Oʻzbekistonda yoshlar koʻproq qaysi kasb egasi boʻlmoqchiligi aniqlandi

Bugun shiddatli oʻzgarishlar jarayonida yangi sohalar, daromadli kasblar kengayib bormoqda. Ayniqsa yoshlar orasida til oʻrganish va IT texnologiyalar siri bilan “tillashish” ommalashayotganiga guvoh boʻlyapmiz. Ota-onalar ham farzandlarini kelajakda toʻgʻri tanlov qilib, zamon talabiga mos kasblarning egasi boʻlishini istashi bor gap. Maktab davridanoq bunga poydevor qoʻyishga harakat qilishadi, farzandlari aniq bir yoʻnalish, sohani mukammal egallashi uchun investitsiya kirita boshlashadi. Xoʻsh, bugun ota-onalar farzandlarining kelajakda qaysi soha egasi boʻlishiga qanchalik qiziqishadi, yoshlar uchun esa qay biri afzal?
Bu savolga javobni Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti (MHTI) mutaxassislari oʻtkazgan tadqiqot natijalardan topishga urinamiz.
Mutaxassislarning maʼlum qilishicha, farzandlar tarbiyasi va ularning kasb tanlashida ota-onalarning roli, shuningdek, buning betashvish keksalik gashtini surishdagi ahamiyatini aniqlash uchun oʻtkazilgan tadqiqotda 10 yoshdan 22 yoshgacha boʻlgan bolalarning ota-onalari ham qatnashgan.
Tadqiqotda ishtirok etgan ota-onalarning aksariyati (80,2%) farzandlarini maʼlum kasb boʻyicha yetuk mutaxassis boʻlib, elga taniladigan inson sifatida koʻrishi maʼlum boʻldi. Moddiy taʼminlanganlik va mulk egasi boʻlishi ikkinchi orzu boʻlib qolmoqda (7,9%). Shuningdek, maʼlum boʻlishicha, yoshlarda tibbiyot yoʻnalishidagi kasblarga (15,5 foiz) qiziqish katta.
Keyingi oʻrinlarni oʻqituvchi (9,7 foiz), IT mutaxassisligi (9,3 foiz), iqtisodchi (sohalar boʻyicha) (8,2 foiz), tadbirkor (7,7 foiz) kabi kasblar egallagan. Respondentlarning 2,5 foizi farzandlari kelajakdagi kasbi haqida hali qarorga kelmaganini taʼkidlagan.
Qizlar kutilganidek koʻproq shifokor (16,3 foiz) va oʻqituvchi (13,8 foiz) kasblarini tanlagan boʻlsa, oʻgʻil bolalar birinchi oʻrinda IT mutaxassisligi (18,7 foiz), keyin esa shifokor (13,7 foiz), iqtisodchi (13,2 foiz) va tadbirkor (11,2 foiz) kasblarini afzal koʻrgan.
Farzandining kasb toʻgʻrisidagi qarori qanday boʻlmasin, ota-onalarning 81,6 foizi bu qarorni bajonudil qabul qilishini, 12,7 foizi esa ushbu qarorni oʻzgartirish kerakligini iltimos qilishini aytgan.