1,5 mlrdlik davlat xaridida 5 ta noqonuniy holat aniqlandi
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi oʻtkazgan monitoring natijasida “AVTOMAGISTRAL” unitar korxonasi buyurtmachiligida transport xizmatini koʻrsatish uchun 2023 yil 25 mart kuni oʻtkazilgan 2 ta (1,55 mlrd soʻmlik va 515 mln soʻmlik) jami 1 mlrd. 570 mln soʻmlik davlat xaridida “Davlat xaridlari toʻgʻrisida”gi qonunning 5 ta moddasi talablari buzilgani aniqlandi.
Davlat xaridlari
30-mart 2023 yil
- 10-moddasi (raqobat va xolislik prinsipi);
- 14-moddasi (manfaatlar toʻqnashuvi);
- 19-moddasi (davlat buyurtmachilari);
- 42-moddasi (ishtirokchini xarid qilish tartib-taomillarida ishtirok etishdan chetlatish shartlari);
- 46-moddasi (davlat xaridlari jarayonidagi cheklovlar).
Xususan, xarid komissiyasi tomonidan 515 mln. soʻmlik davlat xaridida ishtirok etgan talabgor va gʻolib deb topilgan “I.A.M.” MChJ taʼsischisi B.M.I ayni paytda “AVTOMAGISTRAL” UK xarid komissiyasi aʼzosi va korxona bosh muhandisi ekani eʼtiborga olinmagan va nohalol raqobatni keltirib chiqargani oʻrganilmagan, shuningdek, mazkur holat boʻyicha tanlovni oʻtkazishni vaqtinchalik bekor qilish chorasi koʻrilmagan.
Bundan tashqari, har ikki davlat xaridida ham xarid komissiyasi kotibi tomonidan foydalangan kompyuterning IP-manzili orqali xaridda ishtirok etgan tadbirkorlarning hujjatlari maxsus elektron platformaga yuklangani maʼlum boʻldi.