“Open byudjet” kampaniyasida bolalardan foydalanishni oqlab boʻlmaydi – Toshkent viloyati hokimligi

Videoda Toshkent viloyati, Oqqoʻrgʻon tumani, Bayguli MFY, 17 maktab oʻquvchilari dars oʻtmay uylariga sim karta uchun 10 ming soʻmdan 20 ming soʻmgacha pul olib kelish uchun oʻz xonadonlariga joʻnatilgani aks etgan.
Toshkent viloyati hokimligi holatni qoralab, oʻrganish ishlari boshlanganini bildirdi.
Behzod KABULOV, viloyat hokimining axborot siyosati masalalari boʻyicha maslahatchisi:
Toshkent viloyati, Oqqoʻrgʻon tumani, “Bayguli” MFYdagi 17-maktab oʻquvchilari darsga kiritilmay, sim karta sotib olish uchun 10 ming soʻmdan 20 ming soʻmgacham pul olib kelish uchun oʻz xonadonlariga joʻnatilayotganiga oid videolar tegishli tashkilotlar tomonidan oʻrganilmoqda.
Bugungi kunda keng ommalashib, xalq ovoziga aylanib borayotgan “Open byudjet” kampaniyasini bunday talqin qilish, bolalardan foydalanishni oqlab boʻlmaydi.
Vaziyat viloyat hokimining oʻrinbosari Otabek Sultonbekov tomonidan nazoratga olindi va oʻrganish boshlandi.
Toshkent viloyati hokimligi yaqin soatlarda holat boʻyicha batafsil va asoslantirilgan axborot beradi.
Eslatib oʻtamiz, “Tashabbusli byudjet”ning joriy yildagi 1-mavsumi doirasida tashabbuslarga ovoz berish jarayoni 18 martdan boshlangan va 7 aprelgacha davom etadi.
Ovoz yigʻish jarayonidagi holatlar keng muhokamalarga sabab boʻlyapti.