Har toʻkisda bir ayb boʻlishi shartmi?

Ayrim avtohalokatlarga sabab boʻlayotgan “garmoshka”, “yama” yoʻllarimiz va “milliy” taʼmir haqida...

Jamiyat
9-mart 2023 yil

Mana, qahraton va anomal sovuqlarni ortda qoldirib, sabrimizni sinalgan kunlardan bahorga ham yetib keldik. Atrof-muhit goʻzallik burkanib, bayramlar bayramlarga ulanib odamlar xushkayfiyatda bahorni qarshi olishdi. Ammo har toʻkisda bir ayb, deganlaridek, ana shu quvonchlarga soya solayotgan holatlar ham yoʻq emas.

Masalan, yoʻllardagi “oʻydim-chuqur”liklar kishi tabini xira qilmoqda. Respublikaning chekka hududlarini qoʻya turing, poytaxtda ham bunday vaziyatga toʻqnash kelayotganimiz biroz oʻyga toldiradi.

Bahorning ilk kunlarida yoqqan yomgʻirlar koʻchalarimizni chuqurchalar-u, chuqurlarga toʻldi. Bu haydovchilar uchun qiyinchilik tugʻdiradi va ularni asabiylashtirishi ham tayin. Transport vositalarining texnik holati esa yomonlashib boraveradi. Eng achinarlisi ayrim avtohalokatlar esa aynan “yama”lar sababli sodir boʻladi. Bu orada esa yoʻlni taʼmirlash ishlari ham olib boriladi, albatta. Keyin esa yana yogʻingarchilik boʻladi va jarayon yana takrorlanaveradi. Hozir Toshkent shahrining Beshqayragʻoch koʻchasidan fotoreportajni sizga taqdim etamiz. Bu sizga vaziyatni yanada aniqroq tushunishga yordam beradi.

Toshkent koʻchalari

Koʻchaning ayrim qismlarida yoʻl belgilari ham qoʻyilmagan ekan.


“Yama”lar borgan sari kattalashib bormoqda. Chuqurlikda ajralib qolgan asfalt boʻlaklarini koʻrish mumkin.

Koʻchaning har ikki tomonida ham oʻrtasidan yoriqlar oʻtgan. Katta ehtimol bilan vaqt oʻtib bu yoriqlar “yama”larga aylanishi mumkin. 

Haydovchilar tilida “garmoshka” deb ataluvchi joylardan esa xavfsiz oʻtishning iloji yoʻq.


Yakuniga yetmagan taʼmirlash ishlari esa tezroq yakuniga yetadi, degan umiddamiz. Aks holda bu sunʼiy xavf vazifasini bajaraveradi.

Ayrim qismlaridagi ravonlik taʼmirlashda yaxshi natijalarga erishish mumkinligini koʻrsatadi. 

Ammo buning teskarisini ham koʻrish mumkin. Natijada yaqinda yamalgan joyni qayta taʼmirlash zaruriyati paydo boʻladi. 

Baʼzi joylarda esa “yama”lar doʻnglikchalarga aylanib qolgan. Har ikkalasi ham haydovchilarga noqulayliklar tugʻdirishi tayin.

Taʼmirlashning yana bir “milliy” usulida chuqurlik shunchaki shagʻal bilan toʻldirilgan. Bu usulning samarasizligini rasmda koʻrish va avtotransportda “Beshqayragʻoch”dan oʻtish orqali bilishingiz va tanangizda his qilishingiz mumkin.

Natijada koʻcha chetlarida shagʻal va asfalt boʻlakchalari yigʻilib qolgan.

Mazkur holatlar Beshqayragʻoch koʻchasining boshidan oxirigacha davom etadi. Unda yana xavf darajasi yuqori boʻlgan “yama”lar ham uchraydi. Umuman olganda, koʻcha umumiy va sifatli taʼmirga muhtoj.

Avvalroq esa 584 mlrd soʻm ajratiladigan yoʻllarning ahvoli nega abgorligiga MY5 telekanalining “Markaziy studiya” dasturi ham eʼtibor qaratgandi. Dastur yoʻllarimiz abgor holatga kelsa ham, taʼmirtalab boʻlsa ham negadir “Oʻzyoʻlinspeksiya” va Avtomobil yoʻllari qoʻmitasi bu ishga panja ortidan qarashini urgʻulagan. Platina.uz ham ayni shu masalada “Markaziy studiya” dasturi bilan hamfikr va tegishli inspeksiya masʼullari tilga kirishiga umid qilib qoladi. Aks holda huquqshunos va jamoatchilik faoli Kamoliddin BAHOVIDDINOVning yoʻl infratuzilmasidagi muammolar va mavjud chuqurlar goʻyoki kimlargadir kerak tuyulishi haqidagi fikrlariga ishonishga majbur boʻladi.

Bobur ShAVKATOV

© 2024 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+