Farroshlarga noqonuniy tarzda kam maosh bergan rahbarlar jazolanadimi?

Ijtimoiy tarmoqda farroshlarning ish haqini oshirish boʻyicha koʻplab muhokamalar boʻlgan. Koʻp joylarda ularning oylik maoshi Oʻzbekistonda belgilangan eng kam ish haqidan ham ozligi eʼtirozlarga sabab boʻlgan.

Jamiyat
19-may 2023 yil
Farroshlarga noqonuniy tarzda kam maosh bergan rahbarlar jazolanadimi?

Mehnat kodeksining 245-moddasiga koʻra, mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdori bir vaqtning oʻzida belgilanadi hamda tashkiliy-huquqiy shakllaridan, mulkchilik shakllaridan va idoraviy boʻysunuvidan qatʼi nazar, barcha ish beruvchilar uchun majburiy hisoblanadi.

Prezidentning 2023 yil 28 martdagi “Ish haqi, pensiyalar va nafaqalar miqdorini oshirish toʻgʻrisida”gi farmoniga koʻra, 1 maydan boshlab mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdori — oyiga 980 000 soʻm etib belgilangan.

Bandlik vazirligi ushbu holatni oʻrganib chiqib, farroshlarga kam oylik toʻlanishini qoralagan. Ammo bunday qonunbuzilishga yoʻl qoʻygan rahbarlar aniqlanishi, ularga qanday jazo berilishi va muhimi, ularning shaxsi ochiqlanishi aytilmagan.

Vazirlar Mahkamasining 2005 yil 21 dekabrdagi 276-son qaroriga muvofiq, shifoxonalarning sanitarkalari (farrosh vazifasini bajaradi) oylik maoshi 1 495 480 soʻmni tashkil etadi.

Ish beruvchilar farroshlarga qonunchilikda belgilangan mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdori (980 000 soʻm) dan koʻp miqdorda ish haqi belgilashi va boshqa qoʻshimcha toʻlovlarni toʻlashi mumkin.

Xizmatchilarning asosiy lavozimlari va ishchilar kasblarining klassifikatorida quyidagicha maosh berilishi kerak:

  • yotoqxona farroshiga (2-3 razryad, yaʼni 1 031 940 - 1 083 880 soʻm);
  • podezd farroshiga (2-3 razryad, yaʼni 1 031 940 - 1 083 880 soʻm);
  • hudud farroshiga (ishlab chiqarish, xizmat) (1-2 razryad, yaʼni 980 000 - 1 031 940 soʻm);
  • ishlab chiqarish xonalari farroshiga (2-3 razryad, yaʼni 1 031 940 - 1 083 880 soʻm);
  • xizmat xonalari farroshiga (1-2 razryad, yaʼni 980 000 - 1 031 940 soʻm);
  • xojatxona farroshiga (koʻchalar, parklarda) (2-3 razryad, yaʼni 1 031 940 -1 083 880 soʻm).
© 2024 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+