Namanganda imtiyozli kredit mablagʻini oʻzlashtirgan fermer xoʻjaligi aniqlandi
Chortoqda fosh etilgan holatga koʻra, 46 nafar fuqaroga chorvachilik faoliyatini rivojlantirish uchun 1,1 mlrd soʻm imtiyozli kreditni fermer xoʻjaligi rahbari va taʼminotchi korxonalar talon-toroj qilgan.

Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Chortoq tuman boʻlimi tomonidan oʻtkazilgan tergovga qadar tekshiruvda “H.g." MChJ va “K.T.” fermer xoʻjaligi rahbari B.Q. hamda boshqalar taʼminotchi korxona sifatida 46 nafar fuqaroga chorvachilik faoliyatini rivojlantirish uchun hududiy tijorat banki filialidan ajratilgan 1,1 mlrd soʻm imtiyozli kredit evaziga mahsulotlarni yetkazib bermasdan ushbu mablagʻlarni talon-toroj qilganliklari aniqlangan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 167-moddasi (oʻzlashtirish yoki rastrata yoʻli bilan talon-toroj qilish) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda.