Endi Namanganda voyaga yetmagan qiz zoʻrlandi

Namangan shahri Oʻzbekiston koʻchasidagi xonadonda yashovchi 1989 yilda tugʻilgan Sherzod Umarov joriy yilning 1 aprel kuni soat 23:30larda Namangan shahrining Bobur bogʻidan voyaga yetmagan qizni uyiga olib borib qoʻyishini aytib, aldab, nomaʼlum manzildagi xonadonga olib borib, zoʻrlik ishlatib nomusiga tekkan.
Sh.Umarovning jinoyatga oid harakatlari Bobur bogʻi va atrof koʻchalardagi kuzatuv kameralarida aks etgan. Shuningdek, hozirda jabrlanuvchining kiyimlari, badanidagi tan jarohatlari va zoʻrlik alomatlari yuzasidan tegishli sudga oid tibbiy ekspertizalar tayinlangan.
Holat yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi JKning 118-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan.
Jinoyat sodir etishda gumonlangan Sh.Umarovning qoʻlga olish maxsus tadbiri jarayonida oila aʼzolari tomonidan xodimlarga faol qarshilik koʻrsatilishi oqibatida gumonlanuvchi yashirinishga muvaffaq boʻlgan.
Shuningdek, Sh.Umarov joriy yilning 27 mart kuni soat 12:30 larda Namangan shahar Yoshlar majmuasi yonidagi chorrahada velosipedda xarakatlanib ketayotgan vaqtida, "VAZ-2106" rusumli avtomashinasida harakatlanib ketayotgan ikki nafar yosh yigitlarni, yoʻlini toʻsganliklarini bahona qilib, ularni urib, doʻpposlab, voqea joyidan yashiringan. Sud-tibbiyot ekspertizasining xulosasiga koʻra fuqarolarga «oʻrtacha ogʻir tan jarohati» va «yengil tan jarohati» yetkazilgan.
Mazkur holat yuzasidan ham gumonlanuvchi Sh.Umarovga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi JKning 277-moddasi 3-qismi "b" bandi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan.
Taʼkidlash joizki, 1989 yilda Namangan shahrida tugʻilgan, hozirda Namangan shahri Oʻzbekiston koʻchasi 1-oʻtish yoʻli 22 uyda yashovchi Umarov Sherzod Xusniddinovich "Epilepsiya kasalligi bilan bogʻliq shaxsiyatning chuqur buzilishi, birlamchi generalizatsiyalashgan talvasa xurujlari" tashxisi bilan Namangan viloyat ruhiy-asab kasalliklari shifoxonasi 3-majburiy davolash boʻlimida nazoratda turadi, muqaddam
- 28.12.2006 yilda JKning 277-moddasi 3-qismi "a" bandi bilan,
- 23.05.2007 yilda JKning 169-moddasi 3-qismi "a" bandi bilan,
- 10.09.2008 yilda JKning 165-moddasi 2-qismi "v" bandi, 227-moddasi 2-qismi "a" bandi bilan,
- 04.05.2013 yilda JKning 118-moddasi 2-qismi "v,g" bandi, 119-moddasi 2-qismi "v,g" bandi, 164-moddasi 3-qismi "a,v" bandi, 166-moddasi 2-qismi "v" bandi, 138-moddasi 2-qismi "a" bandi, 118-moddasi 3-qismi "a" bandi, 277-moddasi 2-qismi "v,b" bandi, 127-moddasi 2-qismi "a" bandi bilan,
- 24.04.2021 yilda JKning 104-moddasi 2-qismi "v,ye,l" bandlari bilan sudlangan.
Ichki ishlar vazirligi suratdagi fuqaro ruhiy xastaligi hamda nihoyatda tajovuzkor ekanligini inobatga olib, uni uchratgan shaxslardan ehtiyot boʻlishlarini hamda darhol 102 qisqa raqamiga yoki yaqin atrofdagi huquq tartibot organ xodimlariga xabar berishlarini soʻramoqda.