platina.uz
Maqola

Qoʻshilgan qiymat soligʻi pasaytirildi, ammo narxlar kutilganidek pasaymadi. Nega?

Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti ekspertlari Oʻzbekistonda qoʻshilgan qiymat soligʻi (QQS) ning 15% dan 12% ga tushirilishi isteʼmol tovarlari narxiga qanday taʼsir koʻrsatishini oʻrgandi.
Qoʻshilgan qiymat soligʻi pasaytirildi, ammo narxlar kutilganidek pasaymadi. Nega?

Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti ekspertlari Oʻzbekistonda qoʻshilgan qiymat soligʻi (QQS) ning 15% dan 12% ga tushirilishi isteʼmol tovarlari narxiga qanday taʼsir koʻrsatishini oʻrgandi.

QQS toʻlovchisi boʻlgani va asosan rasmiy ish yurituvchi hisoblangani sababli tahlil uchun milliy supermarketlardagi narxlar asos qilib olindi. Jumladan, 97 turdagi 3754 ta isteʼmol tovarlari boʻyicha toʻrt oylik statistik maʼlumotlar data-scraping yoʻli bilan yuklab olindi. Har bir tovar turi boʻyicha dekabr va yanvar oylarida narxlar oʻrtasidagi oʻzgarish (treatment group) noyabr-dekabr va yanvar-fevral oylaridagi narxlar oʻzgarishi (control group) bilan solishtirildi.

Natijalar shuni koʻrsatadiki, QQS 15% dan 12% ga tushirilishi narxlarning tegishli ravishda tushishiga olib kelmagan. Jumladan, dekabr-yanvar oylarida narxlardagi oʻzgarish noyabr-dekabr va yanvar-fevral oylaridagi narxlar oʻzgarishiga nisbatan 0,3 foiz punktiga koʻp boʻlgan. Bu degani boshqa barcha omillarning taʼsir kuchi toʻxtatib turilgan taqdirda ham 2,6% ga (1,12/1,15*100%-100%) tushishi kerak boʻlgan narxlar 0,3% ga oshgan.

Xususan, 46 ta guruh boʻyicha 1115 ta tovar narxi oʻzgarmagan (bolalar ozuqasi, muzqaymoq, makaron, tana parvarishi mahsulotlari va b.). 20 ta guruh boʻyicha 1306 ta tovar narxi 1% gacha oshgan (shokolad, shirinlik, gigiyena mahsulotlari va b.). 12 ta guruh boʻyicha 585 ta tovar narxi 1-5%ga oshgan (kir yuvish kukunlari, meva, goʻsht mahsulotlari, sut va b.). 7 ta guruh boʻyicha 567 ta tovar narxi (1,6% gacha) pasaygan (kanselyariya tovarlari, souslar, qahva va b.).

Avvalroq PMTI ekspertlari Input-output modeli asosida iqtisodiyotning 78 ta tarmogʻi uchun QQS stavkasining 3 foiz punktiga pasaytirilishi, xarajatlarning kamayishiga va buning hisobiga iqtisodiyotning real sektorida narxlarning 0,8 foiz punktiga pasayishiga olib kelishi aniqlagan edi. Ammo, amaliyotda esa hozircha tadbirkorlar soliq boʻyicha olgan yengillikni isteʼmolchiga oʻtkazish boʻyicha qaror qabul qilmayapti.

QQSning tushirilishi narxlar darajasiga taʼsir etmaganligining asosiy sabablari qatoriga quyidagilarni kiritish mumkin:

  • Isteʼmol tovarlari bozorida xufyona iqtisodiyot ulushining kattaligi va soliqlardagi pasayishlar rasmiy ishlayotgan firmalarning nisbatan kichik miqdordagi foyda marjasi oshishiga yoʻnaltirilishi;
  • Bozorlarda tegishli ravishda raqobat muhitining shakllanib ulgurmagani;
  • Narxlarga taʼsir etuvchi boshqa asosiy omillar (dollar kursi, qayta moliyalash stavkasi, pul massasi va b.) taʼsir kuchining oshib borishi.
© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid