Bugun qaysi kitobni oʻqishyapti?

Internetning turmush tarzimizga jadallik bilan kirib kelishi, istaymizmi-yoʻqmi, kitob oʻqish jarayoniga oʻz taʼsirini oʻtkazmay qolmayapti. Lekin bu, odamlar kitob oʻqishdan toʻxtadilar, kitob oʻqimay qoʻydilar, deganimi?
Jamiyat
16-mart 2023 yil

Hozir ham odamlar yaxshi kitoblarni topib oʻqiyapti. Hali ham oramizda kitobni sevadigan, kitobni qadrlaydigan, kitobni oʻziga oshno tutadiganlar yoʻq emas. Toʻgʻri, bugungi kunda oldi-qochdi, sayoz detektivlar, bir marta oʻqishga zoʻrgʻa yaraydigan kitoblarning koʻpayib ketayotganligi ham oʻquvchini kitobxonlikdan bir oz qaytarishga sabab boʻlmoqda. 
Xoʻsh, bugun odamlarning kitob mutolasiga munosabati qanday? 
Shu savol bilan oʻtkazgan soʻrovnomamizning natijalarini qoniqarli, deb boʻlmaydi. Ammo hali kitob mutolaasiga oshuftalar, oz boʻlsa-da, borligi quvonarli.
Soʻrovimiz davomida kattalar “Ming bir kecha”, “Mehrobdan chayon”, “Shaytanat” kabi asarlarni eʼtirof etgan boʻlsa, yoshlar orasida “Odam boʻlish qiyin”, “Savdogarlar ustozi”, Stiv Jobs muallifligidagi kitoblarni oʻqiyotganlarni uchratdik.
Oʻtkir Hoshimovning “Dunyoning ishlari”ni oʻqiyotgan oʻsmirlarning borligi esa bugun kitob mutolaasiga odamlarni qaytarish uchun qanday asarlar kerakligi haqida xulosa qilishimizga yetarli, bizningcha.
Dunyoda shunday kitoblar borki, insoniyat bu kitoblarsiz yashay olmaydi. Dunyoda shunday asarlar borki, bu insoniyatning maʼnaviy quyoshi boʻlib abadiy porlab turadi. 
Bugun har bir insonni ayniqsa yoshlarning kitobga mehr qoʻyishi, koʻproq mutolaa qilishi uchun imkoniyat juda koʻp. Bu borada respublikamizda bir necha yildan beri anʼanaviy tarzda oʻtkazib kelinayotgan “Yosh kitobxon”, “Yosh kitobxon oila” tanlovlari fikrimizning isbotidir.

Aziz kuzatuvchi shu topda oʻz-oʻzingizni soʻroq qilishning ayni vaqti. Oʻylab koʻring-chi, oxirgi marotaba qachon, qaysi kitobni oʻqidingiz?

Abbos IMOMOV
 

© 2024 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+