Xitoy bir yillik sukutni buzdi
Rossiyaning Ukrainaga bosqini masalasida doim neytral boʻlib kelgan Xitoy nihoyat bir yillik sukunatni buzdi. BMT Bosh Assambleyasining Rossiyani Ukrainaga qarshi urushda agressor deb tan olish haqidagi rezolyutsiyasiga Xitoy delegatsiyasi ijobiy ovoz berdi.

Avvallari Xitoy shu mazmundagi rezolyutsiyalarga ovoz berishda betaraf pozitsiyada boʻlar edi.
Mazkur rezolyutsiya uchun 122 mamlakat delegatsiyasi, jumladan, Qozogʻiston, Armaniston, Gruziya va Rossiya rasmiylari "doʻstona" deb ataydigan boshqa davlatlar – Hindiston, Braziliya va Turkiya ham ijobiy ovoz berdi. Ovoz berishda 18 davlat, jumladan, Oʻzbekiston, Tojikiston, Qirgʻiziston, Eron va Janubiy Afrika Respublikasi betaraf qolgan. Rossiya, Belarus, Kongo Demokratik Respublikasi, Nikaragua va Suriya esa qarshi ovoz bergan.
Rezolyutsiya mualliflari Rossiya harbiy agressiyasi qurbonlariga yetkazilgan zararni qoplash, xalqaro huquq meʼyorlarini buzishda aybdor boʻlgan barcha shaxslarni javobgarlikka tortishni talab qilishmoqda.
Ukrainadagi urush rezolyutsiyaning asosiy mavzusi emas edi, shuning uchun Xitoy va boshqa mamlakatlarning uni quvvatlab bergan ovozi Rossiyaning Ukrainadagi harakatlariga nisbatan pozitsiyasi oʻzgarganidan dalolat beradimi, yoʻqmi, aniq emas. Avvalroq Xitoy barcha tomonlar manfaatlarini inobatga olgan holda tinchlikka erishish zarurligini eʼlon qilib, Moskvani tanqid qilishdan oʻzini tiyib kelgan. Xitoy vakillari ovoz berish natijalari boʻyicha hozircha izoh bermadi.
Oʻz navbatida Rossiyaning BMTdagi vakili Gʻarb davlatlarini rezolyutsiyani "siyosiylashtirishda" ayblab, hujjatdan Rossiyani qoralovchi bandni olib tashlashga chaqirdi. Biroq bu taklif qoʻllab-quvvatlanmadi.