Korrupsiya agentligi Ozodbek Nazarbekovning noqonuniy harakatini xaspoʻshlamoqchimi?

Amaldorning xalqdan yigʻilgan soliq, yer osti va yer usti boyliklari hisobiga yaxshi hayot kechirib, xalqqa kutilgan darajada xizmat qilmasligi esa ayni nonkoʻrlikdir. Bu xuddi seni odam deb oldinga dasturxon yozib, non bergan mezbonning dasturxoniga oyoq qoʻyish, yuziga tupurishdek gap.

Maqola
28-may 2023 yil
Korrupsiya agentligi Ozodbek Nazarbekovning noqonuniy harakatini xaspoʻshlamoqchimi?

Davlat idoralarida ishlash imtiyoz emas, avvalo masʼuliyatdir. Xalq puliga yollangan xizmatchi faqat oʻziga yuklatilgan ishni qilishga masʼul. Oʻziga maosh berayotgan xalqqa hurmatsizlik qilishga haqqi yoʻq.

Amaldorning xalqdan yigʻilgan soliq, yer osti va yer usti boyliklari hisobiga yaxshi hayot kechirib, xalqqa kutilgan darajada xizmat qilmasligi esa ayni nonkoʻrlikdir. Bu xuddi seni odam deb oldinga dasturxon yozib, non bergan mezbonning dasturxoniga oyoq qoʻyish, yuziga tupurishdek gap.

Davlat xizmatchisi boʻlish faqat imtiyoz emas. Bu imtiyozlar unga vazifasini yaxshiroq ado etishi uchun berilgan aslida. Lekin ayrim amaldorlar “oʻzim shunga loyiqman, laganbardorlikka ustaligim uchun shuncha hurmat va imtiyozga erishdim”, degan xomxayolda yuradi chogʻi, oyogʻi yerdan uziladi.

Shu bois amaldorlarga imtiyozlar bilan birga cheklovlar ham qoʻyiladi. Oʻzining urugʻ-aymogʻini “moyli” joylarga joylashi taqiqlanadi. Shuningdek, davlat xizmatida yurgan odam iqtisodiyot va rejalashtirish boʻyicha maʼlumot va sirlardan boxabar boʻladi. Bu maʼlumotlardan hamda amalidan va davlat resurslaridan foydalanib, tadbirkorlik qilishi adolatsizlik boʻladi, xalq haqqiga xiyonat qilish boʻladi.

Biroq andishaning otini qoʻrqoq qoʻyishga jurʼat etgan amaldorlar ham talaygina.

Madaniyat va turizm vaziriga qonun ishlamaydimi?

Platina.uz saytida 2023 yil 17 aprel kuni “Ozodbek Nazarbekovning noqonuniy harakatlari (yoki harakatsizligi) maʼlum boʻldi” sarlavhasi ostida eʼlon qilingan maqola ana shunday amaldorlardan biriga bagʻishlangan edi.

Unda Oʻzbekiston Madaniyat va turizm vaziri Ozodbek Nazarbekovning "Davlat fuqarolik xizmati toʻgʻrisida"gi qonunga zid holda oʻz xususiy biznesi bilan shugʻullanayotgani maʼlum qilingan.

Xususan, Qashqadaryo viloyatining Shahrisabz shahridagi “Koba sanʼati majmuasi” MChJ 2016 yil roʻyxatdan oʻtgan boʻlib, 2023 yil 15 aprel oyi holatiga uning taʼsischisi bitta — Ozodbek Nazarbekov boʻlgan. MChJ ustav fondi 404,8 mln. soʻm. MChJ ham Shahrisabzda joylashgan. Nazarbekov esa 2017 yilda amaldor sifatida ish boshlagan, yaʼni Madaniyat vaziri oʻrinbosari boʻlgan.

Mazkur masalada platina.uz 2023 yil 19 aprelda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligiga soʻrov yubordi. Unda vazir va uning oʻgʻlining tadbirkorlikda bevosita ishtirok etishi qanchalik qonuniyligini asoslash, agar bu harakat noqonuniy boʻlsa, mansabdorga nisbatan qanday chora koʻrilishi mumkinligi soʻralgan edi.

Nihoyat, rosa bir oy deganda, bu ikki savol yuzasidan agentlikdan javob xati oldik.

Bu oʻrinda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligidan ham “kichik” xato oʻtganini tan olmasak, adolatdan boʻlmaydi.

Murojaatga munosabatni koʻring

2017 yil 11 sentabrdagi “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari toʻgʻrisida”gi qonunning 24-,28-moddasi, 2014 yil 5 maydagi “Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi toʻgʻrisida”gi qonunning 19-moddasi talablariga koʻra, murojaatlarga javoblar holat va mazmundan kelib chiqib, 7 kunda ham, 10 kunda ham, 15 kungacha taqdim etilishi belgilangan. Oʻta oʻrganishni talab qiladigan holatlar esa bundan mustasno.

Afsuski, platina.uz javob xatini tegishli agentlikdan 7 kunda ham, 10 kunda ham, 15 kunda ham olmadi. Agar biror qoʻshimcha oʻrganish, tekshiruv yoki tushunmovchilik boʻlganda bizni 10 kunlik muddatda yozma shaklda xabardor etishga ham munosib koʻrishmadi. Qoidabuzarlikka qarshi kurash uchun masʼul idoraning oʻzi bu qoidalarni buzishini nima deb baholashga ham hayronmiz.

“Mendan ketguncha, egasiga yetguncha” javob

2023 yilning 19 may sanasi, direktor oʻrinbosari U.Mavlyanov imzosi bilan joʻnatilgan ushbu rasmiy javob xatini, ochigʻini aytsak, javob xati, deyish ham qiyin. Bu xat javob berish uchun emas, “xat yozdimmi, yozdim” qabilida tayyorlangan, desak xato boʻlmaydi.

Avvalo, birinchi savol yuzasidan berilgan javobda Oʻzbekistonda qabul qilingan amaldagi qonun va qonunosti meʼyoriy hujjatlarning uzundan-uzoq roʻyxati sanab oʻtilgan. Ularning barchasidan bir maʼno – davlat xizmatchisining tadbirkorlik bilan shugʻullanishi taqiqlangani anglashiladi.

Ikkinchi savolda vazir va uning oʻgʻlining bu harakati noqonuniy boʻlsa, mansabdorga nisbatan qanday chora koʻrilishi mumkinligi soʻralgan edi.

Agentlik bergan javobda esa vazirning bu qilmishiga na huquqiy baho berilgan, na chora koʻrilgani (yoki koʻrilmagani) haqida biror maʼlumot berilgan. Xat avvalida davlat xizmatchisining tadbirkorlik bilan shugʻullanishi mumkin emasligi koʻrsatilgan turli qonunlar va meʼyoriy hujjatlar sanab oʻtilgan boʻlsa-da, negadir aynan vazirga nima chora koʻriladi, degan savolga javob sifatida faqat “Davlat fuqarolik xizmatchilari odob-axloqining namunaviy qoidalari”ning tegishli bandlariga havola qilingan. Qolaversa, vazirning nomi ham tilga olinmagan, aynan vazirning xatti-harakatlarida qaysi qonun yoki tartib buzilgani gumon qilinganmi, tekshiruv oʻtkazilganmi, agar jinoyat yoki huquqbuzarlik alomatlari aniqlangan boʻlsa, tekshiruv materiallari tegishli huquq-tartibot idoralariga joʻnatilganmi-yoʻqmi, bu haqda ham biror aniq gap yoʻq.

Vazir va uning ismi muqaddas koʻrilgan shekilli xatda tilga olinmagan. Balki vazirni qattiq hurmat qilishar? Lekin agentlik davlat manfaati yoʻlida har qanday qoʻrquv va istiholani yigʻishtirib qoʻyishi kerak emasmi?

Bu hali hammasi emas!

Yana bir qiziq maʼlumot: ushbu holat yuzasidan platina.uz tomonidan Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligiga soʻrov yuborilgandan keyin “Koba sanʼati majmuasi” MChJning taʼsischiligi Ozodbek Nazarbekovdan (2023 yil 15 aprel holatida) bir dumalab goʻyo uning oʻgʻli Jaʼfarbek Nazarbekovga (2023 yil 12 may holati) oʻtib qolgan (skrinshotlar isbot sifatida keltiriladi).

Ammo Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi bu tafovut va uning sabablari haqida bir satr ham izoh bermagan. Bu nimadan dalolat?

Koʻrinyaptiki, mansabdor shaxsning xususiy biznes egasi boʻlgani, demakki, huquqbuzarlik sodir etilgani aniq fakt. Unga huquqiy baho berilmagani ham kundek oydin. Ammo nega Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi buni xaspoʻshlashga urindi?

Nega Ozodbek Nazarbekovga qonunda belgilangan cheklovlarga rioya etmagani uchun qonunga muvofiq intizomiy va boshqa javobgarlik qoʻllanilmadi?

Agar oddiy odam koʻchaga qogʻoz tashlasa ham, salkam retsidivist jinoyatchiga chiqarilib, jazo beriladi. Lekin kattaroq amaldor qonunni buzsa, koʻpchilik koʻrib koʻrmaganga oladi. Qonun barcha uchun barobar axir. Qadimgi Rimda aytishgandek, dura lex, sed lex – qonun beshafqat, ammo u qonun!

Xulosa oʻrnida

Birov xafa qilsa, qoziga chopamiz. Qozi xafa qilsa, kimga chopaylik? Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi korrupsiyani koʻrsatsangiz ham, boshini qumga tiqib olib, oʻzini koʻrmaganga olsa, demak, prezidentimizning huquqiy va adolatli jamiyat qurish yoʻlida chekayotgan barcha mashaqqatlari uvol boʻlayotgan ekan. Bizda xulosa shu, sizda-chi?

Abulfayz Sayidasqarov

© 2024 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+