Baliq berma, qarmoq ber

Bir qadimiy naql bor, muhtoj odamga baliq berma, yeb qoʻyadi-yu, yana muhtoj boʻlib qoladi. Unga qarmoq berib, baliq tutishni oʻrgat, oʻzi istagan payti tutib, yeyaveradi. 

Maqola
23-may 2023 yil
Baliq berma, qarmoq ber

Oʻzbekistonda aholining turmush darajasini koʻtarish, kambagʻillikni qisqartirishga qaratilgan yangi chora-tadbirlar yoʻnalishi ham ana shu naql mohiyatiga mos keladi, desak mubolagʻa boʻlmaydi. Shuning uchun aholi bandligini taʼminlash va malakali mutaxassislar tayyorlash samaradorligini oshirish maqsadida tadbirkorlikka yanada keng imkoniyatlar yaratish va moliyaviy ragʻbatlar taqdim etish bilan bogʻliq loyihalar ayni muddao boʻlmoqda.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Gulruh Agzamovaning maʼlum qilishicha, har yili oilaviy tadbirkorlikka 13 trillion soʻm kredit va 1,5 trillion soʻm subsidiyalar ajratilmoqda. Buning natijasida birgina oʻtgan yili 1 million, 2023 yilning birinchi choragida 210 ming aholini kambagʻallikdan chiqarishga erishildi.

- Xususan, joriy yil 1 iyundan boshlab “20 ming tadbirkor – 500 ming malakali mutaxassis” dasturi amalga oshiriladi, deya maʼlum qildi deputat. - Dastur doirasida 2023-2024 yillarda jami 1 milliard dollar ajratiladi. Ushbu mablagʻlar hisobidan kambagʻal oilalar aʼzosini kasbga oʻqitib, ishli qilish boʻyicha loyiha ahamiyatiga qarab, amaldagidan past foizlarda va uzoqroq muddatga kredit beriladi. 

Eng ahamiyatli jihati, dasturda ishtirok etadigan tadbirkorlarga soliqlardan alohida imtiyozlar beriladi. Jumladan, ular kamida 20 foiz kambagʻal oila aʼzosini bir yil davomida ish bilan taʼminlasa, mol-mulk va yer soliqlaridan ozod qilinadi. Kambagʻal oila aʼzosi daromad soligʻidan ozod qilinsa, 5 million soʻmgacha ish haqi toʻlayotgan tadbirkorlarga ijtimoiy soliq stavkasi 2 baravarga kamaytiriladi.

Bunday imtiyoz aholini tadbirkorlikka qiziqtirishi bilan birga, daromadlari ortishiga sezilarli taʼsir koʻrsatadi. Tadbirkorlarni uchun esa xarajatlarni tejab, qoʻshimcha daromadga ega boʻlish maqsadida kambagʻallarni ishga yollashdan manfaatdor qilib qoʻyadi.

Bundan tashqari, yuqorida zikr etilgan dasturda ishtirok etayotgan tadbirkorlarga bojxona rasmiylashtiruvi paytida “yashil yoʻlak” tartibi qoʻllanilishi, infratuzilma, yer va bino-inshootlar bilan taʼminlashda qoʻshimcha yengilliklar berilishi hali mamlakatimiz tarixida kuzatilmagan imtiyozlardan hisoblanadi. 

Ayni sharoitda kambagʻallikni qisqartirish sohasida Xitoy tajribasini oʻrganishga ham alohida eʼtibor qaratilmoqda. Jumladan, ikki mamlakat tajribali ekspertlari ishtirokida 18 ta yoʻnalishda manzilli loyihalar tayyorlangan. Bu loyihalarda kambagʻallik yuqori boʻlgan tumanlarda yoʻl-transport, elektr, aloqa va turizm infratuzilmasini yaxshilash, kichik va oʻrta shaharlarni rivojlantirish, mahallalarni sanoatlashtirish ustuvor vazifa sifatida belgilangan.

© 2024 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+