Ibn Sino ingliz, Toʻmaris qozoq, Bobur hind, Manguberdi turk, Amir Temur?..
Shunday ajdodlarimiz kelajakda avlodlari tomonidan sotilishini bilishganida nom chiqarmay oʻtib ketgan boʻlisharmidi...
Shunday ajdodlarimiz kelajakda avlodlari tomonidan sotilishini bilishganida nom chiqarmay oʻtib ketgan boʻlisharmidi...
Bizning buyuk tariximizda shunday bir shaxslar oʻtganki, ularni hatto butun dunyo hurmat qiladi, eshitganda "Vo!" deydi... Jaloliddin Manguberdi, Amir Temur, Alisher Navoiy, Bobur, Mirzo Ulugʻbek... deb ogʻiz koʻpirtirishni, maqtanishni va soxta ochko ishlashni juda yaxshi koʻramiz. Ularning roʻyxati juda uzun va xayriyatki, hammasi oʻzbek zaminida tugʻilgan, qadimgi oʻzbek tilida soʻzlashgan va millati ham oʻzbek boʻlib qoladi. Ammo bunday buyuk ajdodlarimizni biz avlodlar hozir boshqalarga sotyapmiz.
Kinematografiya agentligi matbuot kotibi Shohira Hamro Feysbukda shunday post yozibdi: Bu gal Amir Temur zirak taqib koʻrinadi shekilli bizga. Kristian Mortensen — Amir Temur rolida. “Temurlang” badiiy filmi. 2023 yil".
Hech bir narsa vatanni sportchalik dunyoga tanita olmasligi mumkin, ammo biz bu gapni oʻzgartiramiz. Kino butun dunyoda har qanday darajada taʼsir oʻtkaza olidagan qudratga ega. Xohlasa, bir davlatni loyga bulab, yomonotliq qiladi, istasa, uni koʻklarga koʻtarib, olqish va hurmatlarga sazovor etadi. Bu faqat kinoning qoʻlidan keladi!
Hurmatli Shohida Hamro, avvalo "Temurlang" emas, "Tamerlan". Xorijda uni shunday atashadi. Oʻzbekistonda Amir Temur. Xoʻsh, Amir Temur kim, Mortensen kim va kinoni kim olyapti? Eng muhim savol: siz qayerda ishlaysiz? Oʻta dolzarb jumboq: oʻzbek kinosiga javobgar kattakonlar nima ish bilan band?
Oʻzbek kinosidagi shaxslar birovning zirak taqishini muhokama qilyapti. Xuddi oʻzbekcha kino va serialdagi mavzulardagi singari. Hammasi maydakash va oʻta maishiy. Shuning kasriga buyuk ajdodlarimizni boshqalar ilib ketyapti. Masalan, "Avitsenna shogirdi" degan kinoda Ibn Sino obrazini ingliz aktyori Ben Kingsli oʻynagan. "Tomiris" degan qozoq kinosida Toʻmaris rolini Almira Tursun oʻynagan. Jaloliddin Manguberdi rolini esa turk aktyori ijro etyapti. Bobur rolini Kunal Kapur maromiga yetkazgan.
Shavkat Mirziyoyev prezident etib saylangan ilk yillarida aynan tarixiy kinolarni koʻpaytirishni topshirgan va kinochilarimizning azaliy bahonasi — pulni ayamagan. Oʻsha paytda "Oʻzbekkino" agentligi yangi rahbariyati oʻzicha bor eʼtiborini tarixiy filmlar yaratishga qaratgandek koʻrsatdi, milliardlab pullar soʻraldi. Lekin natija nima boʻldi?
Kimdir Ibrat, boshqasi Islomxoʻja, yana bittasi Qoʻqon xonligi, ayrimlar umumiy tarixiy jarayonlar haqida kinolar ishlashga kirishib ketishdi. Bunaqa shaxslar borligini ayrim oʻzbeklar shunda bildi, xorijliklarni-ku qoʻya turaylik. Lekin shundayam esdan chiqib boʻldi. Xoʻsh, butun dunyo taniydigan Temur, Bobur, Navoiy, Ibn Sino, Ulugʻbek, Buxoriy kabi shaxslar haqidagi kinolar qani?
Bobur desa hamon Muhammadali Abduqunduzov, Navoiy desa Razzoq Hamroyev xayolimizda gavdalanadi. Bu kinolar eski Oʻzbekiston tugul, eski ittifoq paytida suratga olingan. Amir Temur haqida serial olingan, Behzod Muhammadkarimov oʻynagan. Bunaqa arzon, sifatsiz, saviyasiz va hafsalasiz ishlangan kinoni daladagi choʻpon ham anglab yetgan oʻshanda.
Xoʻp, Toʻmaris haqida qozoq birodarlarimiz zoʻr kino ishlashni boshlaganida bizning kinochilarimiz, kinoga masʼul kattakonlar qayerda nima qilayotgan edi? Masalan, massagetlar qozoq emas, oʻzbek zaminida yashagan, degan gapga kim ishonadi? Amir Temur zirak taqib yurmagan, desak, kim ishonadi? Bunaqa lattachaynar gaplardan koʻra, amaliy ishlarni koʻrsatish kerakmasmi? Oʻzbek kinosini-ku oʻldirish tugul koʻmib ham boʻldinglar.
Ertaga boshqa allomayu podshohlarimizni ham qoʻshnilarimiz ilib ketadi. Kinoga masʼullarimiz esa oʻshanda ham "unisining qoshi qiyshiq ekan", "bunisi siyrak soqol ekan", "bu aktyorning orqasi ozgʻin ekan" degan diydiyolarni gapirib oʻtiraversa kerak.
Hurmatli oʻzbek kinosining korchalonlari, sizlar birovning ziragini chaynamasdan, oʻz ishingizni qilganingizda bu gaplarga hojat ham qolmasdi, afsus...