Ajrimlar reytingi boʻyicha dunyo statistikasi eʼlon qilindi
Ajrimlar tahlillari Yevropa, Osiyo va Sharq davlatlaridagi statistik maʼlumotlarga asoslangan. Tahlillar reytingida esa Oʻzbekistonning ham oʻz oʻrni bor.

Oila muqaddas tushuncha. Erkak va ayol oʻzaro muhabbat, maʼlum manfaatlar va umumiy taqdirni baham koʻrish uchun nikohlanib, oila degan aravani birga torta boshlaydi. Ammo shunday vaziyatlar boʻladiki, oila aravasini birga tortish ogʻirlik qilib qoladi. Yoki uni birga tortishdan maʼni qolmaydi.
Bir soʻz bilan aytganda, nikoh va ajrashuv yonma-yon yuradi. Har yili minglab oilalar quriladi va yana minglab oilalar buzilib ketadi. Statistikada buning hisobi ham alohida yuritiladi. Har ming kishiga nisbatan nikohlar soni va ajralganlar soni “promille”da , bir yil ichida nikoh qurgan oilalar sonining ajrashuv qayd etilgan oilalar soniga nisbati esa foizda oʻlchanadi.
Bu borada dunyo statistikasini kuzatsak, qiziq raqamlarni koʻrish mumkin.
Darhaqiqat, World of Statistics eʼlon qilgan maʼlumotlarga koʻra, Portugaliya ajrashuvlar reytingida 94 foiz koʻrsatkich bilan birinchi oʻrinda turibdi. Undan keyin Ispaniya (85%), Lyuksemburg (79%) va Rossiya (73%) keladi.
Osiyo va Sharq davlatlari bu roʻyxatning oxirida albatta. Eng kam ajralish foizi Hindistonda qayd etilgan (1%). Undan balandroq “pillapoya”larni 7% koʻrsatkich bilan Vetnam, 10 foiz koʻrsatkich bilan Tojikiston va 14 foiz bilan Eron band etgan.
Germaniya (38%), Buyuk Britaniya (41%), Avstraliya (43%), AQSh (45%), Janubiy Koreya (46) kabi rivojlangan davlatlarda ajralish darajasi 50 foizga yetmaydi. Yaʼni ularda har yili qurilgan oilalarning yarmidan kamrogʻi ajrashib ketadi.
Oʻzbekiston bu roʻyxatning pastidan oʻrin olgan. Mamlakatimizda oʻtgan yili 197 mingta nikoh qayd etilgan boʻlsa (7,4 promille), 34 400 ta nikoh bekor qilingan (1,4 promille). Ajrashuv darajasi 17 foizga teng boʻlgan. Demak, bu jihatdan biz dunyo reytingida Meksika, Misr va Janubiy Afrika respublikalari bilan baravar mavqedamiz.
Qizigʻi shundaki, haqiqiy osiyocha va sharqona stereotiplarga mos tushadigan Saudiya Arabistonida ajrashishlar darajasi 37 foizni tashkil etar ekan.
Geografik jihatdan Sharq va Gʻarb oʻrtasida joylashgan, tabiiyki mentaliteti ham shunga mos boʻlgan Isroilda bu koʻrsatkich 27 foiz, Turkiyada esa 25 foizga teng. Bu davlatlarga esa mentalitetni sabab qilib boʻlmaydi. Ularni boshqa omillar fonida oʻrganish lozim. Bu esa keyingi mavzu.