Turkiya kelajagi bugun hal boʻladi

Bugun Turkiyada prezidentlik va parlament saylovlari oʻtkazilmoqda.

Jahon
14-may 2023 yil
Turkiya kelajagi bugun hal boʻladi

Deyarli chorak asrdan beri mamlakatni boshqarib kelayotgan amaldagi prezident Rajab Tayyib Erdoʻgʻon uchun bugungi saylovlar muhim siyosiy palla hisoblanadi. Avvalgi ikki muddatga saylanish Erdoʻgʻonga uncha qiyinchilik tugʻdirmagan. Ammo bugun esa...

Dastlabki muddatga saylanish paytida barcha yangi saylangan prezidentlar kabi hamma siyosiy-iqtisodiy muammolarni avvalgi maʼmuriyatga toʻnkash mumkin. Keyingi muddatda esa Erdoʻgʻon nafaqat turk xalqining hurmatini qozona oldi, balki xalqaro hamjamiyatda Turkiya obroʻsini koʻtardi. Dunyoning yirik va qudratli mamlakatlari qatorida oʻz soʻziga va taʼsir kuchiga ega mamlakatga aylantirdi.

Ammo bugun esa... Bugun Erdoʻgʻon garchi sirtiga chiqarmasa ham xavotirlanishga arzigulik vaziyatda turibdi. Ayni paytda Turkiya aholisining kattagina qismi Erdoʻgʻondan “zerikkan”.

Uning avtokratik siyosati va Yevropa Ittifoqiga kirish niyatidan qaytib, 2018 yildan buyogʻiga Yevropaga yuzlanish boʻyicha birorta ham muzokaralarda ishtirok etmagani ayrim qatlamlarning manfaatiga zid keldi.

Tabiiyki, Gʻarb davlatlari ham Erdoʻgʻonning ketishini istaydi. Chunki uni koʻpchilik siyosatchilar “ikki frontga oʻynovchi” rahbar sifatida koʻrishadi.

Masalan, Erdoʻgʻon Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi munosabati bilan eʼlon qilinayotgan sanksiyalarga qoʻshilmadi. Rossiya yetakchisi Vladimir Putinga yovuz maxluq emas, balki muzokaralar yordamida qalbiga yoʻl topish mumkin boʻlgan murakkab rahbar sifatida qaradi.

Bu xatti-harakatlari bilan albatta Rossiya rahbariyatining ham “iliq” javoblariga sazovor boʻldi. Fransiya prezidenti urush boshlanganidan keyin Putin bilan eng koʻp muloqot qilgan rahbar sifatida maqtangan boʻlsa-da, uning uchrashuvlari va oʻnlab telefon soʻzlashuvlari hal qila olmagan masalalarni Erdoʻgʻon bir-ikkita soʻzlashuvlardan keyin hal qilib bera oldi.

Xususan, Ukraina gʻallasini eksport qilish uchun xavfsiz koridor ochilishi faqat Erdoʻgʻonning gʻalabasi, desak mubolagʻa boʻlmaydi.

Ammo shu bilan birga, u butkul Rossiya tarafda “oʻynagani” ham yoʻq. Qrim masalasida, umuman,  Ukrainaning hududiy yaxlitligi masalasida Erdoʻgʻonning qarashlari jahon hamjamiyatining fikriga ayni mos keladi. Agressiya boshlanganidan beri Turkiya Ukraina tarafida turdi.

Qurol-yarogʻ yetkazib berishda, jumladan, “Bayraktar” dronlarini yetkazib berishda Ukrainaga ustuvorlik berdi. Hatto Rossiyaning bu dronlarni soʻragan murojaatiga ham rad javobi berildi. Oʻndan ziyod dronlar va ularga kerakli jihozlar va raketalar Ukrainaga begʻaraz hadya qilindi.

Qrim masalasida Turkiya tutgan pozitsiyadan Qrimdagi antirossiya muxolifati yetakchisi Mustafo Kamol Jemiliyev ham qoniqish hosil qilgan va minnatdorligini yashirmagan.

Yaqinda bergan intervyusida “Hech kim qrim xalqini Rajab Tayyib Erdoʻgʻon kabi qoʻllab-quvvatlamagan”, deya bayonot bergan Qrimtatar milliy harakati rahbari Jemilev.

Rossiya bosqini tufayli jabr koʻrgan, ota-onasi va uyidan ajralgan ukrain bolalarining bir qanchasiga ham Turkiyadan joy berildi. Ularni qaynoq quchoq ochib kutib olishdi.

“Azovstal”ni qamal qilishganida va undan keyin asir olingan “Azov” jangchilarini Ukrainaga qaytarish boʻyicha muzokaralar ham Turkiyada va turk maʼmuriyati vositachiligida oʻtkazildi. Bu jihatdan Gʻarb Erdoʻgʻondan minnatdorligini yashira olmaydi.

Gʻarbning Turkiyadan minnatdorligi bu bilan cheklanib qolmaydi. Suriyadagi urush oqibatida boshpana izlab Yevropaga yoʻl olayotgan millionlab suriyalik qochqinlarni ham Turkiya oʻzida olib qolgani va ularga sharoit yaratib bergani bilan Erdoʻgʻon Yevropani maʼnan “qarzdor” qilib qoʻydi.

Albatta buning uchun tegishli milliardlar olindi, biroq Yevropaning manfaatlari samarali himoya qilindi.

Shu jihatdan olganda Erdoʻgʻonning migrantlarga munosabati ham islom talab qiladigan toqatga asoslanadi. Hatto Turkiyaning oʻzidagi ayrim guruhlar suriyalik arablarni haydashni talab qilishganida ham Erdoʻgʻon oʻz qarorida sobit turdi.

Lekin shularga qaramasdan, Erdoʻgʻonning “kursisi liqillab qoldi” deyish uchun ham asoslar yetarli. Erdoʻgʻon davrida Turkiya iqtisodiyoti gullab-yashnamadi, aksincha inflyatsiya va inqirozga uchradi.

Xalq orasidagi kattagina qatlam, hatto avval Erdoʻgʻonni saylagan odamlar orasida ham bugun “rais”ga qarshi ovoz berishga shaylangan odamlar topiladi.

Erdoʻgʻonning qudratli siyosiy figuraga aylangani uning siyosiy raqiblari tomonidan ham tan olingan. Erdoʻgʻondek “tebranmas” siyosatchini agʻdarish uchun muxolifatdagi olti partiya birlashib, ayni paytda yagona nomzod – Kamol Qilichdoroʻgʻlini koʻrsatishdi.

Bu partiyalar ichida islomiy qadriyatlar uchun kurashuvchi partiyalar borligi va ular ham Erdoʻgʻonga qarshi turishgani alohida eʼtiborga molik.

Mazkur olti partiya – SHP, Iyi Parti, Saadat partisi, Demokrat parti, Demokrasi ve Atilim Partisi hamda Gelecek’ning kamida 3 tasi – Saadat, DEVA hamda Gelecek saylov dasturiga qaraganda islomiy partiya hisoblanadi.

Qolgan partiyalar ham nomzodlari prezidentlikka saylansa, musulmonlar irodasi bilan ham hisoblashib siyosat yuritishini maʼlum qilgan.

Ayniqsa Saadat avvaldan islomiy partiya boʻlib, unga musulmonlarning tan olingan yetakchilaridan biri, sobiq bosh vazir, kashfiyatchi va olim Najmiddin Erbaqon asos solgan.

DEVA hamda Gelecek partiyalari esa Erdoʻgʻonning AK parti’dagi sobiq maslakdoshlari, xususan sobiq prezident Abdulloh Gul, sobiq vazirlar – Ali Baajan va Axmet Davutoʻgʻli tomonidan taʼsis etilgan va ular Erdoʻgʻonga qarshi turish uchun SNR vakili Kamol Qilichdoroʻgʻli bilan ittifoq tuzishgan.

Amaldagi prezidentga xos oʻzgarishlardan biri Rajab Erdoʻgʻonning 20 yillik boshqaruvi davrida Turkiya otaturkchilikdan voz kechib, konservativ va diniy gʻoyalarga qayta boshladi.

Erdoʻgʻonning oʻzi bir necha bor Otaturkning islohotlarini tanqid qildi — unga ayniqsa davlat dindan ajratilgan dunyoviylik tamoyili yoqmagan. Buning oʻrniga Erdoʻgʻon Turkiyaning islomiy oʻziga xosligini mustahkamlash tarafdori edi.

Amaldagi prezidentning mamlakat ichidagi muxoliflari u Turkiyada yangi sharqona mustabid tuzum qurayotganini aytishsa, Erdoʻgʻon tashqi siyosatda mintaqadagi taʼsirini kengaytirish uchun barcha ishni qilmoqda. Anqara Rossiya, Eron va Qatar bilan aloqalarni rivojlantirdi, Suriya va Liviyadagi manfaatlarini harbiy vositalar orqali belgiladi va himoya qildi.

NATO aʼzosi hisoblangan Turkiya Finlandiya va Shvetsiyaning alyansga qoʻshilishida muammo tugʻdirdi va bu bilan oʻzining taʼsiri faqat Qora dengiz mintaqasi va Yaqin Sharq bilan cheklanib qolmasligini namoyish etdi.

Xoʻsh, Erdoʻgʻon yutqazishi uchun asoslar bormi?

Buning 2 ta asosiy sababi va bitta qoʻshimcha omil mavjud.

Birinchi sabab — iqtisodiyot. Qachondir mamlakatni dunyoning yetakchi iqtisodiyotlaridan biriga aylantirishni vaʼda qilgan prezident uchun bu ulkan muvaffaqiyatsizlikdir. Qolaversa, Turkiyadagi inqiroz inson qoʻli bilan yaratildi.

2021 yil kuzida lira kursi pasaya boshlaganida, Erdoʻgʻon nazoratidagi Markaziy bank prezidentning koʻrsatmalari boʻyicha harakat qila boshladi.

Erdoʻgʻonning pul-kredit siyosati boʻyicha qarashlari esa bazaviy iqtisodiy qonunlar va sogʻlom aqlga toʻgʻri kelmadi.

Natijada inflyatsiya soʻnggi 24 yillikdagi rekord darajaga yetdi, barcha mahsulotlarning narxi koʻtarildi. Buning oqibatida azaldan Erdoʻgʻonning tarafdorlari boʻlganlar ham undan yuz oʻgira boshladi.

Ikkinchi sabab — birlashgan muxolifat. Olti partiya Erdoʻgʻonga qarshi yagona nomzod koʻrsatish maqsadida birlashdi. Jamoatchilik fikrini oʻrganish soʻrovlari esa prezident mashhurlikda asosiy raqibi Kamol Qilichdoroʻgʻliga yutqaza boshlayotganini koʻrsatdi.

Saylov kuni belgilanishi ortidan Turkiyada dahshatli zilzila yuz berdi. Va bu ham ovoz berish natijalariga taʼsir koʻrsatadigan omil edi.

Tabiiy ofatlar siyosatchilar irodasiga boʻysunmaydi, ammo Erdoʻgʻonning boshqaruvi davrida gullagan korrupsiya va qarindosh-urugʻchilik tabiiy ofat koʻlamlariga taʼsir qildi.

Oʻn minglab kishilar halok boʻldi, millionlab kishilar boshpanasiz qoldi. Soʻnggi zilzila oʻn millionlab saylovchilar yashaydigan janubi-sharqdagi 11 ta provinsiyani qamrab oldi, bu hududlar aholisi esa azaldan Erdoʻgʻonni qoʻllab kelardi.

Agar bugungi saylovlarda Erdoʻgʻon gʻalaba qozonsa, mamlakat siyosiy hayotida nimalar yuz berishini oldindan aytsa boʻladi.

Tabiiyki, u 20 yildan beri qoʻllab kelgan siyosatini davom ettiradi. Islom birdamligiomilini vaj qilib, musulmonlarning huquqlarini himoya qilishda davom etadi.

Turkiya asta-sekin NATOdan ham uzoqlasha boshlaydi. Yevropa esa — Turkiyaning eng yirik savdo hamkori ekani inobatga olinsa, ogʻir vaziyatdagi mamlakat iqtisodiyoti uchun Gʻarb bilan qarama-qarshilikni chuqurlashtirish emas, balki ularni bartaraf etish ancha muhimroqdir.

Biroq, Erdoʻgʻon saylovlarda gʻolib chiqqan taqdirda ham mamlakatni boshqarishi qiyin kechadi. Bugun prezidentlik saylovlari bilan birga parlament saylovlari ham oʻtkazilmoqda.

Erdoʻgʻonning partiyasi katta ehtimol bilan yutqazishi mumkin. Chunki, Turkiyaning 600 oʻrinli parlamentiga oʻtish uchun partiya 7 foizlik toʻsiqdan oʻta olishi lozim. Bu esa hukumatda Erdoʻgʻon tarafdorlarining kamayishiga olib keladi.

Kamol Qilichdoroʻgʻlining partiyasi koʻp yillardan buyon Turkiya Kamol Otaturk boshlab bergan yoʻldan yurishni, yaʼni dinni davlatdan ajratishni maʼqul koʻradi.

Ular bugungi saylovlarga parlament respublikasiga qaytish va prezident vakolatlarini cheklash vaʼdasi bilan keldi. Ammo buning uchun alyans parlamentdagi 600 oʻrindan 400 tasini qoʻlga kiritishi kerak boʻladi. Ijtimoiy soʻrovlar asosida esa parlament tarkibi qanday koʻrinish olishini taxmin qilish oson emas. Parlament vakolatlarining bir qismini boy berganiga qaramay, unda hamon Erdoʻgʻonning hayotini qiyinlashtirish uchun taʼsir kuchi saqlanib qolgan.

Erdoʻgʻonning taqdiri haqida bashorat qilishga urindik, biroq Qilichdoroʻgʻli gʻolib chiqsa nima boʻladi?

Qilichdoroʻgʻli prezident etib saylansa, oʻta murakkab vaziyatdagi, iqtisodiy inqiroz yoqasiga kelib qolgan mamlakatni “meros” qilib oladi. Toʻgʻri, muxolifat ushbu vaziyatni oʻzgartirish boʻyicha takliflari yozilgan 250 sahifali hujjatni eʼlon qildi. Ammo undagi koʻp bandlar kelajakni aniq bashorat qilish uchun juda mavhum koʻrinadi, ularda aniq reja va qadamlar belgilab berilmagan.

Shunga qaramasdan, Qilichdoroʻgʻlining vaʼdalari tashqaridan kuzatuvchilar uchun jozibali koʻrinadi. Uning saylovoldi dasturidagi inson huquqlari uchun kurash, korrupsiya va qarindosh-urugʻchilikka chek qoʻyish, NATO boʻyicha ittifoqchilar bilan kelishmovchiliklarni hal qilish, Erdoʻgʻon yuritgan noanʼanaviy iqtisodiy va moliyaviy siyosatdan voz kechish, siyosiy mahbuslarni ozod etish kabi moddalar Gʻarbning koʻziga “olovdek” koʻrinadi, albatta.

Xalqaro siyosatdagi tendensiyalar esa ancha aniqroq. Masalan, muxolifatdagi koalitsiya allaqachon F-35 qiruvchi samolyotlari muammosini hal etish istagida “yonmoqda”.

Erdoʻgʻon qachonlardir 100 ta jangovar samolyot sotib olishni va bu qiruvchilarni ishlab chiqaruvchi xalqaro konsorsiumning bir qismi boʻlishni xohlagan. Ammo u rossiyaliklarning S-400 zenit-raketa tizimlarini sotib olgach, konsorsiumga yetakchilik qiluvchi AQSh Anqaraga F-35 dasturida ishtirok etishga ruxsat bermadi.

Turkiya rossiyaliklarning S-400 tizimlaridan voz kechsagina, dasturga aʼzoligini tiklashi mumkin. Rossiyaning ayrim nashrlari allaqachon Qilichdoroʻgʻli S-400 tizimlarini Ukrainaga berib yuborishidan xavfsiray boshladi.

Qolaversa, muxolifat nomzodi gʻalaba qozongan taqdirda Turkiya uchun yirik savdo va investitsiya hamkor hisoblanuvchi Yevroittifoq bilan munosabatlarni yaxshilashni rejalashtirmoqda.

Lekin baribir Gʻarb bilan ayrim kelishmovchiliklar saqlanib qolishi mumkin — masalan, Suriya masalasida bir toʻxtamga kelish ehtimoldan uzoq.

Soʻnggi yillarda Erdoʻgʻon va Bashar Asad oʻrtasida haqorat va ayblovlar almashinuvi kuzatilgan, ular bir-birini terrorchi va oʻgʻri deb atashgan. Ammo buni oʻzgartirishi mumkin boʻlgan jiddiy omil bor — qochqinlar.

Turkiyada hozirda toʻrt millionga yaqin suriyalik qochqin istiqomat qiladi, Anqaradagilar esa ularni vataniga qaytarishdan mamnun boʻlgan boʻlardi. Ammo buning uchun Asad bilan muloqot qilish zarur. Qilichdoroʻgʻli esa bunday qadamni tashlashga tayyor.

Qilichdoroʻgʻli iqtidorga kelsa, Turkiyaning Rossiya bilan munosabatlarida ham oʻzgarishlar yuz berishi kutilmoqda.

Maʼlumki, Rossiya prezidenti Vladimir Putin va Rajab Erdoʻgʻon oʻrtasida hamisha iliq munosabatlar hukmron boʻlgan. 2015 yilga qadar ularni hatto “doʻstona” deb atash mumkin edi, ammo qator mojarolardan keyin ikki yetakchi oʻrtasiga sovuqchilik tushirdi: avval Turkiya Rossiya bombardimonchi samolyotini urib tushirdi, keyin Rossiyaning Anqaradagi elchisi otib oʻldirildi.

Rossiya va Turkiya Suriya va Liviyada ham oʻzaro manfaatlar toʻqnashuvi bilan bogʻliq vaziyatlarga koʻp marta duch kelishgan. Ammo bu ikki siyosatchi har doim darrov yarashib va kelishib olishgan.

Bu kabi tushunmovchiliklar hech qachon ishga xalal bermagan: Turkiya Rossiyadan S-400 zenit-raketa majmuasini sotib olgan, Turkiya oqimini ochishgan, Rossiyaning Gazprom kompaniyasi esa shu kunlarda Turkiyaning Oʻrta Yer dengizi sohillarida atom elektr stansiyasi qurilishini yakunladi.

Rossiyaga deyarli butun dunyo sanksiya qoʻllab, uni quturgan hayvon kabi ihotalab tashlaganlarida ham Putin ikki asosiy hamkori — Xitoy va Turkiya u bilan muloqot qilishda davom etdi.

Ammo Xitoy — Putin teng shartlar asosida gaplashishi mumkin boʻlgan mamlakat emas. Turkiya esa bu jihatdan “qulayroq” davlat. Hozir ham Turkiya Rossiya bilan iqtisodiy aloqalarni davom ettirmoqda, oʻz hududida gaz habi tashkil etilishi gʻoyasiga ishtiyoq bilan qaraydi.

Va, albatta, Turkiya Rossiyaga sanksiyalarni aylanib oʻtishda ham yordam bermoqda — bu esa NATO boʻyicha hamkorlarining noroziliklariga sabab boʻlmoqda.

Qilichdoroʻgʻlidan vaziyat boʻyicha qarashlarini soʻrashganida, u shunday javob qaytargan:

“Rossiya — bizning muhim qoʻshnimiz va vaziyat talab qilganda mintaqadagi hamkorlik boʻyicha sheriklarimiz. Albatta, mintaqada tinchlik va barqarorlik saqlanishi uchun birgalikda harakat qilsak ham, ayrim masalalarda turlicha qarashlarga ega boʻlishimiz mumkin. Men oʻzaro munosabatlarimizni oʻzgartirish uchun qandaydir sabab bor, deb oʻylamayman.

Boshqacha qilib aytadigan boʻlsak, Qilichdoroʻgʻli hokimiyat tepasiga kelsa, NATOga ustuvor eʼtibor qaratgan holda Rossiya bilan yaqin hamkorlikni ham saqlab qolmoqchi.

Ammo saylovga ikki kun qolganida Qilichdoroʻgʻli oʻz tvitterida rus tilida Rossiyaga murojaat qilib, turk davlatidan qoʻlini tortishga chaqirdi.

“Aziz rus doʻstlar, kecha bu mamlakatda fosh qilingan montajlar, fitnalar, Deep Fake kontenti va yozuvlari ortida siz turibsiz. 15 maydan keyin ham doʻstligimizni davom ettirmoqchi boʻlsangiz, Turk davlatidan qoʻlingizni torting. Biz hamon hamkorlik va doʻstlik tarafdorimiz, — deya yozgan nomzod.

Gap prezident Erdoʻgʻon oʻz tarafdorlariga koʻrsatgan videoyozuvlar haqida bormoqda. Videoda Kamol Qilichdoroʻgʻli barchani saylovga borishga chaqirayotgani aks etgan, bir soniya oʻtib esa kadrda terrorchi deb tan olingan Kurdiston ishchilar partiyasi yetakchisi koʻrinish beradi.

Jurnalistlar videoni tahlil qilib, yozuv haqiqiy emas, degan xulosaga kelishgan — u maxsus montaj qilingan.

Kremldagilar feykka aloqador emasligini bildirib, aksincha, “Turkiya bilan ikki tomonlama munosabatlarni juda va juda qadrlashi”ni bildirgan.

Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov “Rossiya boshqa ichki ishlariga aralashmaydi, bunday fikr bildirayotganlar esa yolgʻonchilar”, deya munosabat bildirdi.

Ekspertlarning taxminlariga koʻra, Qilichdoroʻgʻli saylangudek boʻlsa, Anqara Shvetsiyaning NATOga kirishiga toʻsqinlik koʻrsatmaydi. Shu bilan birga, Turkiya S-400 tizimlaridan voz kechsa va raketaga qarshi mudofaa arxitekturasini NATO standartlari boʻyicha quradigan boʻlsa, bu butun Yevropadagi vaziyatni jiddiy darajada oʻzgartiradi.

Birinchi navbatda Rossiya bunday oʻzgarishlarga rozi boʻlmaydi. Putinda esa kuchli taʼsir vositalari bor: gaz taʼminoti, yaqinda ochilgan Aqquyu AES, qishloq xoʻjaligi mahsulotlari importi hamda turistlar oqimi shular jumlasidandir.

Qilichdoroʻgʻli albatta hamma narsadan voz kechsa ham, AESdan voz kechgisi kelmaydi va chiqish yoʻlini topishga harakat qiladi.

Ammo Qilichdoroʻgʻli gʻalaba qozongan taqdirda, dastlabki vaqtlarda asosiy ichki muammolar bilan shugʻullanishiga toʻgʻri keladi. Erdoʻgʻon tez-tez xalqaro yutuqlar bilan oʻz reytingini koʻtarishni yoqtirardi.

Afsuski, oxirgi paytlarga kelib turklar oʻz prezidentlari jahon nashrlarining birinchi sahifalarida necha marta koʻrinish berishiga ahamiyat bermay qoʻyishdi. Xalq uchun hozirgi sharoitda eng muhim masala — zarur oziq-ovqat mahsulotlarini yana arzonroq narxlarda sotib olish imkoniyatiga ega boʻlishdir.

Bir soʻz bilan aytganda...

Bir soʻz bilan aytganda, har ikki nomzod – Erdoʻgʻonda ham, Qilichdoroʻgʻlida ham imkoniyatlar deyarli tengdek koʻrinadi. Ammo yana bir asosiy omilni avvaldan prognoz qilish qiyin – bu xalq irodasidir.

Bugungi saylovlar turk xalqi irodasini yana bir marta sinovdan oʻtkazadi. Xalqning aksariyati kelajakda qanday hayotda yashashni istasa, shu hayotni vaʼda qilgan nomzodga ovoz beradi. Turklarining baxtiga har ikki nomzod bir-biridan keskin farq qiladi, siyosiy qutblarni farqlash oson.

Hamma nomzodlari notanish va inkubatordan chiqqandek bir xil saylovlar oldida turgan xalqlardan farqli oʻlaroq, turklar nima istayotganini aniqroq ifoda eta oladi bugun.

Abulfayz SAYIDASQAROV sharhladi

© 2024 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+