platina.uz
Jamiyat

DXX Jizzax va Andijonda mansabdorlarning jinoyatini fosh etdi

Hozirda holat yuzasidan ushbu shaxslarga nisbatan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qoʻllanilgan.

DXX Jizzax va Andijonda mansabdorlarning jinoyatini fosh etdi

Jizzax shahrida yashovchi yakka tartibdagi tadbirkor chorvachilik bilan shugʻullanish maqsadida 2020 yilda bankdan 200 mln. soʻm miqdorida imtiyozli kredit olgan va ushbu mablagʻ hisobidan qoramol sotib olib, oilaviy tadbirkorlikni yoʻlga qoʻygan.

Biroq, joriy yilning fevral oyida kredit bergan bank tadbirkor tomonidan kredit mablagʻi maqsadsiz sarflangan degan xulosa bilan viloyat prokuraturasiga chora koʻrish uchun murojaat qilgan.

Oʻz navbatida, oʻrganib chiqish va qonuniy qaror qabul qilish uchun mazkur murojaat Jizzax shahar prokuraturasiga yuborilib, uning nazorati viloyat prokuraturasi boʻlim prokuroriga yuklatilgan.
Murojaatni oʻrganib chiqqan Jizzax shahar prokuraturasi tomonidan jinoyat ishi qoʻzgʻatish rad etilgan. Lekin viloyat prokuraturasining boʻlim prokurori esa goʻyoki uning oʻzi tadbirkorga nisbatan jinoyat ishi qoʻzgʻatishni rad etganligini iddao qilib, “xizmati” evaziga undan 1300 AQSh dollari olgan vaqtida Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Hozirda mazkur shaxsga nisbatan Jinoyat Kodeksining 25,168-moddasi va 28,211-moddasi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qoʻllanilgan.

Jizzax viloyatidagi tuman hokimliklaridan birining yuriskonsulti xizmat mavqeidan foydalangan holda, oʻz vakolatiga kirmasligini bila turib, chorvachilik va baliqchilikka ixtisoslashgan fermer xoʻjalikning boshqaruvi boʻyicha yuzaga kelgan muammoni tanishlari orqali mazkur xoʻjalikning qonuniy rahbari foydasiga hal qilib berish evaziga 5 ming AQSh dollari talab qilib, oldindan 3 ming AQSh dollari olgan vaqtida Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan ushlandi.

Maʼlum boʻlishicha, u muqaddam Jinoyat Kodeksining 210-moddasi bilan sudlanib, jinoiy javobgarlikka tortilgan boʻlsada, oʻz xatosidan toʻgʻri xulosa chiqarmagan.

Hozirda mazkur shaxsga nisbatan Jinoyat Kodeksining 25,168-moddasi va 28,211-moddasi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan.

Energetika vazirligi huzuridagi Neft mahsulotlari va gazdan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasining Andijon viloyati hududiy boʻlimi mansabdor xodimi Asaka tumanida faoliyat yurituvchi MChJga neft mahsulotlarini ulgurji sotish bilan shugʻullanishi uchun litsenziya olishda zarur boʻladigan xulosa tayyorlab berish evaziga 3 ming AQSh dollari va litsenziya olib berish uchun “Oʻzneftgazinspeksiya”da ishlovchi tanishiga 10 ming AQSh dollari berishi kerakligini aytib, MChJ taʼsischisidan 13 ming AQSh dollari talab qilgan.

Davlat xavfsizlik xizmati va viloyat prokuraturasi xodimlari tomonidan oʻtkazilgan tezkor tadbirda mazkur mansabdor shaxs soʻralgan pul mablagʻini oʻzining boʻysinuvida boʻlgan xodim orqali olgan vaqtda, ularning noqonuniy harakatlariga chek qoʻyilgan.

Hozirda holat yuzasidan ushbu shaxslarga nisbatan Jinoyat Kodeksining 210-moddasi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qoʻllanilgan.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid