Jahon elitasi yadro urushiga tayyorgarlik koʻrmoqda

Yangi Zelandiyada atom urushi paytida jon saqlash uchun yer osti boshpanalarini qurish va jihozlash yakuniga yetgan.

Maqola
22-may 2023 yil
Jahon elitasi yadro urushiga tayyorgarlik koʻrmoqda

Aslida, konspirologiya, deganda aqlli insonlarning yuzida istehzoli tabassum paydo boʻladi. “Dunyoni masonlar boshqaradi, hademay dollar sinadi (30 yildan beri “sinadi”), Rossiya bitta raketa otsa, Amerika suvni tagida qolib ketadi (Amerika qitʼasi togʻora emasku,  ilmsiz axmoq, desang, shunday dovdirlarga. Qolaversa, bu gap rost boʻlsa, kommunistlar allaqachon oʻsha raketasini otgan boʻlardi), chirigan Gʻarb hademay toʻkilib tushadi (“chirigan” Gʻarbning toʻkilishini kutaverib, SSSRning oʻzi chirib, tarix sahnasidan supurildi),  oramizda oʻzga sayyoraliklar niqoblangan holda yashaydi” kabi vahimali ammo tuturuqsiz gaplar yolgʻon shov-shuv koʻtarish, sariq matbuot sahifalarini toʻldirish, propagandistlar uchun xalq ongini chalgʻitish hamda populist tentaklarning odamlarni oʻziga qaratishi uchun yaxshigina xoʻrak vazifasini bajaradi.

Lekin “dunyo elitasi yadro urushidan omon qolish uchun allaqachon oʻz tadorigini koʻrib qoʻygan”, degan mish-mishlarda jon bordek. Chunki ishonchli va nufuzli jahon OAV bu tezisni u yoki bu jihatdan isbotlaydigan faktlar haqida guvohlik bermoqda.

Nafaqat davlat rahbarlari, balki yirik biznes egalari, millioner va milliarderlarning yadro urushi roʻy berishini ehtimoldan soqit etmasliklari va bu kunga oʻziga xos tarzda tayyorgarlik koʻrib qoʻyishlari haqida tez-tez eshitib qolamiz. 

Masalan, 2020 yilda qiymati 6 milliard dollarga baholangan Reddit kompaniyasining 38 yoshli asoschisi hamda direktori Stiv Xaffman 2015 yilda koʻzi xiralashganida lazer operatsiyasi oʻtkazib korreksiya qilgan edi. Bunday qarorga kelishi sababi soʻralganida “agar oxir zamon boshlansa, muammo koʻpayadi. Koʻzoynak yoki linza topish muammo tugʻdiradi. Bunday paytda sogʻlom koʻz bilan omon qolish ehtimoli koʻproq boʻladi”, degan milliarder. 
Ayrim konspirologik gʻoyalarga qattiq ishonuvchi kishilar esa hatto oxir zamon uchun qurollar, kerakli jihozlar, oziq-ovqat va kiyimlarni zaxira qilib qoʻyishgan va buni ochiq aytishdan tortinishmaydi ham.

Qisqa qilib aytsak, elita oʻzini hammadan ustun koʻradi va barcha oliy imtiyozlarga oʻzini eng birinchi haqdor, deb biladi. Shuning uchun koʻpchilik elita vakillari oxir zamon kelsa, qanday falokat kelishi – yadro urushi, zilzila, suv toshqinidan qatʼiy nazar, bunkerlar ostida omon qolishdan umid qilishadi

Davlat rahbarlarining deyarli barchasi uchun shunday maxsus bunkerlar qurilgan. Hatto AQSh prezidentining qarorgohi boʻlmish Oq Uy ostida ham katta maydonga shunday sharoitlarga ega yertoʻla-uy borligi aytiladi.

Rossiya prezidenti Vladimir Putinning ham 7 ta joyda, juda chuqurlikda joylashgan bunkerlari borligi Gʻarb razvedkasi tomonidan aniqlangan. Eng asosiysi va yangisi Ural togʻlari yaqinida ekani maʼlum qilingan. 

Ayni paytda Zelenskiy butun dunyoni kezmoqda, xalq va askarlar bilan uchrashib, ularning ruhini koʻtarmoqda, holidan xabar olmoqda. Putin esa qopqondan qoʻrqqan va burchakka qisilgan bir jirkanch kalamush kabi qaysidir bir bunkerda damini chiqarmasdan pisib, yashirinib yotibdi. Ora-sirada xalq orasiga chiqdi, deb aytilsada, bu “chiqishlar” aslida kompyuter montaji ekani bilinib qolyapti. Hatto yaqinda oʻtkazilgan 9 may paradida ham Putin qoʻrqib, barcha Markaziy Osiyo rahbarlarini deyarli yalinib (balki yalinmasdan) chaqirib oldi. Chunki Putin boshqa prezidentlar orasida boʻlsa uni yoʻq qilishga urinmasliklarini hisobga oldi shekilli. Lekin parad paytida olingan bir video tarqaldi, unda orkestr qattiq bir gumburlatganida Putinning qoʻrqib, chor-atrofga alanglab, dovdirab qolgani koʻrinadi. 

Bundan kelib chiqadiki, elitaning biror xavfsiz joyda yadro urushidan omon qolish uchun bunkerlarda jon saqlashga urinishi ham shunchaki mish-mish emas. 

Xususan, Yangi Zelandiyada shunday benkerlar qurilayotgani haqida ilk marta 2017 yilda xabar berishgan edi.

Unda aytilishicha, Yangi Zelandiyadagi orollar avval ochiq boʻlgan. Istalgan odam u yerlarni tomosha qilishi, bemalol sayr qilib, kater yoki qayiqda suzib aylanishi mumkin boʻlgan. 

Keyin esa qoʻriqchilar paydo boʻlgan. Ular ortidan esa quruvchilar kelib, har oltinchi-yettinchi orolda qandaydir chuqurlar qazishgan. Yer ustida esa uylar va samolyot qoʻnib-uchishi uchun yoʻlaklar qurishgan. 

Aytishilaricha hozirga kelib, qurilish ishlari nihoyasiga yetgan. Hozir bu yerda turli davlatlardan kelgan odamlar, ruslar, amerikaliklar va yevropaliklarni koʻrish mumkin. Ularning hammasi poʻrim kiyingan va sipo odamlar. Atrofni qoʻriqlash tartibi esa battar kuchaygan.

Ayrim manbalarning maʼlum qilishicha, hozirgi zamonaviy atomga qarshi bunkerlar yer ostida chuqur joylashgan, barcha sharoitlarga ega bombadan boshpana joylari boʻlib, atom bombasi portlashining barcha zararlaridan asray oladi. Bunday boshpanalarda odam ancha uzoq muddat bexavotir yashashi mumkin.

Bu kabi mish-mish va taxminlarda jon boʻlishi, bunker gʻoyasida haqiqatning baʼzi elementlari ham boʻlishi mumkin.

Mahalliy Mason and Wales Architect firmasining arxitektoru direktori Xamish Muirning soʻzlariga koʻra, u qurilishida qatnashgan koʻplab obʼektlarda yer osti elementlari mavjud. Ammo bu falokat paytida yashirinish uchun emas, balki hokimiyat tomonidan shahar estetikasini saqlab qolish uchun oʻrnatilgan balandlik cheklovlariga rioya qilish bilan bogʻliq. Yaʼni, shaharda maʼlum bir qavatdan baland qurishga ruxsat berilmagani bois, yer ostida ham bir qavat qurib, unumli foydalanishga harakat qilishadi. 

Hashamatli koʻchmas mulk agenti Bas Smit Wyuna Preserve qoʻriqxonasidagi 25 million Yangi Zelandiya dollariga teng qiymatdagi (16 million AQSh dollari) koʻchmas mulkini misol qilib keltirdi – bu bino Kvinstaun shahridagi eksklyuziv, goʻzal qurilish boʻlib, ichida kinoteatri mavjud 600 kvadrat metr maydonga teng yertoʻlasiga ega. 

Qolaversa “CNN Biznes” bilan suhbatlashgan koʻplab odamlar Yangi Zelandiya rahbariyati uchun  yer osti bunkeri mutlaqo keraksiz ekanini taʼkidladilar. Bu yerda vulqonlar va zilzilalar yadro urushi yoki fuqarolar tartibsizliklaridan koʻra koʻproq xavf tugʻdiradi.

Yangi Zelandiyadagi bunker gʻoyasi "xavfsiz boshpana koʻproq metafora - xavfsiz hukumat va xavfsiz iqtisodiyotga ega joyni tanlash", maʼnosini anglatadi, dedi Smit. "Qolaversa bu yer hamma joydan uzoqda”.

Yana bir lyuks koʻchmas mulk makleri Terri Spicening aytishicha, u "xavfsiz boshpana chiptasini" xohlaydigan odamlarning koʻpaygan. Smitning aytishicha, u chet eldagi odamlardan kuniga 70 ta soʻrov oladi. "Bu odamlarning hech biri oxir dunyoga tayyorgarlik koʻrayotganini aytmaydi. Ular geosiyosiy bosim davrida Yangi Zelandiyada dam olib ishlarini boshqarmoqchi ekanlarini aytishadi.

Demak, boylarning oʻzgacha koʻngilxushlik qilishi uchun bunkerlar masalasi jiddiyga oʻxshamaydi. Biroq bir xulosa koʻngilni gʻash qiladi: nega elita oxirgi paytda boshpana qidirib qolgan boʻlsa? Nega Rossiya Ukrainaga bostirib kirganidan keyin yertoʻlaga buyurtmalar koʻpaydi? Ehtimol ular biror falokatni oldindan bilishayotgandir? Yoki, undan ham yomonrogʻi, oʻzlari yadro urushini tashkillashtirib, biror uzoqroq joyda "loyqa suv tinishini" kutib oʻtirmoqchi boʻlishayotgandir?..

telegram
telegram

Telegramda kuzatib boring!

Platina
© 2024 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+