Senat fuqarolarga murojaat bilan chiqdi

«Tashabbusli byudjet»ga ovoz yigʻish uchun xodimlar majburiy jalb qilinayotgani holati oʻrganilmoqda. Bu haqda Senat axborot xizmati xabar berdi.
«Tashabbusli byudjet» loyihasi davlat byudjetining shakllanishi va hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish jarayoniga aholini faol jalb etish hamda joylardagi dolzarb muammolarni hal etishda jamoatchilik ishtirokini kengaytirish maqsadida yoʻlga qoʻyilgan.
Oʻtgan qisqa davr mobaynida ushbu loyiha doirasida joylarda koʻplab ijobiy ishlar amalga oshirilmoqda. Shu bois bugungi kunda mazkur jarayon ommalashib bormoqda.
Shu bilan birga ijtimoiy tarmoqlarda «Tashabbusli byudjet» uchun ayrim soha vakillarining ovoz yigʻish ishlariga jalb qilinganligi holatlari keng muhokama qilinmoqda.
Shu munosabat bilan mazkur masala Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish komissiyasi tomonidan atroflicha oʻrganilmoqda. Natijalari boʻyicha qoʻshimcha ravishda maʼlum qilinadi.
Majburiy tarzda biror bir mehnatga jalb etish bilan bogʻliq muammolarga duch kelgan yoki mazkur holatdan xabardor boʻlgan yurtdoshlarimizni mk@senat.uz, «1176» hamda «1092» raqamli «ishonch telefon»lariga murojaat qilishlarini soʻraymiz.
Murojaat tezkorlik bilan oʻrganilib, zarur choralar koʻriladi. Murojaatchining roziligisiz shaxsiga doir biron-bir maʼlumot oshkor qilinmasligi kafolatlanadi, — deyilari Senat xabarida.