"Open budget" ham noxolis tizimga aylanib bormoqda”mi?

Turli hududlarda oʻqituvchilarni "Open Budget"ga ovoz yigʻishga jalb qilish holatlari hamon kuzatilmoqda. Surxondaryo viloyati Angor tumanida ham oʻqituvchilar "Open Budget"ga ovoz yigʻishga jalb qilingani haqidagi video tarqaldi. Bosh prokuratura matbuot kotibi Xayot Shamsuddinov Platina.uz'ga ushbu holat oʻrganilayotganini maʼlum qildi.
Jamiyat
24-mart 2023 yil
"Open budget" ham noxolis tizimga aylanib bormoqda”mi?

Ijtimoiy tarmoqlarda Surxondaryo viloyati Angor tumanida oʻqituvchilar "Open Budget"ga ovoz yigʻishga jalb qilingani haqida video tarqaldi

Maʼlum qilinishicha, Angor tumani "Navshahar" maxallasida tumanning 36-maktab oʻqituvchilari bugun ish kuni boʻlishiga qaramasdan ovoz yigʻishgan. Oʻqituvchilarning aytishicha, bu boʻyicha rahbarlar topshiriq bergan. 

Bosh prokuratura matbuot kotibi Xayot Shamsuddinovning Platina.uz'ga xabar berishicha, bu holat boʻyicha Surxondaryo viloyati prokuraturasi tomonidan oʻrganish ishlari boshlangan.

Avvalroq esa jamoatchilik faoli, sobiq deputat Rasul Kusherbayev ham Namangan viloyatining Uychi tumanida oʻqituvchilar "Open budget"ga ovoz yigʻishga majburlanayotgani haqida maʼlum qilgandi. 

“Biz oʻqituvchilar Namangan viloyati, Uychi tumanidan murojaat qilyapmiz. 
Bugun ish kunimiz ishga chiqdik. Ammo lekin direktorimiz "Open budjet" ga 100 tadan ovoz yigʻasan, deb hammani koʻchaga haydagan. 
Yoshimiz 50 dan oʻtganda koʻchama-koʻcha yurib, ovoz yigʻayapmiz. 

Ming laʼnat shu "Open budjet"iga. Yana oʻqituvchi sarson. Qachongacha bunday nohaqliklarga chidash mumkin? 
Uychi tumanida barcha maktablarda shu ahvol. Iltimos, sizdan shu narsaga oydinlik kiritishda amaliy yordam bering” deyiladi oʻqituvchilar nomidan yoʻllangan murojaatda.

Shuningdek, Andijonning Andijon, Shahrixon, Oltinkoʻl, Fargʻonaning Rishton, Quva tumanlari, Namangan shahridan ham xuddi shunday murojaatlar boʻlganini qayd etgan Rasul Kusherbayev. 

“Barchasida bitta masala: direktorimiz ovoz yigʻishga majburlayapti. Bunga haqqi bormi? Bu majburiy mehnat emasmi? "Open budget" ham noxolis tizimga aylanib bormoqda” deb yozgan u mazkur masaladagi murojaatlarga munosabat bildirarkan. Shuningdek, Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi hududlardagi boshqarmalariga oʻqituvchilarni bunga majburlamaslik masalasida alohida koʻrsatma yuborib, majburlayotgan maktab rahbarlariga chora koʻrishni boshlamasa boʻlmasligini taʼkidlagan.

Maktabgacha va maktab taʼlimi vaziri Hilola UMAROVA ham ayni paytdagi muhim masalaga eʼtibor qaratib, quyidagicha munosabat bildirgan:

“Maʼlumki, 2021 yilda tajriba tariqasida boshlangan “Tashabbusli byudjet” loyihasi oʻtgan 2 yil davomida xalqimiz tomonidan iliq qabul qilindi. Bugungi kunda yurtdoshlarimiz oʻz hududidagi hal etilishi lozim boʻlgan qator masalalarni “Open budget” portaliga joylab, ovoz yigʻish orqali ushbu tashabbusda gʻolib boʻlish uchun harakat qilishmoqda. 

Ushbu portalga joylanayotgan ijtimoiy loyihalar orasida maktabgacha va maktab taʼlimi muassasalarini taʼmirlash ishlari ham yetakchilik qiladi. Albatta, ushbu jarayonda oʻqituvchilar, oʻquvchilar hatto ota-onalar ham tashabbus koʻrsatib, oʻzlari mehnat qilayotgan, taʼlim olayotgan yoki farzandlari tahsil olayotgan taʼlim dargohini obod qilish uchun ovoz berishda shaxsiy tashabbus koʻrsatmoqda.

Biroq ijtimoiy tarmoqlar orqali joylarda baʼzi oʻqituvchilarga ushbu loyihada ovoz yigʻish uchun majburiy topshiriq berilayotgani, topshiriqni bajarishga beyeʼtibor qarayotgan oʻqituvchilarga kerakli chora koʻrish bilan tahdid qilinayotganligi toʻgʻrisida xabarlar tarqalib, ular Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi tomonidan jiddiy oʻrganilmoqda.
Ayni vaqtda “Vazirga murojaat” portaliga oʻqituvchilardan ushbu mazmundagi murojaatlar kelib tushmagan”.

Shuningdek, vazir Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 14-avgustdagi tegishli qaroriga koʻra, pedagoglarni xizmat majburiyati bilan bogʻliq boʻlmagan ishlarga jalb qilish taqiqlanishini alohida eslatib oʻtgan.

Yana agar taʼlim maskanda oʻqituvchilarni ushbu loyiha doirasida majburiy ovoz yigʻishga jalb etish holatlari kuzatilsa, vazirlikning Ishonch telefoni 71-202-09-09 ga qoʻngʻiroq qilishni soʻragan Hilola UMAROVA.

“Sizning murojaatingiz asosida ushbu yoʻnalishda qonun buzilish holati aniqlansa, tegishli masʼul xodimlarga zarur taʼsir choralari koʻriladi. “Tashabbusli byudjet” loyihasi faqat tashabbusga asoslanadi, bunda hech kimni majburlashga yoʻl qoʻyilmaydi!” degan vazir.

Darvoqe, Maktabgacha va maktab taʼlimi vaziri eslatganidek, yaqinda Oliy Majlis Senati tomonidan “Pedagog xodimlarning xizmat vazifalarini bajarishiga toʻsqinlik qilganlik uchun javobgarlik kuchaytirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga hamda Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksiga qoʻshimcha va oʻzgartishlar kiritish haqida”gi Qonun maʼqullandi.

Unda oʻqituvchilarni majburiy mehnatga jalb etganlik uchun jinoiy javobgarlikkacha boʻlgan jazo nazarda tutilmoqda. Yaʼni pedagog xodimni mehnatga maʼmuriy tarzda majburlaganlik uchun bazaviy hisoblash miqdorining bir yuz ellik baravaridan ikki yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yilgacha muayyan huquqdan mahrum qilish yohud uch yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanishi belgilanmoqda.
Shuningdek, pedagog xodimlarni mehnatga maʼmuriy tarzda majburlaganlik uchun maʼmuriy jazo qoʻllanilganidan keyin xuddi shunday qilmishni takroran sodir etganlik uchun jinoiy javobgarlikni nazarda tutuvchi norma Jinoyat kodeksiga kiritilmoqda.

“Shunday ekan, oʻqituvchilarimizning kasbiy huquqlari Davlatimiz nazoratida, ularni majburiy mehnatga jalb qilishga yoʻl qoʻyilmasligini unutmasligingizni soʻraymiz” vazir munosabati soʻngida.

Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi vaziyatni oʻrganishi haqida maʼlum qildi. Iqtisodiyot va moliya vazirligi esa bu boʻyicha prokuratura munosabat bildirishi kerakligini bildirdi. Bosh prokuratura ovoz berish bilan bogʻliq noqonuniy holatlarga qanday munosabat bildiradi?

Bosh prokuratura: “Murojaat qilinsa, oʻrganib chiqiladi va holatga huquqiy baho beriladi”

Xayot ShAMSUTDINOV, Bosh prokuratura matbuot kotibi:

– Oʻqituvchilar ovoz berishga majburlanayotganligi haqida vazirlikdan xat yoki oʻqituvchilarni oʻzidan shikoyat kelib tushsa, albatta koʻrib chiqiladi. Agar shunday holat kuzatilsa, nafaqat Bosh prokuratura, balki hududiy prokuraturalarga murojaat qilinsa, oʻrganib chiqiladi va holatga huquqiy baho beriladi.

© 2024 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+