Shimoliy Koreya sunʼiy yoʻldosh uchirilishi haqidagi ogohlantirishi ortidan Yaponiya raketaga qarshi mudofaani shay holatga keltirdi
Yaponiya Shimoliy Koreyaning har qanday raketasini yoʻq qilish niyatida.

Yaponiya Shimoliy Koreya tomonidan 31 maydan 11 maygacha sunʼiy yoʻldosh uchirilishi haqida ogohlantirilishi ortidan kecha raketaga qarshi mudofaasini shay holatga keltirdi va oʻz hududiga tahdid soladigan har qanday raketalarni urib tushirishi haqida ogohlantirdi.
Shimoliy Koreya oʻzining birinchi harbiy josuslik sunʼiy yoʻldoshi ishlab chiqlishi yakunlanganini maʼlum qildi va mamlakat rahbari Kim Chen In uchirishga yakuniy tayyorgarlikni tasdiqladi.
Tahlilchilarning aytishicha, sunʼiy yoʻldosh Shimoliy Koreyaning urush holatida nishonlarga zarba berish qobiliyatini yaxshilashga qaratilgan kuzatuv texnologiyasi dasturining bir qismi hisoblanadi.
Yaponiya mudofaa vazirligi bayonotida: “Bizning yerimizga tushishi tasdiqlangan ballistik va boshqa raketalarga qarshi halokatli choralar koʻramiz” deyiladi. "Shimoliy Koreyani raketa uchirishdan tiyilishini qatʼiy talab qilamiz", dedi uning idorasi Twitter’dagi sahifasida. Shuningdek, u ittifoqchilari boʻlmish AQSh, Janubiy Koreya va boshqa davlatlar bilan hamkorlik qilishini va har qanday parvozlar haqida maʼlumot toʻplash hamda tahlil qilish uchun imkon doirasidagi barcha chora-tadbirlar koʻrilishini bildirgan.
Janubiy Koreya ham Yaponiya bilan birdamlikda, Shimoliy Koreyani sunʼiy yoʻldoshni uchirish rejalarini bekor qilishga chaqirdi.
“Shimoliy Koreyani oʻz noqonuniy parvoz rejasini zudlik bilan bekor qilishga chaqiramiz. Agar Shimoliy Koreya keyingi qadamni tashlasa, u tegishli badalini toʻlaydi va katta zarar koʻradi”, — dedi Janubiy Koreya tashqi ishlar vazirligi vakili.
Shimoliy Koreya soʻnggi oylarda bir qator raketa uchirish va qurol sinovlarini oʻtkazdi. Kim Chen In may oyida harbiy sunʼiy yoʻldosh obʼektini koʻzdan kechirgan, deya xabar bermoqda Shimoliy Koreya davlat axborot agentligi KSNA.
Shimoliy Koreya "Yerni kuzatish" sunʼiy yoʻldoshlarini uchirishga bir necha bor urinib koʻrgan, ulardan ikkitasi 2016 yil mart oyida orbitaga muvaffaqiyatli uchirilgani aytilmoqda.
Yaponiya aprel oyida Sharqiy Xitoy dengiziga koinotdagi nishonlarga zarba bera oladigan SM-3 ortilgan harbiy kema joʻnatdi va Okinava orollariga yerga yaqinroq uchadigan jangovar kallaklarni urib tushirish uchun moʻljallangan RAC-3 raketalarini yubordi.
Yaponiya 2016 yilda boʻlgani Shimoliy Koreya sunʼiy yoʻldoshini ortgan raketa janubi-gʻarbiy orollar zanjiri uzra uchib oʻtishidan xavotir olmoqda, dedi mudofaa vazirligi vakili.
"Hukumat sunʼiy yoʻldoshning mamlakatimiz hududi osmonidan uchib oʻtishi ehtimoli borligini tan oladi", dedi Yaponiya Vazirlar Mahkamasi bosh kotibi Xirokadzu Matsuno shu munosabat bilan oʻtkazilgan brifingda.
Shimoliy Koreya davlat ommaviy axborot vositalari mamlakat raqiblari boʻlmish Janubiy Koreya, AQSh va Yaponiyaning raketa uchirilishi haqidagi real vaqtda maʼlumotlarni almashish rejalarini tanqid qilib, ularni harbiy hamkorlikni kuchaytirish boʻyicha “mashʼum chora-tadbirlar” deb atagan.