"Yuventus"dan yana ochko olib qoʻyildi
Moliyaviy firibgarlik uchun "Yuventus"dan 10 ochko tortib olindi. Bu esa jamoaning xalqaro turnirda ishtirok etishiga toʻsiq boʻlishi mumkin.

Italiya futbol federatsiyasining apellyatsiya sudi klubni moliyaviy firibgarlik uchun jazolash toʻgʻrisida qaror chiqardi. Bu haqda jurnalist Janluka Di Marsio maʼlum qildi.
Bunga qadar "Yuventus" Italiya A Seriyasi turnir jadvalida 69 ochko bilan 2-oʻrinda ketayotgandi. Ammo 10 ochko tortib olinganidan keyin turinliklar 59 ochko bilan 7-oʻringa tushib ketdi. Natijada jamoa Yevropa Chempionlar ligasi va Yevropa Ligasida ishtirok etish huquqidan mahrum boʻlishi mumkin.
Eslatib oʻtamiz, yanvar oyida "Yuventus" 15 ochkodan mahrum boʻlgandi, ammo apellyatsiya natijasida ularning ochkolari qaytarildi. Keyinchalik yangi dalillar kelib tushganligi sababli ish qayta ochildi.
