platina.uz
Jamiyat

Prezident farmoni bilan 2 yil avval belgilangan tartib amalda qanday ishlayapti?

2021 yilda imzolangan Prezident Farmoniga koʻra, xalq deputatlari mahalliy Kengash sessiyalarini telekanallar, shuningdek, Internet tarmogʻi orqali jonli efirga uzatishni taʼminlash belgilangan. Bu mexanizm yashirin qarorlar qabul qilinishi hamda imi-jimida byudjet mablagʻlari talon-taroj etilishining oldini olishga xizmat qilishi kerak edi. Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tahlillari esa bu talabga amalda rioya qilinmaganini koʻrsatdi.
Prezident farmoni bilan 2 yil avval belgilangan tartib amalda qanday ishlayapti?

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 16-iyundagi PF-6247-son Farmoni bilan Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar Kengashi sessiyalarini telekanallar, shuningdek, Internet tarmogʻi orqali jonli efirga uzatishni taʼminlash belgilangan.

Shunga koʻra, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi mazkur tartibning mahalliy kengashlar tomonidan 2022 yil davomida ijro etilishi holatini tahlil qildi.

Oʻrganish davomida Kengashlar tomonidan taqdim etilgan maʼlumotlarning haqqoniyligi koʻrib chiqildi. Bunda sessiyalar toʻgʻrisida eʼlon qilingan qisqa xabarlar yoki foto va videoreportajlar farmon talablari ijrosini taʼminlamaganlik sifatida baholandi. Shuningdek, masofaviy monitoring tartibida translyatsiyalarning sifati va toʻliqligi oʻrganildi.

Aniqlanishicha, 2022 yil davomida xalq deputatlari Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, viloyatlar va Toshkent shahar kengashlari tomonidan jami 245 ta sessiya oʻtkazilgan. Ulardan faqatgina 61 tasi, yaʼni 25 foizi mahalliy telekanallar yoki Internet tarmogʻi orqali jonli efirga uzatilgan.

Misol uchun, xalq deputatlari Xorazm, Jizzax, Namangan, Fargʻona viloyati va Toshkent shahar kengashlari tomonidan 2022-yil davomida oʻtkazilgan birorta sessiyalar jonli efirga uzatilmagan.

Shuningdek, oʻrganish davomida xalq deputatlari shahar va tuman Kengashlari sessiyalarining jonli efirga uzatilishi holati ham tahlil qilindi.

Aniqlanishicha, 2022-yil davomida xalq deputatlari shahar va tuman Kengashlari tomonidan Respublika boʻyicha jami 3 154 ta sessiyalari oʻtkazilgan boʻlib, ulardan faqatgina 750 tasi, yaʼni 24 foizi mahalliy telekanallar yoki Internet tarmogʻi orqali jonli efirga uzatilgan.

Jumladan, Toshkent viloyatida 13 ta (Oʻrtachirchiq, Boʻka, Yangiyoʻl, Toshkent t., Yuqorichirchiq, Oqqoʻrgʻon, Boʻstonliq, Quyichirchiq, Parkent, Angren, Chirchiq, Nurafshon, Yangiyoʻl), Andijon viloyatida 8 ta (Andijon t., Jalaquduq, Baliqchi, Qoʻrgʻontepa, Marhamat, Ulugʻnor, Asaka, Buloqboshi), Buxoro viloyatida 6 ta (Shofirkon, Kogon, Peshku, Romitan, Jondor, Gʻijduvon), Qashqadaryo viloyatida 6 ta (Shahrisabz, Dehqonobod, Muborak, Qarshi shahar, Gʻuzor, Nishon), Navoiy viloyatida 4 ta (Tomdi, Xatirchi, Konimex, Navbahor), Namangan viloyatida 4 ta (Chortoq, Chust, Kosonsoy, Uychi), Qoraqalpogʻiston Respublikasida 3 ta (Qoʻngʻirot, Beruniy, Boʻzatov), Xorazm viloyatida 3 ta (Bogʻot, Qoʻshkoʻpir, Xiva sh.), Surxondaryo viloyatida 2 ta (Denov, Sariosiyo), Samarqand viloyatida 1 ta (Qoʻshrabot) xalq deputatlari tuman va shahar Kengashlari umuman jonli translyatsiya qilmagani maʼlum boʻldi.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid