta uni mahalliylashtirish, katta-katta plantatsiyalarda ekish boshlandi.

Rossiyada avval tamakini xush koʻrishmagan. Hatto kashandalarni tayoq bilan urib jazolashgan. Biroq Pyotr I taxtga chiqqach, tamakini legallashtirdi. Yekaterina davrida esa Rossiyaga tegishli hududlarda ham tamaki ekila boshlandi. Jumladan, hozirgi Oʻzbekiston hududida Samarqand viloyatining Urgut tumanida tamaki mahsuloti katta hajmda yetishtirilgan.

XIX asrga kelib esa tamaki butun dunyoni, hatto, Afrika va Avstraliyani ham egalladi. Tamaki isteʼmol qilish xuddi suv ichish yoki ovqatlanish kabi odatiy holga aylandi.

Ayni paytda tamaki isteʼmol qilish ashaddiy tus olgan. JSST maʼlumotlariga koʻra, jami 7,5 milliard Yer aholisining 1 milliardi muntazam tamaki isteʼmol qiladi.

Serdaromad, ammo...

Iqtisodiy jihatdan tamaki hamon serdaromad soha. Tamaki mahsulotlari ishlab chiqarish kompaniyalarining yillik daromadi 700 milliarddan oshadi. Biroq bir hovuch biznesmenlarning moʻmay daromad olishi butun insoniyatga qimmatga tushadi.

Oʻtgan asr davomida har ikki jahon urushi qurbonlaridan ham koʻp odam – 100 million kishi tamaki mahsulotlari isteʼmol qilish oqibatida vafot etdi. Kashandalik, oʻlimga olib kelishidan tashqari, har yili insoniyatga 1,4 trillion dollar miqdorida zarar keltiradi.

Har yili kashandalar 5,7 milliard dona sigareta chekishadi va taqriban 1 million tonna sigaret qoldiqlarini tashlashadi, deya maʼlum qilgan AQShning The Tobacco Atlas tashabbus guruhi. Guruh tahlilchilarining aytishicha, bu qoldiqlar nafaqat atrof-muhitni zararlaydi, balki atsetat sellyulozadan iboratligi bois, deyarli chirimaydi.

Jahonda tamaki ekilgan maydonlar 4,5 million gektarni tashkil etib, bu deyarli Shveysariya hududi bilan teng.

Qayerda koʻproq chekishadi?

Dunyoda eng koʻp kashanda Xitoyda yashaydi. Bir yarim milliardga yaqinlashgan aholining 315 millioni kashanda.

Garchi Indoneziyada chekuvchilar soni Xitoydan kam boʻlsa-da, kashandalik yoshlar orasida keng tarqalgan. Indoneziya 15 yoshdan katta kashanda erkaklari mamlakat aholsining 76 foizini tashkil etadi.

Tamaki qanday oʻldiradi?

Mutaxassislar tamaki kuchli ruhiy va fiziologik qaramlik hosil qilishini taʼkidlab kelishadi. Turli ogʻir xastaliklarni keltirib chiqaradi. Kashanda asosan oʻpka saratoni, infarkt, insult kabi oʻtkir yurak-qon tomir kasalliklaridan vafot etadi.

Dunyoda har olti soniyada bir kishi tamaki oqibatlaridan vafot etadi. Agar shunday tendensiya saqlanib qolsa, 21 asr davomida tamaki tufayli 1 milliard kishi halok boʻladi.

Chiroyli qutidagi ogʻu

Garchi hozir koʻpchilik davlatlarda matbuotda tamaki reklamasi taqilangan boʻlsa-da, bir paytlari koʻcha va matbuotdagi reklamalarning eng koʻrinarli joylari sigareta reklamasi bilan toʻlardi. Tamaki chekishni “haqiqiy erkaklar odati” deb koʻrsatish uchun Marlboro kompaniyasi reklamalarda kashanda kovboy obrazini yaratgandi. Bu reklamalar silsilasida kovboy rolini oʻynagan aktyor AQShlik Erik Louson 14 yoshidan chekishni boshlagan, ashaddiy kashanda boʻlgan. Afsuski, uning oʻzi ham koʻp chekish oqibatida kelib chiqqan oʻpka xastaligidan vafot etgan.

Tamakini ayollar oʻrtasida ommalashtirish uchun Lucky Strike kompaniyasi bir guruh zamonaviy kiyingan chiroyli ayollarga Lucky Strike sigaretalarini koʻchalarda, hammaning koʻz oʻngida chekib yurishni topshirishgan. Avval uyalib chekmagan ayollar mana shu marketing tadbiridan keyin sekin-asta cheka boshlagan.

Hechdan koʻra kech boʻlsa ham...

Lekin kech boʻlsa-da, tamakining zararlari jamoatchilik oʻrtasida keng muhokama qilina boshladi. JSST bong urib chiqdi. Tamaki reklamasi avval cheklandi, keyin taqiqlandi. Tamaki mahsulotlarini 18 yoshdan kattalarga sotish man etildi.

Jumladan, Oʻzbekistonda bu borada katta kurash ketmoqda. Yaqinda “Alkogol va tamaki mahsulotlarining tarqatilishini hamda isteʼmol qilinishini cheklash toʻgʻrisida”gi Qonun (OʻRQ–844-son, 24.05.2023 y.) Prezident tomonidan imzolandi. Bu qonunga koʻra, alkogol va tamaki mahsulotlarini koʻpgina holatlarda realizatsiya qilish (sotish, sotib olish va h.k.) taqiqlanadi.

Jumladan:

  • 21 yoshga toʻlmagan shaxslarga va ular tomonidan;
  • sotuvchining bevosita ishtirokisiz, oʻziga oʻzi xizmat koʻrsatish tokchalaridan, elektron tijorat shaklida;
  • sayyor savdo qilish yoʻli bilan, koʻchmas savdo obʼektlaridan tashqarida, dorixonalarda;
  • bolalarga moʻljallangan tovarlar sotiladigan xonalarda;
  • bolalar oʻyinchoqlariga, konfetlarga yoki bolalar uchun moʻljallangan boshqa tovarlarga oʻxshatib ishlangan boʻlsa;
  • sogʻliqni saqlash, taʼlim, madaniyat, sport inshootlari, sanatoriy hamda tibbiy-ijtimoiy muassasalar hududlarida;
  • taʼlim, sport va diniy tashkilotlardan 100 metrdan kam masofada joylashgan savdo obʼektlarida;
  • yaroqlilik muddati oʻtganda, mahsulot sifatini tasdiqlovchi tegishli hujjatlarsiz;
  • donalab yoki ochilgan (yaxlitligi buzilgan), isteʼmol oʻrovida (qutisida) sigaretalar va qizdiriladigan tamaki mahsulotiga nisbatan.

Alkogol mahsulotlarini ish joylarida, koʻchalarda, stadionlarda, xiyobonlarda, bogʻlarda, barcha turdagi jamoat transportida va boshqa jamoat joylarida isteʼmol qilish taqiqlanadi.

Tamaki sirtmogʻidan qutulish mumkinmi?

Shifokorlarning tasdiqlashicha, oxirgi sigareta chekilganidan atigi 20 daqiqa oʻtgach, yurak urishi sekinlashadi. 12 soat ichida qondagi uglerod oksidi miqdori normal darajaga tushadi. 2-12 hafta ichida qon aylanishi va oʻpka faoliyati yaxshilanadi. 1-9 oy ichida yoʻtal va nafas qisilishi asta-sekin yoʻqoladi. 5-15 yildan soʻng, sobiq kashandada qon-tomir xastaliklaridan oʻlish xavfi xuddi chekmaydigan odamniki bilan tenglashadi. 10 yil ichida oʻpka saratoni rivojlanish xavfi taxminan ikki baravar kamayadi. 15 yil ichida yurak xastaliklarining rivojlanish xavfi chekmaydiganlar darajasiga tushadi.

Turli mamlakatlar hukumatlarining tamakiga qarshi jadal siyosat olib borishi oʻz ijobiy natijlarini bermoqda. Kashandalar kamaymoqda. Chekishni tashlash boʻyicha yetakchilar roʻyxatida Avstriya, Braziliya, Britaniya, Fransiya turibdi. Ularda kashandalar soni yiliga oʻrtacha 1 milliondan kamayib bormoqda. Lekin Afrika, Osiyo va Lotin Amerikasidagi kambagʻal aholisi koʻp davlatlarda chekuvchilar soni yil sayin oshib bormoqda.

Shu oʻrinda aytib oʻtish kerak, chekishni tashlashga uringanlarning atigi 4-7 foizi tashqaridan yordamsiz muvaffaq boʻlishadi. Shuning uchun tamaki chekishni toʻxtatish boʻyicha tuzilgan, yaxshi moliyalashtirilgan va arzon dasturlarga ehtiyoj katta. Afsuski, bunday dasturlar hali juda kam.

JSST chekishni tashlashga yordam beradi!

Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti, oʻz navbatida, mavjud boʻshliqni yangi texnologiyalar yordamida toʻldirishga intiladi.

JSST Facebook, WhatsApp va Soul Machines kabi qator kompaniyalar bilan hamkorlikda chatbotlar va raqamli “tibbiyot xodimlari” orqali aholining xabardorligini oshirmoqda va odamlarga chekishni tashlashga yordam bermoqda. Misol uchun, “Florensiya” nomli sunʼiy intellektga asoslangan raqamli maslahatchi, shaxsiylashtirilgan toʻxtatish rejasini ishlab chiqishda yordam beradi va odamlarga oʻz mamlakatlarida mavjud boʻlgan mobil ilovalar hamda bepul toʻxtatishni qoʻllab-quvvatlash liniyalari haqida maʼlumot beradi. WhatsApp messenjerida “Tamakidan voz kechish” (Quit Challenge) kampaniyasi boshlandi. Unga obuna boʻlish orqali odamlar oʻzlarining mobil qurilmalarida chekishni tashlash boʻyicha maʼlumotlarga ega bepul xabarlar olib turishadi.

Sogʻliqni saqlash sohasidagi ulkan ishlar tufayli dunyo aholisining uchdan bir qismi – 2,4 milliard kishi, jumladan, JSST Yevropa mintaqasidagi 140 million kishi tamakiga qaramlikni bartaraf etishga qaratilgan zamonaviy xizmatlardan foydalanish imkoniyatiga ega boʻldi. JSST maʼlumotlariga koʻra, ushbu xizmatlar "tamaki epidemiyasi" qamrab olgan barcha mamlakatlarda asosiy xizmatlardan biri boʻlishi kerak.

 

Abulfayz Sayidasqarov sharhi

© 2024 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+