Qozogʻistonda 2022 yil yanvar voqealari ishtirokchilariga hukmi oʻqildi
Olmaota shahrida 2022 yil yanvarda roʻy bergan ommaviy tartibsizliklarning 25 ishtirokchisiga nisbatan jinoyat ishi koʻrib chiqildi. “Kazinform” axborot agentligi shu haqda xabar bergan.

Olmaota shahar Bostandik tuman sudi koʻrib chiqqan ish materiallariga koʻra, sudlanuvchilar binolarga noqonuniy kirish, transport vositalarini oʻgʻirlash, qurol-yarogʻ va oʻq-dorilarni oʻgʻirlash, davlat xizmatchilariga hujum qilish, ularning mol-mulkiga zarar yetkazish va yoʻq qilish bilan oʻta yirik miqdorda oʻgʻirlik kabi jinoyatlarga qoʻl urgan.
Bundan tashqari, sudlanuvchilar qoʻriqlanadigan obʼektlarga, jumladan, xavfli ishlab chiqarish obʼektiga noqonuniy ravishda kirib, katta miqdorda zarar yetkazgan.
“Sudda barcha ayblanuvchilar amnistiya qilindi. Qozogʻiston Respublikasi “Amnistiya toʻgʻrisida”gi qonunni qoʻllagan holda 20 kishiga 9 oydan 1 yilu 9 oygacha boʻlgan shartli qamoq jazosi tayinlandi. Toʻrt sudlanuvchiga amnistiya haqidagi qonun qoʻllanib, jazodan ozod etilgan. Ishtirokchilardan biri avval vafot etgani bois, unga nisbatan qoʻzgʻatilgan jinoiy ish yopilgan. Sud hukmi hali kuchga kirgani yoʻq”, deya xabar bergan tuman sudining matbuot xizmati.
Sudlanuvchilarga jazo tayinlashda ularning toʻla yoki qisman pushaymonligi, muqaddam sudlanmagani, yoshligi, huquqbuzarlikni sodir etishdan avvalgi va keyingi xulq-atvori, voyaga yetmagan farzandlarining mavjudligi, jinoyatning ijtimoiy xavflilik darajasi, jinoyatning favqulodda holat sharoitlarida sodir etilgani kabi jihatlar inobatga olingan.
Qozogʻistonda 2022 yilning yanvar oyi boshida kelib chiqqan ommaviy noroziliklarga Gʻarbiy Qozogʻistondagi Janaozen va Aqtau shaharlari aholisi suyultirilgan gaz narxining ikki barobar oshirilishi sabab boʻlgan edi. Keyinroq norozilik namoyishlari boshqa shaharlarga, jumladan, eski poytaxt va Respublikaning eng yirik shahri Olmaotaga ham tarqaldi. Bunga javoban rasmiylar 19 yanvarga qadar butun mamlakat boʻylab favqulodda holat eʼlon qildi va aksilterror operatsiyasini boshladi.
BMT maʼlumotlariga koʻra, Qozogʻistondagi namoyishlar chogʻida 1000 ga yaqin odam jarohatlangan. Mamlakat Bosh prokuraturasi maʼlumotlariga koʻra, tartibsizliklar natijasida 4578 kishi jarohatlangan, 225 kishi halok boʻlgan, ulardan 19 nafari xavfsizlik xizmati xodimlaridir.