Bir oyda davlat xaridlariga oid jami 25 mlrd soʻmlik qonunbuzilish holatlari aniqlandi – Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi

2023 yilning fevral oyida oʻtkazilgan monitoring va tahlil natijalariga koʻra, vazirlik va idoralar tomonidan jami 4,35 trln soʻmlik 77 411 ta davlat xaridlari amalga oshirilgan.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan mazkur davrdagi davlat xaridlariga oid jami 25 mlrd soʻmlik qonunbuzilish holatlari yuzasidan buyurtmachilarga 26 ta taqdimnoma kiritilgan, shuningdek, aniqlangan holatlarga huquqiy baho berish uchun toʻplangan hujjatlar huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborilgan.
Jumladan, quyidagi qonunbuzilish holatlari aniqlangan:
“Uzbekistan Airports” AJ buyurtmachiligida 4,3 mlrd soʻmga jihozlar xarid qilish boʻyicha oʻtkazilgan davlat xaridida ishtirokchilarga raqobatni cheklovchi shartlar kiritilgan;
“Hududiy elektr tarmoqlari” AJ Xorazm hududiy filiali buyurtmachiligidagi 2,6 mlrd soʻmga “Temir-beton ustun” xarid qilish boʻyicha oʻtkazilgan davlat xaridida “Davlat xaridlari toʻgʻrisida”gi Qonun talablari buzilgan;
Toshkent viloyati Bolalar koʻp tarmoqli tibbiyot markazi buyurtmachiligidagi 796 mln soʻmga tibbiy asbob uskunalar sotib olish boʻyicha oʻtkazilgan davlat xaridida affillanganlik holatlariga baho berilmagan.
Agentlik tomonidan kiritilgan taqdimnoma va soʻrovnomalar natijasida 12 ta davlat xaridi bekor qilingan hamda 7 ta maʼmuriy ish qoʻzgʻatilgan.