Prezidentlikka nomzod internet reklamasidan pul topadiganlarni soliqqa tortmoqchi
Partiyaning XIII qurultoyida nomzodning dasturi tasdiqlangan. Asosan umumiy gaplardan iborat dasturda bir qator takliflar oʻrin olgan.

Prezidentlikka nomzod Ulugʻbek Inoyatov Internet, ijtimoiy tarmoqlar orqali tijoriy faoliyat, reklama bilan shugʻullanayotganlar daromadlarini soliqqa tortishni taklif qilgan.
Bugun, 29 may kuni Toshkent shahrida Xalq demokratik partiyasining XIII qurultoyida nomzodning dasturi tasdiqlangan. Asosan umumiy gaplardan iborat dasturda quyidagilar ham oʻrin olgan:
- ijtimoiy davlatchilik poydevori;
- barqaror jamiyat va farovon turmush asosi sifatida kuchli ijtimoiy siyosat sohasida pensiya tizimini takomillashtirish;
- “Eng kam isteʼmol xarajatlarini belgilash tartibi toʻgʻrisida”gi, “Koʻp kvartirali uylar va boshqa koʻchmas mulk obʼektlarini ulush qoʻshgan holda qurishda ishtirok etish toʻgʻrisida”gi, “Uy-joy qurilishini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash toʻgʻrisida”gi qonunlarni qabul qilish;
- tibbiy xizmatlarni raqamlashtirish;
- maktablar oʻquv dasturlarida chet tillar va IT boʻyicha oʻquv soatlarini keskin koʻpaytirish;
- “maktab soligʻi”ni joriy etish;
- ijara kompensatsiya tizimini doktorantlarga nisbatan ham joriy etish;
- pensionerlarning hayot darajasini yaxshilash;
- ularning ijtimoiy faolligini kuchaytirish;
- iqtisodiyotda davlatning faol roli va ishtirokini saqlab qolish;
- mahalliy investorlarga xorijiy investorlar bilan bir xil imtiyozlar berish;
- qimmatbaho mol-mulk uchun soliq joriy etish;
- Internet, ijtimoiy tarmoqlar orqali tijoriy faoliyat, reklama bilan shugʻullanayotganlar daromadlarini soliqqa tortish;
- yakka tartibdagi tadbirkorlar va yuridik shaxslar shugʻullanishi mumkin boʻlgan sohalarni hamda oʻzini oʻzi band qilgan deb hisoblanadigan faoliyat turlari roʻyxatini kengaytirish;
- viloyat, tuman (shahar) sudlari raislarini har yili rotatsiya qilish;
- odil sudlovni amalga oshirishda hakamlar hayʼati institutini joriy qilish;
- sohaviy nazorat organlari (inspeksiyalar) faoliyatini kuchaytirish;
- fuqarolarning mehnat huquqlari amalga oshirilishida jamoatchilik nazorati va mehnat inspeksiyasining rolini oshirish;
- tartibga solinmagan piyodalar oʻtish yoʻlaklarini xatlovdan oʻtkazib, svetoforlar bilan jihozlash;
- ayrim davlat funksiyalarini bosqichma-bosqich fuqarolik jamiyati institutlariga oʻtkazish;
- inson huquqlari sohasidagi xalqaro hujjatlarga qoʻshilish;
- Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining faoliyatida ochiqlik va oshkoralikni taʼminlash.
Eslatib oʻtamiz, 9 iyul kuni Oʻzbekistonda navbatdan tashqari prezident saylovi boʻlib oʻtadi.