Avval Buxoro, endi Fargʻona...

Fargʻona viloyati IIB maʼlum qilgan voqea tafsilotlariga koʻra, viloyatning Rishton tumanida 2005 yilda tugʻilgan qiz 2023 yil 23 mart kuni tuman markaziy istirohat bogʻidagi “Piratskiy korabl” nomli attraksionda uchayotib, ehtiyotsizlik oqibatida tushib ketgan. Tan jarohati olgan 17 yoshli qiz tuman tibbiyot birlashmasining qabul boʻlimiga olib kelingan.
Mazkur holat yuzasidan shu kunning oʻzida Rishton tumani IIB tomonidan tegishli tartibda hujjatlar rasmiylashtirilgan va qizning olgan tan jarohati boʻyicha sudga oid tibbiy ekspertiza tayinlangan.
Hodisa sabablarini aniqlash, mehnatni muhofaza qilish va texnika xavfsizligi qoidalariga rioya qilingan yoki qilinmaganligini aniqlash yuzasidan Bandlik boshqarmasiga tegishli hujjatlar taqdim etilgan.
Hozirgi kunda voyaga yetmagan qiz Bagʻdod tuman tibbiyot birlashmasida shifokorlarning nazoratida davolanmoqda va ahvoli yaxshilanyapti.
“Holat yuzasidan Rishton tumani IIB tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda” deya xabar berdi Fargʻona viloyati IIB axborot xizmati.
Togʻ-kon, geologiya va sanoat xavfsizligini nazorat qilish inspeksiyasining maʼlum qilishicha, Fargʻona viloyati Rishton tumani “Ar-Roshidoniy” madaniyat va istirohat bogʻida joylashgan tadbirkor I.T ga qarashli. Nuoxush holat “Qaroqchilar kemasi” attraksionida sodir boʻlgan. Kamera tasviridan olingan malumotga koʻra, 17 yoshli fuqaro attraksionning mahkamlangan himoya zanjirini oʻz qoʻli bilan boʻshatib yuborgan. Shu sababli attraksiondan yerga qulab tushgan. Natijada baxtsiz hodisa sodir boʻlgan. Inspeksiya xodimlari tomonidan holat yuzasidan oʻtkazilgan oʻrganish natijasida “Qaroqchilar kemasi” attraksioni qoʻlbola usulda yasalgan boʻlib, 2022 yil iyulda tadbirkor tomonidan oʻzboshimchalik bilan oʻrnatilgani aniqlandi.
Mavjud talablarga koʻra attraksion maxsus ixtisoslashtirilgan tashkilot tomonidan oʻrnatilishi lozim. Shuningdek, attraksionning texnik pasporti mavjud emas, statik va dinamik sinovlardan oʻtkazilmagan, kunlik texnik nazorat, attraksion elektr jihozlarini yerga zaminlash va izolyatsiyasi qarshiligini oʻlchash, ishga tushirish va sozlash ishlari bajarilmagan. Attraksionga 2022 yil avgust oyida mavsum uchun maxsus laboratoriya tomonidan metall konstruksiyasining mustahkamligi toʻgʻrisida ijobiy xulosa berilgan boʻlsa-da, shu kungacha attraksiondan tegishli ruxsatnoma olinmasdan foydalanilgan.
“Hozirgi vaqtda tan jarohati olgan fuqaroning ahvoli qoniqarli. Ushbu holat boʻyicha huquq-tartibot organlari tekshiruv oʻtkazmoqda” deya xabar qildi inspeksiya.
Avvalroq esa Buxoroda attraksion uzilib bir oilaning 3 aʼzosi tushib ketgandi.