“Nol”lashtirilgan boj: qogʻozdagi arzonlashuv bozordagi narx-navolarga toʻgʻri kelyaptimi?

Nol stavkalar joriy etilgandan keyin bir qator yirik supermarketlarda oziq-ovqat mahsulotlarining narxi sezilarli darajada pasaygani maʼlum qilindi. Ammo xalqimizda "Otang bozor, onang bozor" degan naql bor. Shu sabab platina.uz poytaxtimizning bir nechta dehqon bozorlarida boʻlib, narx-navoni oʻrgandi.
Jamiyat
24-aprel 2023 yil

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 23 martdagi “Isteʼmol bozorlarida narxlar barqarorligini taʼminlashga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Farmoniga muvofiq, 36 turdagi oziq-ovqat mahsulotlarini import qilishga 2024 yilgacha bojxona bojining nol stavkasini joriy etish toʻgʻrisida qaror qabul qilindi. Ushbu farmonni global oziq-ovqat inflyatsiyasiga nisbatan puxta oʻylangan, samarali javob chorasi, deyish mumkin. Xususan, oʻsimlik yogʻi, sut va goʻsht narxlari soʻnggi 30 yil ichida, don mahsulotlari va shakarning  qiymati soʻnggi 10 yil ichida rekord darajada oʻsishi kuzatildi.
Nol stavkalar joriy etilgandan keyingi bir qator yirik supermarket rahbarlari ijtimoiy tarmoqlarda asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlarining narxi sezilarli darajada pasaygani haqida videomurojaat bilan chiqdi. Ammo xalqimizda "Otang bozor, onang bozor" degan naql bor. Shu sabab aksariyat hamyurtlarimiz kundalik ehtiyoj uchun kerak boʻladigan oziq-ovqat mahsulotlarini asosan bozorlardan xarid qilishlarini inobatga olib, poytaxtimizning bir nechta dehqon bozorlarida boʻlib, narx-navoni oʻrgandik. 
Bozor hududida tashkil etilgan arzonlashtirilgan oziq-ovqat yarmarkalari boʻlib, unda narxlar sezilarli darajada pasaygan. 

“Farhod” dehqon bozori AJ direktor oʻrinbosari Abdulaziz Shodmonovning bildirishicha, bozorlardagi 23 turdagi oziq-ovqat mahsulotlarini aholi arzon narxda sotib olyapti.

Arzonlashtirilgan yarmarkalaridan tashqari bozorning turli nuqtalarida joylashgan savdo rastalarida narxlarning oʻzaro tafovutini sezish mumkin. Toʻgʻrida, axir tadbirkor oʻzi xarid qilib olib kelgan mahsulotini oʻzi uchun qulay narxda sotishi mumkin. 

Surishtiruvimiz davomida poytaxtimizning "Eski Juva” dehqon bozorida etiborimizni tortgan eng muhim jihat pomidorning narxi 20 ming soʻm ekanligi boʻldi. Boshqa bozorlarda 35 mingdan 40 ming soʻmgacha sotuvda boʻlgan ushbu mahsulot bu yerda qariyb yarim narxda sotilmoqda. 

Biz bugun faqat poytaxtdagi 2 ta oziq-ovqat bozoridagi narxlar bilan sizni tanishtirdik. Guvoh boʻldikki, arzonlashtirilgan savdo yarmarkalarida bir qancha isteʼmol tovarlarining narxi sezilarli darajada arzon. 

Mutaxassislarning taxminlariga koʻra, narxlarning pasayishi chakana savdoda ham kuzatiladi. Bozorlarda narxlar barqarorligini taʼminlash borasida qabul qilingan farmonga muvofiq tuzilgan ishchi guruh ichki bozordagi narxlar oʻzgarishi dinamikasini monitoring qiladi va ularni barqarorlashtirish chora-tadbirlarini ishlab chiqadi. Platina.uz jamoasi bu borada oʻrganish ishlarini hali yana davom ettiradi.


 

© 2024 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+