Mahalliy byudjetdan mablagʻ ajratilgani haqidagi qaror nega yashirib qoʻyildi?

Xususan, 2023 yil 15 mart kuni imzolangan 196-14-0-Q/23-sonli qarorda shahar hokimligi maʼmuriy binosini saqlash, 2023 yil uchun kommunal, internet va boshqa xarajatlarni qoplash maqsadida mahalliy byudjet zaxira mablagʻlari hisobidan 5,2 mlrd. soʻm pul ajratilgan.
Ammo bu qaror “shaxsga doir maʼlumotlar, vasiylik va homiylik yoki amaldagi qonunchilikka muvofiq boshqa turdagi foydalanishi cheklangan axborot mavjudligi tufayli” degan vaj bilan tizimda yashirib qoʻyilgan.
Lekin qaror davlat xaridlari portalidagi shartnomalarga ilova qilingan. Boshqa bir holatda esa 15 martda chiqqan bu qaror 14 fevraldagi, yaʼni roppa-rosa 1 oy avval tuzilgan shartnomaga asos qilib koʻrsatilgan.
Xoʻsh, nega mahalliy byudjet zaxira mablagʻlari hisobidan 5,2 mlrd. soʻm pul ajratilgani haqidagi qaror yashirib qoʻyildi? Bu qarorda qanday shaxsga doir maʼlumotlar, vasiylik va homiylik yoki amaldagi qonunchilikka muvofiq boshqa turdagi foydalanish cheklanishi kerak boʻlgan qanday axborot mavjud? Shu savolga javob yoʻq hozircha.
Eslatib oʻtamiz: Baxtiyor Rahmonov Toshkentga 2023 yil yanvarda vaqtincha hokim boʻlgan va mart oyida boʻshatilib, eski lavozimiga qayta tayinlangan. Uning oʻrniga Shavkat Umrzoqov vaqtincha hokim etib tayinlangan.