platina.uz
Maqola

Ozodbek Nazarbekovning noqonuniy harakatlari (yoki harakatsizligi) maʼlum boʻldi

"Davlat fuqarolik xizmati toʻgʻrisida"gi qonunga koʻra, davlat xizmatchisi shaxsiy biznes bilan shugʻullanishi, aksiyalarga egalik qilishi mumkin emas.

Ozodbek Nazarbekovning noqonuniy harakatlari (yoki harakatsizligi) maʼlum boʻldi

media24uz telegram kanali ushbu qonundan kelib chiqib, ochiq manbalardan foydalangan holda amaldorlarning xususiy bizneslari va qaysi bizneslarda ulushlari borligini koʻrib chiqqan va surishtiruvni Madaniyat va turizm vaziri Ozodbek Nazarbekovdan boshlagan.

Qashqadaryoning Shahrisabz shahrida 16-asrga tegishli qadimiy Koba karvonsaroyi bor. U davlat mulki va madaniy meros obʼekti hisoblanadi. Bu karvonsaroy maʼlum muddatga Koba san'at majmuasi MChJga biriktirilgan.

Koba san'at majmuasi MChJ 2016 yil roʻyxatdan oʻtgan, uning taʼsischisi bitta — Ozodbek Nazarbekov. MChJ ustav fondi 404,8 mln. soʻm. MChJ ham Shahrisabzda joylashgan. Nazarbekov esa 2017 yilda amaldor sifatida ish boshlagan, yaʼni madaniyat vaziri oʻrinbosari boʻlgan.

Bundan tashqari, oʻgʻli Jaʼfarbek Nazarbekov va boshqa qarindoshlari nomida, taʼsisligida ham bir qancha MChJlar bor. Ularning bari qoʻshiqchi Ozodbek paytida ochilganini koʻrish mumkin. Ammo amaldorlikka oʻtgach, ulushlaridan voz kechib chiqib ketishi kerak edi. Hech boʻlmaganda 2022 yildagi qonun imzolangach.

Jaʼfarbek ulushi boʻlgan yana bir MChJ eʼtiborimizni tortdi: Best Organizer. Bu MChJ bir necha yil oldin tilga tushgandi. Oʻshanda "Mendirman Jaloliddin" serialini suratga olish bilan bogʻliq homiylik muammolari yuzaga chiqqan. Yaʼni Best Organizer serial uchun "Oʻzbekkino" bilan shartnoma tuzgan, keyinchalik serialni suratga olish turklarga berib yuborilgan. Best Organizer MChJga toʻlangan yarim milliard soʻm pul byudjetga qaytarilgani aytilgan.

Shuningdek, yaqinda "Zoʻr TV" telekanalida "Boriga baraka" shousi qaytadan boshlangan. Unda ishtirok etish uchun odamlar Best mahsulotlari sotib olishi va undagi kodni yuborishi kerak.

Qolaversa, Ozodbek Nazarbekovning "Zoʻr TV" bilan tinmay hamkorlikda ishlashi, efirlardan tushmay qolishi shubhalantiradi. Masalan, "Artist" loyihasi boshida ham vazir turibdi. "Mendirman Jaloliddin" serialining 2-fasli ham aynan shu telekanalda namoyish etilyapti (1-mavsumi "Milliy" TVda berilgan).

Davlat fuqarolik xizmati haqidagi qonunning 13-moddasida quyidagi cheklovlar oʻrnatilgan:

▪️oʻzaro yaqin qarindoshlikda yoki quda tomondan qarindosh boʻlgan shaxslar bilan (ota-onalar, aka-ukalar, opa-singillar, oʻgʻillar, qizlar, er-xotinlar, shuningdek er-xotinlarning ota-onalari, aka-ukalari, opa-singillari va farzandlari) aynan bitta davlat organida birga xizmat qilishi;
▪️pedagogik, ilmiy va ijodiy faoliyatdan tashqari haq toʻlanadigan boshqa faoliyat bilan shugʻullanishga;
▪️tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanishga;
▪️tadbirkorlik faoliyati subʼektlarini tashkil etishga, ularning muassisi (ishtirokchisi) boʻlishga, tadbirkorlik faoliyati subʼektida tashkiliy-boshqaruv, maʼmuriy-xoʻjalik vazifalarini bajarishga;
▪️oʻzi xizmat qilayotgan davlat organi nazorati ostidagi yoki u bilan aloqalar va manfaatlarga ega boʻlgan tashkilotlardagi ulushlarni, paylarni va aksiyalarni bevosita yoki vakillar orqali olishga;
▪️oʻz xizmat vakolatlarini jismoniy va yuridik shaxslarning manfaatlarini koʻzlab bajarish yoki bajarmaslik evaziga ulardan biron-bir mukofot, foyda yoki sovgʻalar olishga;
▪️chet davlat fuqaroligini olishga;
▪️qonunchilikda nazarda tutilmagan imtiyozlar, preferensiyalar yoki afzalliklardan oʻz xizmat mavqei bilan bogʻliq holda foydalanishga;
▪️Oʻzbekiston hududidan tashqarida hisobvaraqlar ochishga va ularga ega boʻlishga, koʻchmas mulkka va boshqa mol-mulkka egalik qilishga;
▪️oʻzining vakolatlarini siyosiy partiyalarning, boshqa jamoat birlashmalarining va ular organlarining manfaatlarini koʻzlab amalga oshirishga.

Shuningdek, tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanib kelayotgan shaxs davlat fuqarolik xizmatiga qabul qilingandan soʻng tadbirkorlik faoliyatini toʻxtatib turishi belgilangan.

Bu cheklovlarga rioya etmaganlik davlat fuqarolik xizmatchisini qonunga muvofiq intizomiy va boshqa javobgarlikka tortish uchun asos boʻladi.

Platina.uz ni ham bu masala qiziqtirib qoʻydi va Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligiga soʻrov kiritishga qaror qildi.

Tavsiya etamiz

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid