Deputatlar uch yil kutilgan “Pedagog xodimning maqomi toʻgʻrisida”gi qonun loyihasini qabul qildi
Mazkur qonun loyihasi uch yildan beri Oliy Majlis palatalari muhokamalariga qoʻyilmasdan oʻqituvchilarning hafsalasini pir qilib kelayotgandi. Nihoyat, Oliy Majlis deputatlari mazkur qonun loyihasini qabul qilishdi. Xoʻsh, yangi qonun loyihasida kutilgan oʻzgarishlar oʻz ifodasini topganmi?

Oʻqituvchilar millatimiz kelajagi shakllanishiga eng salmoqli ulush qoʻshuvchi soha vakillari hisoblanishadi. Biroq mantiqqa koʻra eng hurmatli tabaqa boʻlishi lozim boʻlgan oʻqituvchilar shu paytgacha “rayono” va hokimiyatlarning yugurdagi vazifasini bajarishdi. Koʻcha supurishdan tortib, saylovlarda xizmat qilish uchun ham oʻqituvchilar yugurtirildi. Paxta terimlariniku oʻqituvchisiz tasavvur qilib boʻlmasdi.
Uyma-uy yurib, qaysidir aqli noqis rahbarning oʻziga oʻxshagan bemaʼni va samarasiz gʻoyalarini amalga tatbiq va targʻib etishda ham bechora oʻqituvchilar jalb etildi. Bu oʻqituvchilarimizning aybi – u byudjetdan maosh oladi. Aslida oʻqituvchi oʻsha arzimagan chaqalarni ham qon yutib, azobli mehnat bilan oladi. Turli konspektlar yozish, buxgalterga oʻxshab ball qoʻyish tizimlari va yana allaqancha keraksiz qogʻozbozliklar oʻqituvchining sillasini quritib, vaqtini isrof qilmoqda. Oʻquvchilarning roʻmoliyu, kalta kiyimi, paypogʻining kaltaligini poylab yurish kabi ishlar ham bechora oʻqituvchining zimmasida. Agar inson huquqlari buzilayotganidan ogʻiz ochilsa, darrov oʻqituvchi aybdor qilinadi. Buyruq bergan amaldorlar “biz aytmadik, oʻzlaridan chiqqan tashabbus”, deb suvdan quruq chiqishadi.
Xullasi kalom, oʻqituvchilar oʻquvchilarga bilim berish va taʼlim jarayonini nazorat qilishdan boshqa hamma ish bilan shugʻullanishmoqda.
Asosiy ish bilan – sifat taʼlimi va natijalar bilan birovning ishi yoʻq. Chunki ishi boʻlishi lozim boʻlgan masʼulllarning jigarbandlari yoki xorijda, yoki pullik shaxsiy maktablarda yayrab oʻqishadi.
Bunday mantiqsiz quldorlikka chek qoʻyish uchun mavjud qonunlar yetarli boʻlmadi shekilli, (toʻgʻrirogʻi, ularning ijrosini taʼminlay olishmadi) “Pedagog xodimning maqomi toʻgʻrisida”gi alohida qonun qabul qilishga ehtiyoj tugʻildi. Ushbu qonun loyihasi uch yildan beri muhokamalarga qoʻyilmasdan oʻqituvchilarning hafsalasini pir qilib kelayotgandi.
Nihoyat Oliy Majlis deputatlari mazkur qonun loyihaini qabul qilishdi.
Taʼkidlash kerak, “Pedagog xodimning maqomi toʻgʻrisida”gi qonun loyihasida oʻqituvchilar kutgan ayrim yengillik va imtiyozlar nazarda tutilgan.
Masalan, ushbu qonun loyihasi bilan taʼlim tashkilotlari pedagog xodimlarining huquqlari, shaʼni, qadr-qimmati va ishchanlik obroʻsi davlat himoyasi ostida boʻlishini kafolatlash maqsadida shaʼni, qadr-qimmatini himoya qilish masalasida va mansabdor shaxslarning xatti-harakatlari ustidan sudga murojaat qilganida davlat bojini toʻlashdan ozod etish taklif etilmoqda.
Shuningdek, qonun loyihasida pedagog xodimni lavozim majburiyati va kasbiy faoliyati bilan bogʻliq boʻlmagan ishlarga, yigʻilishlar va boshqa tadbirlarga jalb qilishni taqiqlash, ilk bor kasbiy faoliyat boshlayotgan shaxsga bir oʻquv yili davriga oʻqituvchi-murabbiylikni amalga oshiruvchi pedagog xodimni biriktirish nazarda tutilyapti.
Shu bilan birga, davlat taʼlim tashkilotlarida faoliyat yuritayotgan pedagog xodimlarni davlat sogʻliqni saqlash muassasalarida majburiy tibbiy koʻrikdan bepul oʻtishi, pedagog xodimning kasbiy faoliyati davomida yuqumli kasalliklarga qarshi bepul profilaktik emlash davlat tomonidan taʼminlanishi aks etmoqda.
Qolaversa, ellik olti ish kunidan iborat yillik haq toʻlanadigan uzaytirilgan taʼtil berish belgilanmoqda.
Muhokamalar davomida deputatlar ushbu qonunning bugungi kundagi zarurati va ahamiyatini eʼtiborga olib, uni yanada takomillashtirish, pishiq-puxta holatga keltirish, maromiga yetkazish boʻyicha bir qator takliflar berishdi.
Ushbu hujjat oʻqituvchilarning obroʻsini oshirish, qadr-qimmatini himoya qilish, ularning ijtimoiy va moddiy farovonligini taʼminlashga xizmat qilishi qayd etildi.
Biroq tan olish kerak, qonun loyihasida koʻpchilik pedagoglar kutgan imtiyoz va yengilliklar berilmagan. Xususan, uy olishga qiynalib yurgan yosh murabbiy va oʻqituvchilarning imtiyozli ipoteka krediti borasidagi xayollari sovun pufagidek yorildi.
Chunki bu imtiyozlarga ega boʻlish uchun Qashqadaryo viloyatining chekkasida joylashgan, hatto xaritada yoʻq biror qishloqqa borib, 10 yil oʻqituvchilik qilish talab etiladi. Shunda ham oʻsha qishloqda uy qurib olishingiz, yoki tayyorini sotib olishingiz uchun kredit beriladi, xolos.
Yangi qonundagi ayrim bandlar esa boshqa qonunlarning shunday mazmundagi satrlarini koʻchirib olib yopishtirilgandek koʻrinadi.
Bu qonun ijrosi qanday taʼminlanishi va bunga aynan qaysi tashkilot masʼul boʻlishi ham nomaʼlum qolmoqda.