Avtomobillarni ijaraga yoki lizingga berishdagi firibgarliklar koʻpaygani maʼlum qilindi

“Bu kabi voqealarning koʻp uchrayotgani qonunchilik hujjatlariga ushbu holatlarning oldini olish boʻyicha taʼsirchan chora-tadbirlarni nazarda tutuvchi oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish zaruratini keltirib chiqardi”, demoqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Javlon Ergashev.

Jamiyat
17-may 2023 yil
Avtomobillarni ijaraga yoki lizingga berishdagi firibgarliklar koʻpaygani maʼlum qilindi

Oliy sud tomonidan taqdim etilgan maʼlumotlarga koʻra, avtomobillarni ijaraga yoki lizingga berishdagi firibgarlik jinoyati boʻyicha 2020 yilda 10 nafar shaxsga nisbatan ayblov hukmi chiqarilgan boʻlsa, 2021 yilga kelib ushbu koʻrsatkich 2 baravar ortib, 22 nafarni tashkil etgan.

Mazkur jinoyatlar oqibatida fuqarolarga yetkazilgan zarar 2020 yilda 8,2 mlrd. soʻmni tashkil etgan boʻlsa, 2021 yilda ushbu koʻrsatkich qariyb 9 baravar ortib, 69,3 mlrd. soʻmga yetgan. Qolaversa, ushbu jinoyat tufayli 16 805 nafar shaxs jabr koʻrgan.

Bu kabi voqealarning koʻp uchrayotgani qonunchilik hujjatlariga ushbu holatlarning oldini olish boʻyicha taʼsirchan chora-tadbirlarni nazarda tutuvchi oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish zaruratini keltirib chiqardi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining majlisida koʻrib chiqilgan “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga ijara va lizing munosabatlarini tartibga solishga qaratilgan oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qonun loyihasida bu boradagi muammolar yechimiga qaratilgan yangiliklar aks etmoqda.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Javlon Ergashevning izoh berishicha, mazkur qonun loyihasida ijara va lizing munosabatlariga oid 2 ta qonunga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish nazarda tutilmoqda.

– Birinchidan, “Ijara toʻgʻrisida”gi qonunda keyinchalik sotib olish sharti bilan ijaraga berish shartnomasining aniq taʼrifi, shartnoma obʼektini tasarruf etish va garovga qoʻyish, shuningdek, undiruvga qaratishning oʻziga xos xususiyatlari aks ettirilmoqda.

Ikkinchidan, “Lizing toʻgʻrisida”gi qonunda lizing shartnomasi tuzilgan vaqtdan eʼtiboran shartnoma obekti lizing beruvchi tomonidan majburiyatlar bajarilishini ta’minlash uchun lizing oluvchida garovga olingan deb hisoblanishi belgilanmoqda, – deydi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Javlon Ergashev.

Shu bilan birga, lizing beruvchi lizing oluvchining roziligini olmay turib, lizing obʼektini boshqacha tarzda tasarruf etish huquqiga ega emasligi nazarda tutilmoqda.

© 2024 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+