Millionu milliard soʻmlik bayroqlarning ustunlari tillodanmi?

Navoiyda obodonlashtirish boshqarmasi 71,6 mln soʻmga bayroq sotib olgani koʻplab muhokamalarga sabab boʻlmoqda.
Jamiyat
22-aprel 2023 yil
Millionu milliard soʻmlik bayroqlarning ustunlari tillodanmi?

UzEx tenderda eʼlon qilingan maʼlumotlarga koʻra, Navoiy viloyati Qiziltepa Tuman obodonlashtirish boshqarmasi 71,6 million soʻmga Oʻzbekistonning 4 ta bayrogʻini sotib olgan. 16x8 metr hajmdagi bitta bayroqning narxi 16 million soʻmga baholangan. Tender gʻolibi sifatida “Qiziltepa Elga Servis” kompaniyasi, zaxira ijrochisi “Choʻlpon Savdo Servis” tan olingan.

Bu xabar jamoatchilik noroziligiga uchrashi tabiiy hol, albatta. Negaki davlat byudjetining bu tarzda maqsadsiz sarflanishi, korrupsion holatlarga birinchi marta duch kelmayapmiz.

2018 yilda Navoiy shahridagi Alisher Navoiy nomidagi madaniyat va istirohat bogʻi hududiga balandligi tutqichi hamda ustuni bilan birgalikda 62,5 metr, ogʻirligi 20 tonnalik ulkan bayroq ilingan. Oʻrnatish ishlariga oz emas, koʻp emas, jami 1,5 milliard soʻm mablagʻ ajratilgan.

Shundan soʻng milliardlarni bayroqbozlik uchun sarflashga raqobat boshlandi. Toshkent shahrida 65 metr, Toshkent viloyatining Toshkent tumanida 50 metr, Fargʻonada 67 metr, Andijonda 64 metr, Buxoroda 65 metr, Navoiyda 62,5 metr, Samarqandda 60 metr va Urgutda 62 metr balandlikda bayroq oʻrnatilgan.

Bayrogʻimiz gʻurur va faxrimiz timsoli, Vatanimizning beqiyos ramzi ekanligi haqiqat. Lekin masalaning yana bir tomoni — atiga 62 metr balandlikda bayroq oʻrnatish uchun shuncha mablagʻ sarflanishi toʻgʻrimi? 62 metr ustun tillodan boʻlarmikan? Yoki donasi 16 millionlik bayroqlarning qiymati nega bunchalik baland? Buning uchun mablagʻ qayerdan olinadi? Davlat byudjetidan, albatta, bu esa xalqning pulidir. Ochigʻi, byudjetning daromad qismi olis qishloqdagi odamlar hayotini yaxshilash, qancha bemorga, miskinga yordam berish qolib, bunday ishlarga sarflanishi, chindan-da, ham kulguli, ham achinarlidir.

Pulni qayerga sarflash — bu juda nozik mavzu, barcha fuqarolarning pullarini qayerga sarf qilish esa undan ham nozikroq masala. Shuning uchun ham svilizatsiyalashgan jamiyatlar davlat pullarini faqat ushbu jamiyat aʼzolari eng muhim, deb hisoblagan ehtiyojlarga sarflash kerak, degan xulosaga kelishgan. Aytaylik, men soliqlarimning jamoat istirohat bogʻlariga sarflanishi tarafdoriman, lekin kimdir davlat pullari maktablar qurilishi uchun sarflanishini xohlaydi. Jamiyat oʻz vakillarini saylash orqali pul mablagʻlarini istirohat bogʻlari va maktablar qurilishi oʻrtasida qanday taqsimlanishini hal qiladi.
Ammo byudjet taqchilligi ortib borayotgan bugungi kunda Oʻzbekiston iqtisodiyotida xarajatlar nisbatini toʻgʻri yoʻnaltirish haqida hech kim bosh qotirayotgani yoʻq. Xuddi davlat byudjeti katta bobosidan meros qolgan-u, uni xohlagancha, oʻz manfaatlari yuzasidan sarflayveradi. Hay degani xojisi boʻlmaganidan keyin, kim nimadan qoʻrqadi? Asossiz va samarasiz tikilgan pullar esa byudjet taqchilligiga olib kelaveradi.

Masalan, 2021 yilda byudjet taqchilligi 37,5 trln soʻmni (YaIM 5,4%) tashkil etgan. Toʻgʻrida, davlat byudjeti qaynar xumchamidiki, bitta tangani olsangiz, ikkitasi chiqib tursa? Biror naf keltirmagan, keraksiz forum, balanddan-baland bayroq, tadbirlarga, tonnalab oshlar, mega taomlar tayyorlashga sarflangan mablagʻlarning na bir aniq summasi bor, na siz-u bizga foydasi.

Har yili davlat byudjetining yarmidan ziyodi ijtimoiy sohalarni moliyalashtirishga sarflansa-da, sohada muammolar talaygina. Xoʻsh, nega? Mablagʻlar kerakli joyga yetib bormayotganidan, albatta.  Qurilish sohasida nimalardan noliymiz? Malakasiz ishchilar, sifatsiz materiallar, pala-partishlik, nazoratsizlik... Shu muammolarning ildiziga qaraylik. Hammasi byudjetdan pul ajratilganda boshlanadi. Shuncha muammoning ildizi boʻlgan davlat byudjetini oʻgʻirliklardan asrash va maqsadli sarflanishi, oʻz oʻrniga yetib borishi ustidan nazorat olib borish shunchalik imkonsizmi? Qolaversa, hokimlarimiz ham bunday pullarni haqiqatda muammoli sanalgan masalalarga sarflashni qachon oʻrganadi? Bu borada davlat monitoringi tizimli va qatʼiy boʻlishi, jamoatchilik nazorati kuchaytirilishi darkor.

Shahruza Saʼdullo qizi
 

© 2024 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+