Yana bir davlat xaridida qonunbuzilish holatlari aniqlandi
“Toshkent xalqa avtomobil yo‘llaridan foydalanish uchastka boshqarmasi” unitar korxonasi buyurtmachiligida 2023 yil 31 mart kuni 2 ta lot boʻyicha oʻtkazilgan 3 mlrd 220 mln soʻmlik davlat xaridida “Davlat xaridlari toʻgʻrisida”gi qonunning 10-moddasi (raqobat va xolislik prinsipi), 14-moddasi (manfaatlar toʻqnashuvi), 46-moddasi (davlat xaridlari jarayonidagi cheklovlar) talablari buzilganligi va boshqa qonunbuzilish holatlariga yoʻl qoʻyilganligi aniqlandi.
Xususan, 2 ta lot boʻyicha xaridda ishtirok etgan 2 nafardan tadbirkorlarning hujjatlari Xarid komissiyasining kotibi foydalangan kompyuterning IP-manzili orqali elektron platformaga yuklangan.
Shuningdek, oʻtkazilgan ushbu davlat xaridida Xarid komissiya raisi va aʼzolarining ishtirokisiz, boshqa shaxs tomonidan ularning elektron raqamli imzolari orqali xarid natijalari baholanganligi va imzolanganligi maʼlum boʻldi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining xabar qilishicha, mazkur holatlar boʻyicha 2023 yil 3 aprel kuni xarid komissiyasining bayonnomasini bekor qilish toʻgʻrisida buyurtmachiga taqdimnoma kiritilgan va qonuniy chora koʻrish uchun toʻplangan hujjatlar Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentiga yuborilgan. Hamda holat boʻyicha xizmat tekshiruvi oʻtkazish uchun Avtomobil yoʻllari qoʻmitasiga soʻrovnoma kiritilgan.
Agentlikning taqdimnomasiga binoan “Toshkent xalqa avtomobil yo‘llaridan foydalanish uchastka boshqarmasi” unitar korxonasi tomonidan 2023 yil 4 aprel kuni Xarid komissiyasining bayonnomasi bekor qilindi.