Qisqa, ammo yorqin hayot sohibi Muhammad Yusufni xotirladik

Muhammad Yusuf qalblardan joy olgan ijodkor. Uning ijodi kirib bormagan oʻzbek xonadoni topilmaydi. Shoir lirikasi yengil va xalqona boʻlganligi bois xalq qalbidan joy olgan.
Maʼlumot uchun: Muhammad Yusuf (asl ism-sharifi Yusupov Muhammadjon) 1954 yil 26 aprelda Andijon viloyatining Marhamat tumanidagi Qovunchi qishlogʻida dehqon oilasida tugʻilgan. 1998-yil Oʻzbekiston xalq shoiri unvoni bilan taqdirlangan. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi deputati lavozimida ham faoliyat yuritgan.
Muhammad Yusuf ijodi umuminsoniy qadriyatlarni ulugʻlovchi sheʼriyat hisoblanadi. Uning sheʼrlarida insoniyatga aloqadar ezgu xislatlar, savob amallar eng baland pardada kuylanadi.
Oʻzbek sheʼriyatining oʻta iqtidorli namoyandalaridan biri boʻlgan Muhammad Yusuf ijodining gullagan pallasi XX asr oxiri - XXI asr boshlariga, yaʼni Oʻzbekiston yangi mustaqilligi davriga toʻgʻri keladi. Uning qisqa, ammo yorqin hayotini Pushkinning Bayron haqidagi soʻzlari bilan izohlash mumkin: “U oʻz sheʼrlarida ixtiyorsiz tarzda sheʼriyatning zavqu shavqi ila iqrorlik bildirgan”.
Ijodining ilk yillari u kitobxonlarga oʻzining oʻzbek doʻppisi haqida sheʼri bilan tanilgan, keyin uzoq yillar davomida bu sheʼr shoirning tashrif qogʻoziga aylangan. Unda Muhammad Yusuf nima uchun oʻzbeklar doʻppi kiymay qoʻyganidan hayratlanadi.
Muhammad Yusufning hayotda omadi chopgan edi: ijodiy yoʻlining eng avvalida, taqdir uni Erkin Vohidov bilan yuzlashtirdi, u esa Muhammad Yusufning ajoyib iqtidorini sezib, uni rivojlantirishda yordam berdi.
Keyinroq shoir Abdulla Oripov bilan yaqinlashadi. Bu ikki atoqli zamondosh shoirlar Muhammad Yusufning iqtidorini toʻgʻri yoʻnaltirishdi, ularning ijodida - mavzularda, timsollarda, sheʼr ohangida oʻzaro taʼsir va oʻzaro bir-birini boyitishni payqash mumkin.
Muhammad Yusuf uchun har bir soʻz, hayotidagi har bir hodisa sheʼriyat edi. U goʻyo, osmonlarda qanot qoqayotgan qush kabi juda yengil va yorqin hayot kechirgan. Ammo shoir hayoti juda erta uzilgan. Ijodiy pallasi parvoz vaqti uzilgan... Shoir 2001 yilning 31 iyul kuni vafot etgan.
Muhammad Yusuf kabi oʻta keng qamrovli, hissiyotlari va oʻylari chuqur shoir oʻlimini bir narsagina — undan meros qolgan va shubhasiz, oʻzbek sheʼriyati rivojiga samarali taʼsir koʻrsatuvchi sheʼrlarigina yupatadi.
Muhammad Yusuf ijodidagi “Tanish teraklar” (1985), “Bulbulga bir gapim bor” (1987), “Iltijo” (1988), “Uyqudagi qiz” (1989), “Halima enam allalari” (1989), “Ishq kemasi” (1990), “Koʻnglimda bir yor” (1991), “Bevafo koʻp ekan” (1991), “Erka kiyik” (1992), “Osmonimga olib ketaman” (1998) kabi toʻplamlardan joy olgan sheʼrlarining sadoqatli muxlislarini sanab adogʻiga yetib boʻlmasa kerak.
Abbosjon IMOMOV tayyorladi