“Har yili 300-400 ming malakali mutaxassis kerak, ammo...”
Har yili kasb-hunarga oʻqitishga 200 milliard soʻm ajratilmoqda. Ammo bu mablagʻlar tadbirkorlik subʼektlarining mutaxassislarga ehtiyoji bilan bogʻlanmagan.

Raqamlarga koʻra, har yili 100 mingta zamonaviy korxona ishga tushmoqda. Ularga 300-400 ming malakali mutaxassis kerak. Shuningdek, xususiy sektorda yiliga 200 mingta boʻsh ish oʻrni paydo boʻlmoqda.
“Lekin kasb-hunar maktablari, kollej, texnikum va monomarkazlarda buncha malakali mutaxassisni tayyorlashga salohiyati hali yetarli emas, – dedi Prezident Shavkat Mirziyoyev.
Shuningdek, tahlillarga koʻra, oxirgi besh yilda tadbirkorlar soni 285 mingdan 590 mingtaga koʻpaygan. Bu bitta tumanda 2,5 mingdan ortiq yoki bir mahallada 50 nafardan tadbirkorlar sinfi shakllandi degani.
Har yili kasb-hunarga oʻqitishga 200 milliard soʻm ajratilayotgani, ammo bu mablagʻlar tadbirkorlik subʼektlarining mutaxassislarga ehtiyoji bilan bogʻlanmagani koʻrsatib oʻtildi.
Xuddi shunday, tadbirkor ham yiliga katta xarajat qilib, oʻzi uchun minglab mutaxassis tayyorlashga majbur. Lekin bunda davlat qoʻllab-quvvatlovi kerak.
Prezident aholi bandligini taʼminlash va malakali mutaxassislar tayyorlash samaradorligini oshirish maqsadida tadbirkorlikka yanada keng imkoniyatlar yaratish va moliyaviy ragʻbatlar taqdim etish zarurligini qayd etdi.
Shu maqsadda 1 iyundan boshlab “20 ming tadbirkor – 500 ming malakali mutaxassis” dasturi amalga oshiriladi.
Dasturga 2023-2024 yillarda jami 1 milliard dollar ajratiladi.
Bu mablagʻlar hisobidan:
- kambagʻal oilalar aʼzosini kasbga oʻqitib, ishli qilish boʻyicha loyiha ahamiyatiga qarab, amaldagidan past foizlarda va uzoqroq muddatga kredit beriladi;
- tadbirkorning “amaliy monomarkaz” tashkil qilish va jihozlash hamda kasbga oʻqitish xarajatlari toʻliq qoplab beriladi.