Qashqadaryolik fuqaro nega uch yil sarson boʻldi?

Qashqadaryolik Ravshan Jovliyev uch yildan beri idorama-idora yugurib, ovora-yu sarson boʻldi. Turli tashkilotlarga qatnab, poshnasi yeyildi. Ravshan aka non soʻramadi, pul soʻramadi, adolat istadi, xolos.

Maqola
29-may 2023 yil
Qashqadaryolik fuqaro nega uch yil sarson boʻldi?

Gap shundaki, uning oʻgʻli Maqsud Jovliyev ichki ishlar idoralarida ishlab, tuhmat bilan ishdan boʻshatilib, 2021 yilda nohaq qamalgan edi. Nihoyat, adolat qaror topdi. Ravshan aka muammoni huquqiy yoʻl bilan yechish kerakligini anglab, Oliy sudga murojaat qildi. Sud ish materiallarini sinchkovlik bilan koʻrib chiqib, ichki ishlar idoralarining sobiq xodimi Maqsud Jovliyevni oqlash haqida qaror qabul qildi. Haq qaror topdi.

- Adolat bor ekan, Oliy sud bolamni oqlab berdi, - deydi xursandchilikdan koʻz yoshlarini toʻxtata olmayotgan Ravshan Jovliyev. - Bugun bu haqdagi hujjatlarni oldik. Oliy sud raisiga minnatdorlik bildirish uchun Prezident Xalq qabulxonasi tashkil etayotgan respublika ishchi guruhining ommaviy qabuliga keldim. Adolatni qaror toptirgan rahbariyatga, sudyalarga ming rahmat!

Huquqlari toptalgan fuqaro faqat Ravshan Jovliyev emas. Ichki ishlar vazirligi masʼullari bilan muloqotlar asosida 8 nafar sobiq xodim ichki ishlar organlariga ishga tiklangan boʻlsa, tizimda ishlash istagini bildirgan 24 nafar murojaatchiga navbatdagi tanlovda qatnashishga ruxsat etildi.

Samarqand viloyati Ishtixonda oʻtkazilgan qabulda respublika mutasaddilari 2 mingdan ortiq shunga oʻxshash murojaatlarni oʻrganib chiqdi. Prezident Xalq qabulxonasi tashkil etayotgan bu kabi ochiq-jonli muloqot va qabullar haqni nohaqdan ajratish, yiqilganni suyash, adashganga toʻgʻri yoʻl koʻrsatish, qonun ustuvorligini taʼminlash, adolat va haqiqatni qaror toptirishga xizmat qilmoqda.

Respublika ishchi guruhining Ishtixondagi ommaviy qabulida koʻrib chiqilgan jami 2 ming 294 ta masalaning 1 ming 33 tasi joyida hal qilinib, 87 nafar murojaatchiga huquqiy maslahat va tushuntirish berilgan boʻlsa, 1 ming 174 ta masala nazoratga olindi.

© 2024 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+