Ayrim tuman va shaharlar hokimlari hayfsan oldi
Prezident ayni paytda boʻlayotgan yigʻilishda ayrim hokimlar oson yoʻlni tanlab, quyosh panellari oʻrnatish boʻyicha qoʻyilgan vazifani tayyor byudjet mablagʻlari hisobidan bajarishga oʻrganib qolganligini maʼlum qildi.

Prezident Shavkat Mirziyeyov tadbirkorlar, aholi xonadonlari va ijtimoiy obʼektlarda kichik quyosh panellari oʻrnatish boʻyicha belgilangan vazifalarni bajarishda joylardagi mutasaddilar tomonidan oqsoqlikka yoʻl qoʻyilayotganini tanqid qildi.
Jumladan, elektr energiyasi bilan uzluksiz taʼminlash maqsadida ijtimoiy soha va davlat idoralarida quyosh panellari oʻrnatish boʻyicha Samarqand, Jizzax, Buxoro viloyatlari yaxshi natija koʻrsatayotgan boʻlsa, Qoraqalpogʻiston, Toshkent shahri, Toshkent, Navoiy viloyatlari ancha orqada.
Tumanlar kesimida Sergeli, Chilonzor, Uchtepa, Nukus, Beruniy, Bekobod, Parkent, Piskent, Qiziltepa, Guliston, Sirdaryo, Arnasoy, Bagʻdod, Furqat, Termiz, Oltinkoʻlda ishlar ahvoli qoniqarli emas.
Tadbirkorlar bilan ishlash ahvoli ham birorta hududda talab darajasida emas. Ular tomonidan 790 megavatt quvvat yaratish reja qilingan boʻlsa-da, bugungi kunga qadar bor-yoʻgʻi 50 megavattli quvvatlar ishga tushgan.
Tumanlar kesimida Sayxunobod, Kogon, Jondor, Mirzaobod, Sharof Rashidov, Paxtakor, Yangiariq tumanlari, Yangiyer, Urganch shaharlari hokimlari masalaning ichiga kirmagan. Ushbu tuman va shahar hokimlariga hayfsan berilishi, ikki oyda oʻzgarish qilmasa, ishdan ketishi belgilandi.
Ayrim hokimlar oson yoʻlni tanlab, qoʻyilgan vazifani tayyor byudjet mablagʻlari hisobidan bajarishga oʻrganib qolgani koʻrsatib oʻtildi.