AQSh defolt ehtimoliga ikki hafta qoldi
AQSh Kongressining byudjet boshqarmasi ogohlantirishicha, 1 iyundayoq defolt yuzaga mumkin va mamlakat oʻz tashqi federal qarzlari yuzasidan toʻlovlarni amalga oshira olmay qolish ehtimoli kuchli.

Vashingtonning AQSh hukumati qarz limitini 31,4 trillion dollarga koʻtarish borasidagi munozaralar hamon yakuniga yetgani yoʻq. Dunyo iqtisodiyoti AQSh iqtisodiyotining joriy holatiga bevosita qaramligi bois, bunday noaniqlik global moliyaviy xavotirlarga sabab boʻlmoqda. Chunki Kongressning yangi va xolis hisobotida iyun oyining dastlabki ikki haftasida tarixiy defolt roʻy berish ehtimoli mavjudligi keltirilgan. Mazkur hisobot moliya vaziri Janet Yellenning “defolt 1 iyunda yuzaga keladi”, degan ogohlantirishini ham isbotlaydi.
“Ana shu ikki hafta ichida AQSh hukumati oʻz qarzlarini toʻlay olmay qolishi mumkin”, deyiladi Kongress hisobotida.
Prezident Jo Bayden va uning Kongressdagi demokrat safdoshlari qonun bilan belgilangan davlat qarzlari limitini darhol, hech bir shartlarsiz 31,4 trillion dollarga koʻtarishni talab qilishmoqda.
Vakillar palatasida kamroq taʼsirga ega respublikachilar esa yangi cheklovni keyingi xarajatlar uchun oʻrnatishmoqchi. Yaʼni avvalgi xarajatlarga qoʻshimcha toʻlovlar ajratishga rozilik berishga shoshishmayapti.
Yaponiyada Katta yettilik davlatlari (G7) moliyaviy idoralari vakillari uchrashuvida Jahon banki prezidenti Devid Malpassning bayonot berishicha, AQSh tarixida birinchi bor defolt roʻy berish ehtimoli shundoq ham sekinlashish arafasida turgan jahon iqtisodiyoti uchun katta va jiddiy muammolar tugʻdirishi mumkin.
"Dunyodagi eng yirik iqitisodiyotdagi falokat hamma uchun falokatga aylanadi", — degan Malpass Reuters nashriga bergan intervyusida.
AQSh prezidenti Bayden esa ana shunday muammolar fonida 18 may kuni Yaponiyaning Niigata shahrida boshlanadigan G7 yetakchilari uchrashuviga yoʻl olmoqchi. Garchi u avvalroq, agar u va Kongress oʻrtasida limit masalasida kelishuvga erisha olmasa, bu safarini bekor qilishi mumkinligini aytgandi.
Bayden hamda AQSh Vakillar palatasi spikeri Kevin Makkarti (Kaliforniya shtatidan saylangan respublikachi) tan olishicha, hamon bu muammoga yechim topilmagan. Oq Uy va Kongress oʻrtasidagi muzokaralar esa hozircha natija bermayapti.
AQShning federal qarz limiti haqidagi munozaralar davom etar ekan, Vakillar palatasining demokratlaridan biri Ebigeyl Spanberger qonunchilar diqqatini tortishi mumkin boʻlgan yangi gʻoya bilan chiqdi. Demokratik partiya vakili toki qarz limiti muammosi hal qilinmagunicha, AQSh Kongressini aʼzolarining maoshlarini bermay turishni taklif qildi.