platina.uz

Prezident muftiy Nuriddin Xoliqnazarov bilan uchrashdi

Uchrashuvda “Vaqf” xayriya jamoat fondi hisobidan yordamga muhtoj fuqarolarga 2 milliard 446 million soʻmlik xayr-ehsonlar qilingani taʼkidlandi.

Siyosat
28-aprel 2023 yil
Prezident muftiy Nuriddin Xoliqnazarov bilan uchrashdi

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Oʻzbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Nuriddin Xoliqnazarovni qabul qildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Muloqotda diniy-maʼrifiy yoʻnalishlarda, buyuk ajdodlarimiz ilmiy merosini oʻrganish va xalqimizga yetkazish borasida amalga oshirilayotgan ishlar sarhisob qilindi.

Bugungi tahlikali dunyoda xalqimiz, ayniqsa, yoshlarga islom mohiyatini toʻgʻri tushuntirib berish, jaholatga qarshi maʼrifat bilan kurashish har qachongidan dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Shu bois yurtimizda ijtimoiy-maʼnaviy muhit barqarorligini taʼminlash, diniy taʼlim sifatini yanada oshirish, ushbu yoʻnalishdagi ilgʻor xalqaro tajribani oʻrganib, yurtimizdagi diniy taʼlim muassasalari faoliyatiga tatbiq etish boʻyicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 21 martdagi qaroriga muvofiq, mamlakatimizda muborak Ramazon oyi fayzli va shukuhli oʻtdi. Insonlarni yaxshilik va mehru saxovatga, bugungi tinch va osoyishta hayotimizni qadrlashga undaydigan maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar oʻtkazildi.

Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan barcha imom-xatiblar ishtirokida mahallalardagi 1 milliondan ziyod kam taʼminlangan aholining uyida iftorliklar uyushtirildi. “Vaqf” xayriya jamoat fondi hisobidan yordamga muhtoj fuqarolarga 2 milliard 446 million soʻmlik xayru ehsonlar qilindi.

Bu yilgi Ramazon oyidagi yana bir muhim yangilik 1 ming 400 nafar kam taʼminlangan fuqarolarning davlat tomonidan umra ziyoratiga yuborilishi boʻldi. Ular muqaddas manzillarda turib, xalqimizga tinchlik, fayzu baraka tilab xayrli duolar qildilar.

Prezident jamiyatda diniy bagʻrikenglikni yanada mustahkamlash, fuqarolarning vijdon erkinligini kafolatlash boʻyicha oʻz fikrlarini bildirdi.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+