platina.uz

“Afsona” – siz kutmagan, ammo koʻrishni istagan serial

Inson bu dunyoga bir xil — begunoh, aybsiz, farishtasifat goʻdak qiyofasida keladi. Taqdir, hayot uni yo yaxshi, yoki yomon, yo rahmdil, yoki beshafqat shaxsga aylantiradi. Ammo oʻzgarmas bir haqiqat bor — har bir yurak, har bir qalb oʻz haqiqatiga ega. “Afsona” ana shunday achchiq, alamli va oʻz navbatida baxtli haqiqatlar haqidagi serialligini taʼkidlayapti ijodkorlar.
Maqola
16-mart 2023 yil


Ijodiy guruh

“Afsona” seriali Shohruh Hojimurodov prodyuserligida suratga olinyapti. Operator va rejissyor esa Izzat Qalandarov hisoblanadi. Bunga qadar “Qora ilon” kabi bir nechta filmlari bilan tomoshabin qalbini zabt etgan Izzat Qalandarov “Oriyat”, “Ona zamin” kabi seriallarni ham suratga olishga ulgurdi. Ayni damda esa “Afsona” seriali bilan band.
Izzat Qalandarov serialni suratga olish ishlariga nafaqat rejissyor, balki operator sifatida ham yondashmoqda. Shuning uchun ham har bir kadr, har bir syujet, har bir dialog va hatto dialogdagi har bir soʻzga ham eʼtibor qaratmoqda. Qaysidir bir kadrdan birozgina boʻlsa ham koʻngli toʻlmasa, oʻsha kadr ustida qayta ishlashdan erinmaydi. Aktyorlarning holati, yuz mimikalari, xatti-harakatlariga sinchkovlik bilan eʼtibor qaratyapti. Izzat Qalandarov suratga olish maydonida bir gapni qayta-qayta takrorlaydi: “Biz tomoshabinga sifatli asar yetkazib berishimiz kerak. Agar ular serialni shunchaki odatiy tarzda koʻrib ketsa, bu bilan hech narsa yutmaymiz. Serialimiz boshqa seriallarga oʻxshab qolmasligi lozim. “Afsona” har birimizni oʻzbek kinosida chinakam afsonaga aylantirishi kerak”.
“Afsona” serialida har bir qahramon, har bir xarakterga alohida yondashilgan. Bunda bugunga qadar bir qator kino va seriallarda ishlagan operator Jasur Pirnazarovning ham mehnati alohida oʻrin tutmoqda. Operator har bir kadr ustida alohida ishlamoqda va bu oʻz samarasini beryapti. “Afsona” serialidagi kadrlarda oʻzgachalik, tomoshabinga yangilik beradigan jihatlarga eʼtibor qaratilyapti, natijada boshqa seriallarni takrorlamaydigan va ulardan ajralib turadigan yangi bir asar yuzaga kelmoqda.
Bu hayotda mutlaq yaxshi yoki mutlaq yomon inson yoʻq. Har kimning oʻz haqiqati bor. “Afsona” seriali ssenariysini yozayotgan Nizomjon Islomov ana shu hayotiy haqiqatga tayanmoqda. U qahramonlar imkon qadar hayotiy boʻlishi, tomoshabinda ishonchsizlik uygʻotmasligi uchun har bir obrazni hayotdan olgan. Yaʼni serialdagi har bir obrazning hayotda oʻz prototipi bor. Shunchaki toʻqib chiqarilmagan.
Nizomjon Islomov “Oriyat”, “Ifora” kabi seriallar va bir nechta novellalar muallifi hisoblanadi. U “Afsona” seriali voqealari rivojiga oʻzgacha yondashmoqda. Tomoshabin uchun kutilmagan, esda qolarli va albatta ibratli voqealar topish ustida tinimsiz izlanmoqda.

Aktyorlar jamoasi
“Afsona” serialining asosiy yutuqlaridan biri — aktyorlar jamoasidir. Behzod Muhammadkarimov, Tohir Saidov, Zuhra Ashurova, Saida Rametova va boshqa bir qancha ustoz aktyor va aktrisalar serialga jalb qilingan. Eng muhimi, “Afsona”da bu aktyorlar umuman boshqacha qiyofada gavdalanadi. Masalan, Behzod Muhammadkarimov “Qodirxon” va boshqa seriallaridagi rollaridan mutlaqo farq qiladigan obrazni gavdalantirgan. Tohir Saidovning ijrosi ham boshqa obrazlariga umuman oʻxshamaydi. Bu ijodiy jamoa tomonidan atayin tanlangan usul. Negaki tomoshabinga umuman Behzod Muhammadkarimovning ham, Tohir Saidovning ham yangicha, oʻzgacha qiyofasini koʻrsatish maqsad qilingan. Bu ham serial uchun, ham aktyorlar uchun ijobiy holatdir.
Shuningdek, “Afsona” serialida Husan Joʻrayev, Shahnoza Hojimurodova, Kamol Bobonazarov, Sherzod Abduvaliyev, Mavluda Hikmatova, Sabina Muratova, Mirzohid Rahimov, Oʻtkir Mengliyev kabi kino va teatr aktyorlari ham rol ijro etmoqda. Bunda ham aktyorlarga boshqa kartinalardagi xarakterlaridan farqli obrazlar yaratish imkoni berilmoqda. Xususan, ayni damda seriallarda va kinolarda rol ijro etayotgan Kamol Bobonazarov, Sabina Muratova, Mirzohid Rahimov, Mavluda Hikmatova kabi ijodkorlar mutlaqo yangi obrazda namoyon boʻlishmoqda.

Serial haqida
“Afsona” serialida hech qachon eskirmaydigan tuygʻular, muammolar qamrab olingan. Insonning qalbini har koʻyga soladigan sof tuygʻular tarannumi, oilaviy qadriyatlar, aka-uka munosabatlari, hasad, gʻarazgoʻylik, xiyonat... Bular vaqt va zamon tanlamaydigan mavzulardir. Bu shuni anglatadiki, “Afsona” seriali nafaqat bugun, balki bundan oʻn yoki ellik yil keyingi tomoshabinni ham aslo befarq qoldirmaydi.
Bu dunyoda mol-dunyoga sotilmaydigan tuygʻular bor. Bular inson qadri, qarindoshlik, jon-jigarlik rishtalari, insoniylik. Bordiyu bu kabi tuygʻular narxlansa, oqibati yaxshilik bilan yakun topmaydi. Agar insonning qalbini, yuragini yovuz tuygʻular zabt etsa va vaqtida toʻgʻri yoʻlga qaytmasa, oqibati yomonlik bilan tugashi tayin.
“Afsona” serialidagi qahramonlar doim ikki oʻt orasida yonishga mahkum. Qahramonlar mol-dunyo va aka-ukalik, sevgi va oila, ishq va qarzdorlik burchi oʻrtasida, qay birini tanlashni bilolmay, doim kurashishga, jabr chekishga mahkum. Qarshisidagi olov kuydirishini biladi, ammo ortga ham qaytolmaydi. Oldinga borishdan boshqa chorasi yoʻq, xoʻsh, keyin-chi? Oʻzini bila turib chohga otayotgan yoki dunyosidan voz kechib, sevgisini tanlashga qaror qilgan insonning qismati nima kechadi? Insonning qadrini poymol qilganlarni qanday qismat kutadi? Sevgisi yoʻlida har qanday qabih ishga tayyor turgan yigit muhabbatiga erishishga loyiqmi? U baxtga munosibmi? “Afsona” seriali yakunga qadar tomoshabinni shu va boshqa javobi mushkul savollarga mahkum qiladi. Yakun esa tomoshabin kutmagan, ammo adolatli.
“Afsona” seriali oʻzida bir qancha janrlarni qamrab olgan. Bugungi kun oʻzbek kinosiga oʻzgacha nafas, oʻzgacha yoʻnalish bilan kirib kelayotgan serial, deya bemalol ayta olamiz. “Afsona” siz kutmagan, ammo siz koʻrishni istagan serial.

© 2024 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+