Kechikkan Oʻzbekiston: Jahon savdo tashkilotiga aʼzolik nega qariyb 30 yil ortga surib kelindi?

Nega 164 dan oshiq mamlakatlar aʼzo boʻlgan Jahon savdo tashkilotiga Oʻzbekiston endi qoʻshilmoqchi? Oʻtgan yillarda bu qarorga kelishi uchun qanday toʻsiqlar va muammolar bor edi? Endi nima boʻladi? Oʻzbekiston bugun qay darajada tayyor bu tashkilotga aʼzo boʻlishga? Tashkilotning talablarini bajara oladimi?

Jamiyat
10-may 2023 yil

“Xalqona” loyihasining ilk sonida ana shu kabi savollar doirasida fikrlashamiz.

Loyiha eksperti Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti loyiha rahbari, iqtisodiyot fanlari doktori Nodirjon RASULOV. Suhbatni jurnalist Karim BAHRIYeV olib bordi.

Nodirjon RASULOVning qayd etishicha, Jahon savdo tashkiloti (JST) 1994 yilda tashkil topgan. 1995 yil 1 yanvardan boshlab faoliyatini boshlagan. Ushbu tashkilotga bugungi kunda 164 dan oshiq mamlakatlar aʼzo.

Bu tashkilotning bajaradigan missiyasini oʻz nomidan ham bilishimiz mumkin, mamlakatlar oʻrtasida savdo-sotiqni tartibga solish, mamlakatlardagi xalqaro mehnat taqsimotini rivojlantirishga hissa qoʻshishdan iborat.

Qolaversa, dunyodagi mamlakatlar oʻrtasida boʻladigan savdoning shaffof boʻlishini taʼminlashga xizmat qiladi.

- Bugun ushbu masala aktual boʻlgani bilan, yaqin 25 yildan beri JSTga mamalakitimizning aʼzo boʻlishi haqidagi masala koʻtarilib keladi. Nimaga shuncha yildan beri Oʻzbekiston mazkur tashkilotga aʼzo boʻlmagan? Bunga kimlar yoki nimalar toʻsqinlik qilgan? Umuman olganda JSTga aʼzo boʻlish uchun belgilangan talablar qanday?

- Biz bu harakatni 1994 yilda boshlaganmiz. Oʻzi ushbu tashkilotga aʼzo boʻlish juda ham uzoq jarayonni bosib oʻtadi. Bu yerda asosiy manfaatdor JST emas, unga aʼzo boʻlgan mamlakat hisoblanadi.

Savdoda asosan 4 ta jihat, mahsulot, xizmatlar, ishchi kuchi hamda moliyaviy resurslar muhim sanaladi. JSTga aʼzo boʻlgan mamlakatlar eng avvalo ana shu jarayonlarda erkin harakatlanishi taʼminlangan boʻlishi lozim.

Ayrim hollarda ichki ishlab chiqaruvchi korxonalarimizni himoya qilish maqsadida, tashqaridan kelayotgan tovarlarga turli xil bojlarning belgilanishi va shunga oʻxshash jarayonlar bizda ancha choʻzilib ketishi mamlakatimizda monopol tashkilotlarning koʻpayib ketishiga sabab boʻldi.

Baʼzi korxonalarning davlat imtiyozlari evaziga faoliyat yuritishi, yoki JSTga aʼzo boʻlish shu singari ayrim korxonalarga mos kelmasligi ham ancha yildan beri bizni ushbu nufuzli tashkilotga aʼzo boʻlishimizga xalal berdi.

Yana bir jihat, bizda ushbu tashkilotga aʼzo boʻlish uchun siyosiy iroda ham yetishmadi, deb oʻylayman.

Avvalo bu tashkilotga aʼzo mamlakatlardagi korxonalar raqobatga chidamli boʻlishi, dunyo bozorida oʻzining mustahkam oʻrnini egallashi lozim.

“Oʻzbekiston havo yoʻllari, “Oʻzbekiston tyemir yoʻllari” va shunga oʻxshash bir qator korxonalar faoliyatida ham buni koʻrishimiz mumkin. Ayrim yurtdoshlarimiz chet elga aviachiptalarni Qozogʻiston yoki Qirgʻizistondan sotib olib ketishi fikrimizning isboti.

- Oʻz paytida odamning yarasiga tegdingiz. Bundan bir nech yil ilgari "Boqimanda iqtisod murgʻakligicha qoladi" deb nomlangan sarlavha ostida bir maqola yozgandim. Unda ham ayni siz sanab oʻtgan va boshqa bir qator monopol korxonalar hamda ularning atrofidagi shirkatlar faoliyati orqali davlatlarning iqtisodi sezilarli darajada oʻsmasligi keltirib oʻtilgan.

Masalan, oʻzbek xalqi Chimkentdan borib chet elga uchadi, deyilganda ham Oʻzbekiston havo yoʻllari monopol korxona boʻlgani uchun boshqa kompaniyalarni kirgani qoʻymaydi. Demakki, iqtisodni monopol ushlab turishda  mamlakat iqtisodi foyda koʻrmaydi.

Agarki biz kirish bojini 5,7,10 gacha tushirsak, balki milliardlab foyda olamiz va bu byudjetga tushadi. Eng qizigʻi, bu monopol korxonalarni prezidentimiz ham “Asakadagi zavoddan shuncha yil bir foyda koʻrmadik” deb jahl bilan tanqid qilgan.

Shu monopol korxonalarga barham berishda siyosiy iroda bormi, shuni sezasizmi? JSTga kirishda bu jihatlar inobatga olinyaptimi?

- Ayni paytda davlatimiz rahbari tomonidan JSTga tezroq kirish masalalari koʻrilyapti. Bu boʻyicha 2018 yilda Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori ham chiqib, alohida komissiya tuzildi. Yaʼni JSTga kirish talablari xususida.

2017-2021 yilda mamlakatimizni rivojlantirish Harakatlar strategiyasi qabul qilingan. Strategiyada bosqichma-bosqich monopoliyani qisqartirish, yaʼni davlatni iqtisodiyotga aralashuvini qisqartirish masalasi boʻyicha 2022-2026 yillar uchun Taraqqiyot strategiyasida 100 ta maqsad belgilangan.

100 ta maqsadda asosiy masala mamlakatimizda 2022 yil yakuni boʻyicha mamlakatimizning yalpi ichki mahsulot hajmi 80 mlrd AQSh dollaridan oshgan boʻlsa, 2026 yil yakuniga qadar bu koʻrsatkichni 100 mlrd AQSh dollariga yetkazish, eksportni esa 2022 yil yakuni boʻyicha 19 mlrd AQSh dollaridan 30 mlrd AQSh dollariga yetkazish va boshqa shu kabi raqamlar yurtimiz iqtisodiyotida sezilarli oʻzgarishlar boʻlayotganiga oddiy bir misol.

Bu kabi qator maqsadlarga erishishimiz uchun biz albatta JSTga aʼzo boʻlishimiz shart. Yuqorida aytilgan 100 ta maqsadning 97-si aynan shu JSTga kirishdir. Ayni kunlarda Prezidentimiz tomonidan JSTga tezroq kirish borasida qator ishlar amalga oshirilmoqda.

- Koʻp yillardan beri kuzatamiz: hammasi bir-biriga bogʻliq. Yaʼniki, JSTga aʼzo boʻlsak, bu nafaqat bizning narsalarimizni sotib oladi, bizga ham dunyo bozorlarini ochadi. Bizga ham bir bozor sifatida qaraydi va mahsulotlarini sotadi.

Bu talablar orasida korrupsiya haqida ham bor. Shu masala ham oʻylanyaptimi? Toʻgʻrirogʻi, korrupsiya ham tugashi kerak dunyoga aʼzo boʻlishimiz uchun. Hech kim biz bilan savdo qilmaydi, korrupsiya baland darajada tursa.

- Albatta bu birlamchi talablardan biri hisoblanadi. Shuning uchun ularning monopoliya va korrupsiyadan tashqari bir qancha sharti bor, yaʼni xufyona iqtisodiyot va kontrabanda.

Agar biz yuqoridagi monopol holatlarni davom ettirib, JSTga aʼzo boʻlmasak, xorijad keladigan tovarlarga bojlarni yuqori qiladigan boʻlsak, xohlaymizmi-xohlamaymizmi, mamlakatda kontrabanda kuchayib ketishi mumkin

Tahlil natijalariga koʻra ushbu tashkilotga aʼzo mamlakatlarda ana shu jihatlar, yaʼni xufyona iqtisodiyot, monopoliya, korrupsiya, kontrabanda bilan bogʻliq boʻlgan holatlar nisbatan ancha pasaygan.

Agarda biz bu tashkilotga aʼzo boʻladigan boʻlsak, ular juda qattiq talablar qoʻyadi va uni bajarishimizga toʻgʻri keladi. Bu yerda xalqaro tashkilotlarning hech qanday bosimi emas, balki biz JST ga aʼzo boʻlishga obʼektiv majburmiz. Nima uchun?

Bu dunyodagi geosiyosiy vaziyatdan kelib chiqib, oziq-ovqat xavfsizligi bilan bogʻliq muammolar, energetika hamda global iqlim oʻzgarishi...

- Markaziy Osiyodagi suv muammolari...

- Ha va shunga oʻxshash qator muammolarga bir qadar yechim topish uchun ham qulay yoʻl hisoblanadi. Agar qoʻshnilarimiz JSTga aʼzo boʻlgan boʻlsa-yu, biz chetda tursak, baʼzi mahsulotlarimizni eksport qilishda cheklovlarga duch kelamiz.

Mamlakatimizda koʻplab xalqaro tashkilotlarning tavsiyalarini amalga oshirish natijasida 2021 yilda JSP+ orqali Yevropa Ittifoqi bozorlariga kirish boʻyicha 6200 ga yaqin tovarlarimizni bojsiz ularning bozoriga olib kirish uchun imtiyozga ega boʻldik.

Bu mamlakatimiz 27 ga yaqin xalqaro tashkilotlarning konvensiyalarini ratifikatsiya qilish evaziga amalga oshirildi.

Qoʻshimcha tarzda aytish mumkinki, yana yurtimizda bolalar mehnati va majburiy mehnatning tugatilganligi ham bunda bizga juda qoʻl keldi. Bu misollarni Oʻzbekiston JSTga aʼzolikka qanchalik yaqin degan savolingizga javoban keltiryapman.

Aslida ham bu xalqaro tashkilotga aʼzolik uzoq vaqtni talab qiladi. Masalan, Xitoy 15 yil, Rossiya esa 19 yilda ushbu tashkilotga aʼzo boʻldi.

JSTning dastlabki talablaridan biri mamlakat qonunlarini ushbu xalqaro tashkilotlarga moslashtirish va bu qonunlarni ular tan olib, eʼtirof etishi lozim. Asosiysi, xalqaro tashkilotlar bilan kelishuvlarga erishgach, buni parlamentimiz tomonidan ratifikatsiya qilish va qonunni qabul qilish lozim. Bu tez boʻladigan narsa...

Bu borada fuqarolar ham huquqini talab qilishi lozim. Deylik, mehnatga munosib haq olish yoki JSTga kirish ham davlatning katta siyosiy irodasi. Bu singari imtiyozlarni talab qilish bevosita deputatlar orqali amalga oshiriladi.

- JSTga kirib ular bilan teng savdoga kirishish masalasi korrupsiyaga qarshi kurash, xalqaro huquqni milliy qonunchilikka implementatsiya qilish va shu bilan bir qatorda mamlakatimizda kechayotgan siyosiy, maʼmuriy islohotlar, qishloq xoʻjaligi islohotlari, deylik, yerning mulk sifatida tan olinishi muhim ahamiyatga ega.

Afsuski, mustaqillikdan keyin ham yer bu davlat mulki boʻlib keldi. Umumxalq mulki degan nom bor-u, ammo dehqon oʻzining yeriga ham egalik qilolmadi.

Xalqaro bir gap bor: yarim ikkiqat boʻlib boʻlmaydi. Yaʼni islohotlarning birini oʻtkazib, ikkinchisini oʻtkazmaslik mumkin emas.

Muayyan maʼnoda Chili davlati diktatura ostida juda katta iqtisodga erishdi. Biz ham vaqtida diktatura boʻlsa boʻlsin, biroq farovon yashaylik, degan qarash boʻlgan. Siyosiy huquq boʻlmasa ham non yetarli boʻlsa boʻldi, degan tuygʻu boʻldi. Bu shunga olib keldiki, sizda siyosiy huquq boʻlmasa, istagan fikringizni gapira olmasangiz, xalqdagi  tashabbus ham oʻldi.

Siyosiy islohot boʻlmagan joyda esa talantli, bilimli, aqlli odam emas,  sadoqatli, bilimi boʻlmasa ham oldi-berdini biladigan, korrupsiyalashgan odamlar tepaga qarab ketib qoladi, yaʼni siyosiy islohotlarning yoʻqligi iqtisod rivojiga ham salbiy taʼsir koʻrsatadi.

Yaʼni siyosiy islohotni oʻtkazmay turib, iqtisodni durust qilib boʻlmaydi. Demak, siyosiy, maʼmuriy islohotlarsiz iqtisodiy islohotlar boʻlmaydi. Jahon savdo tashkiloti ham shuning uchun shartlar qoʻyadi. Shu bois tafakkurga keldikki, bu islohotlar universal, birini birisiz qilib boʻlmaydi.

Bugungi kunda siyosiy iroda shuni namoyon etyapti. Prezidentimiz ham qatʼiy qarorni aytdi.  Jahon savdo tashkiloti ulkan Xitoydek katta mamlakatni oʻzining yoʻrigʻiga yuritdimi, demak dunyo bilan baravar boʻlishimiz uchun JST ga kirishimiz kerak.

Bu aʼzolik albatta xalqimizga juda katta foyda boʻladi. Albatta 4-5 ta monopolist, korrupsionerga zarar boʻlishi mumkin. Ammo ulardan koʻra xalqning irodasi kuchliroq. Shunday emasmi?

- Birinchidan ushbu tashkilotga kirishimiz mamlakatimiz iqtisodiyotida yangi davrni boshlab beradi.

Ikkinchidan, bizda foydalanilmayotgan juda koʻp imkoniyatlarimiz bor, ana shu imkoniyatlarimizni ishga soladi.

Uchinchidan, xalqimiz jahon bozorlarida sotilayotgan sifatli va arzon mahsulotlarni sotib olish imkoni mavjud boʻladi.

Va yana bir muhim jihat raqobat muhiti shakllanadi. Kelgusida bu orqali aholimizning turmush darajasi yanada yaxshilanishiga xizmat qiladi.

“Xalqona” loyihasi

© 2024 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+