12 yoshli qizchani zoʻrlab, keyin oʻldirgan odam umrbod qamaldi
Jinoyat kodeksining 34-moddasi (retsidiv jinoyat) 3-qismi “b” bandiga asosan u oʻta xavfli retsidivist deb topilib, unga tayinlangan jazo maxsus tartibli koloniyada oʻtalishi belgilangan.

Toshkentning Yangihayot tumanida 12 yoshli qizchani avval zoʻrlab, keyin uni boʻgʻib oʻldirgan shaxs umrbod qamoqqa hukm qilingan.
Bugun, 2023 yil 26 may kuni jinoyat ishlari boʻyicha Yakkasaroy tuman sudida sudlanuvchi A.T.ga oid jinoyat ishini koʻrib chiqish boʻyicha sud jarayoni tugab, sud hukmi eʼlon qilingan.
Sud hukmiga koʻra A.T. Jinoyat kodeksining:
- 226-moddasi (maʼmuriy nazorat qoidalarini buzish) 1-qismi;
- 137-moddasi (odam oʻgʻrilash) 3-qismi “b” bandi;
- 118-moddasi (nomusga tegish) 4-qismi;
- 119-moddasi (jinsiy ehtiyojni zoʻrlik ishlatib gʻayritabiiy usulda qondirish) 4-qismi;
- 104-moddasi (qasddan badanga ogʻir shikast yetkazish) 2-qismi “v” bandi;
- 97-moddasi (qasddan odam oʻldirish) 2-qismi “v”, “j”, “z”, “o” bandlarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilgan.
Shuningdek, Jinoyat kodeksining 34-moddasi (retsidiv jinoyat) 3-qismi “b” bandiga asosan A.T. oʻta xavfli retsidivist deb topilib, unga tayinlangan jazo maxsus tartibli koloniyada oʻtalishi belgilangan.